Ommon shohi Naxosh Giladdagi Yobosh shahriga kelib, u yerni qamal qildi. Hamma Yoboshliklar Naxoshga:— Biz sen bilan sulh tuzib, senga itoat etamiz, — deyishdi. Ommon shohi Naxosh:— Faqat bir shart bilan sulh tuzaman, — dedi. — Har biringizning oʻng koʻzingizni oʻyib olaman–da, butun Isroil xalqini badnom qilaman. Yobosh shahrining oqsoqollari Naxoshga shunday deyishdi:— Bizga yetti kun muhlat ber, Isroilning hamma hududiga xabarchilar joʻnataylik. Agar bizga najot beradigan kimsa chiqmasa, senga taslim boʻlamiz.Xabarchilar Shoul yashaydigan Givo shahriga kelib, boʻlayotgan voqealarni xalqqa bildirishdi. Hammasi yigʻi–sigʻi qilib, dod–faryod soldi. Xuddi shu payt Shoul hoʻkizlarini oldiga solib daladan qaytayotgan edi. Shoul:— Odamlarga nima boʻldi? Nega bunchalik yigʻlaydi? — deb soʻradi.Yoboshliklarning joʻnatgan xabarini unga aytib berishdi. Shoul bu gaplarni eshitgan zahoti, Xudoning Ruhi uni qamrab oldi. Shoul qattiq gʻazablandi. Bir juft hoʻkizni soʻyib, nimtaladi. Xabarchilar orqali Isroilning hamma tomoniga oʻsha nimtalangan boʻlaklarni joʻnatib, shunday dedi: “Kimki Shoul bilan Shomuilning orqasidan ergashmasa, oʻsha odamning hoʻkizlari ham xuddi shu ahvolga tushadi.”Odamlar Egamizdan qoʻrqqanidan zir titrab, bir yoqadan bosh chiqarib yoʻlga tushdi. Shoul ularni Bazax shahrida yigʻdi. U yerga kelgan Yoboshlik xabarchilarga shunday deyishdi:— Giladdagi Yobosh aholisiga, ertaga peshingacha najot topasizlar, deb aytinglar.Xabarchilar borib, bu gapni yetkazishdi. Yoboshliklar quvonib ketishdi. Naxoshga esa:— Ertaga sizga taslim boʻlamiz, bizga nimani lozim koʻrsangiz, shuni qilavering, — deyishdi.Ertasi kuni Shoul odamlarni uch qismga boʻldi. Ular tong payti Ommon lashkarining qarorgohiga bostirib kirishdi. Kunning jazirama issigʻi boshlanguncha, ularni magʻlub qilib boʻlishdi. Omon qolganlari shunday tirqirab qochdiki, hatto biron joyda ikki kishi toʻplanganini uchratib boʻlmasdi.
Shunday qilib, butun xalq Gilgalga bordi va Egamiz huzurida Shoulning shohligini tasdiqladi. Oʻsha yerda — Egamizning huzurida tinchlik qurbonliklari keltirishdi. Shoul va butun Isroil xalqi rosa xursandchilik qilishdi.
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев