Benyamin qabilasida Kish degan bir odam bor edi. Kish — Abilning oʻgʻli, Abil — Zarorning oʻgʻli edi. Zaror — Baxuratning, Baxurat — Ofiyoxning oʻgʻli edi. Benyamin qabilasidan boʻlgan Kish ancha obroʻli odam edi. Uning Shoul degan yosh, chiroyli bir oʻgʻli bor edi. Isroil xalqi orasida Shouldan chiroyli odam yoʻq edi. Har qanday odamning boʻyi uning yelkasidan kelardi. Bir kuni Kishning eshaklari yoʻqolib qoldi. Kish oʻgʻli Shoulga:— Xizmatkorlardan birini yoningga olgin–da, borib, eshaklarni topib kel, — dedi.Shoul Efrayim qirlarini, soʻng Sholisho yerlarini aylanib chiqdi. Ammo eshaklarni topa olmadi. Keyin Shalim yerlariga oʻtdi, eshaklar u yerda ham yoʻq ekan. Soʻngra Benyamin hududini kezib chiqdi, eshaklarni u yerdan ham topa olmadi.
— Endi bunday qilsak, — dedi xizmatkori, — shu shaharda bir paygʻambar bor, u obroʻli odam. Hamma aytganlari vojib boʻladi. Oʻsha odamnikiga borsak, balki boradigan yoʻlimizni u bizga koʻrsatar.
Shoul xizmatkoriga:— Maʼqul, qani, ketdik, — dedi. Shunday qilib, ular paygʻambar yashaydigan shaharga joʻnadilar.
Shoul bilan xizmatkori shaharga kelishdi. Shaharga kirganlarida, sajdagohga chiqishga taraddud koʻrayotgan Shomuil ular tomonga kelayotgan ekan. Shoul kelmasdan bir kun oldin, Egamiz Shomuilga shuni ayon qilgan edi: “Ertaga shu vaqtda sening oldingga Benyamin yurtidan bittasini yuboraman. Uning boshiga moy surtib tanla. U xalqim Isroilning hukmdori boʻlsin. Xalqimni Filistlar qoʻlidan u qutqaradi. Xalqimning ahvoliga nazar soldim, ularning ohu figʻoni Menga yetib keldi.” Shomuil Shoulni koʻrgach, Egamiz unga: “Ana Men senga aytgan odam, Mening xalqimga u rahnamolik qiladi”, — dedi.
— Valiy menman, — dedi Shomuil. — Mendan oldin sajdagohga chiq. Bugun men bilan birga taom yeysizlar. Ertaga ertalab dilingdagi hamma narsani senga aytib, keyin oʻzim kuzatib qoʻyaman. Isroil xalqining umidi sendan va sening xonadoningdan ekanini oʻzing bilishing zarur. Uch kun oldin yoʻqolgan eshaklaring uchun qaygʻurma. Ular topildi.
Oshpaz oʻng son goʻshtini olib kelib, Shoulning oldiga qoʻydi.— Mana, sen uchun ajratib qoʻyilgan ulush, marhamat, yegin! — dedi Shomuil. — Bu ulushni belgilangan kunda oʻzim chaqirgan xalqim bilan birga yeysan, deb senga saqlab qoʻygan edim.Oʻsha kuni Shoul Shomuil bilan taom yedi. Soʻngra ular sajdagohdan shaharga tushishdi. Shomuil uyining tomida Shoul bilan suhbatlashdi.
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев