Alloh Qur'oni Karimning Baqara surasi 183-184-oyatlarida shunday marhamat qiladi: “Ey iymon keltirganlar, taqvoli kishilar bo‘lishingiz uchun sizlardan oldin o‘tganlarga farz qilingani kabi sizlarga ham sanoqli kunlarda ro‘za tutish farz qilindi. Endi sizlardan biror kishi kasal yoki musofir bo‘lsa, u holda (ro‘za tutolmagan kunlarining) sanog‘ini boshqa kunlarda tutadi”.
Oyatning so‘zlariga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, Ramazon oyidagi kunlar sanoqli, chegaralangan. Bundan kelib chiqadiki, mana shu kunlarda har bir inson yaxshi amalda bo‘lishi, qalbini poklashi va qilgan gunohlari uchun tavba etishi zarur. Chunki ushbu muborak oyning kunlari sanoqli, uning har bir kuniga yog‘diriladigan baraka, yaxshilik va omonlik doimiy emas.
"Bahjatul anvar" kitobida quyidagicha naql keladi: Ro‘zani o‘ttiz kun qilib belgilanishidagi hikmat shuki, aytishlaricha otamiz Odam jannatda o‘zlariga man qilingan daraxt mevasidan yeb qo‘ygach, u yemish o‘ttiz kun qorinlarida qoldi. So‘ngra Allohga tavba qildilar. Shunda Alloh unga o‘ttiz kecha-kunduz ro‘za tutishni buyurdi. Chunki dunyoning lazzati to‘rttadir. Birinchisi yeyish. Ikkinchisi ichish. Uchinchisi jimo'. To‘rtinchisi uyqu. Bu lazzatlar bandani Allohdan to‘suvchidir. Alloh taolo Hazrati Muhammadga (sollallohu alayhi vasallam) va u zotning ummatlariga fazl-karami bilan faqat kunduz kuni ro‘za tutishni farz qilib, kechqurunda yeb-ichishga ruxsat berdi.
Shu sababdan inson Ramazon oyida o‘zi uchun, oxirati uchun zarur bo‘lgan foydalarni bilib olishi kerak. Aslini olganda ushbu oyda olinadigan foydalar juda ko‘p, chunki Yaratganning o‘zi bu oyda qilingan har bir yaxshi amalga ming savob qo‘shib yozadi. Quyida keltiriladigan foydalar esa ana shularning eng a'losi va e'tibor qaratiladigan tavsiyalardir.
1. Gunohlarning mag‘firat qilinishi
Inson bolasi bor-ki, bilib yoki bilmasdan gunohga qo‘l uradi. Ammo barcha ham bu qilgan ishiga astoydil tavba qilmaydi. Ko‘ngli g‘ash bo‘lsada, yana o‘z hayoti yo‘lida davom etib ketaveradi. Ramazonning eng katta foydalaridan biri – shu oyda astoydil tavba qilishdir. Chunki "Zubdatul voiziyn" kitobida quyidagi hadis keltiriladi: Abu Hurayra (r.a.) Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qilgan hadisda aytilganki: “Kim Ramazon oyi ro‘zasini iymon va ixlos bilan tutsa, uning oldingi gunohlari kechiriladi”. Demak bu juda katta imkoniyat, ana shu imkoniyatdan foydalanib ham gunohlardan poklanish, ham savobga ega bo‘lish mumkin.
2. Allohning o‘zidan mukofot olish
Bu dunyoda qilingan har bir yaxshi niyat, yaxshi amal uchun oxiratda bandasi mukofotlanadi. Qilgan yaxshiligiga ko‘ra, unga ajr beriladi. Ammo ro‘zadorning mukofotini Allohning o‘zi beradi. Tasavvur qilish uchun aytish mumkinki, bu huddi hayotiy dunyoda mamlakat podshohining shaxsan o‘zidan mukofot olgandek. Qiyomatda butun insoniyat ichida Allohning shaxsan o‘zidan mukofot qabul qilish bandaning saodatidan nishonadir. Buning uchun ixlos va iymon bilan ro‘za tutish zarur bo‘ladi. Shuning uchun ham ro‘za banda va Rabbining o‘rtasidagi xos ibodat deb aytilgan. Alloh taolo ro‘zaga ajr berish yolg‘iz o‘ziga taalluqli ekanini aytdi, ya'ni: "Ro‘za Mening uchundir. Mukofotini o‘zim beraman", dedi.
Abul Hasan: “Mukofotini o‘zim beraman”, degan so‘zga sharh aytib shunday dedilar: “Har bir toatning mukofoti jannatdir, ro‘zaning mukofoti esa, Allohning o‘ziga yo‘liqish, Allohga nazar solish va Allohning unga nazar qilishi hamda U bilan elchi va tarjimonsiz gaplashishdir...”, deganlar.
3. Duolarning qabul bo‘lishi
Duo – Alloh tomonidan bandalariga berilgan ulug‘ ne'matdir. Ulamolarning aytishiga qaraganda, inson taqdirini duodan boshqa hech narsa o‘zgartira olmaydi. Shu sabab yoshi ulug‘larimizdan, masjiddagi jamoatdan doimo duo olishga intilib kelamiz. Chunki kimning duosi qabul bo‘lishini Yaratgandan o‘zga hech kim bilmaydi. Ammo Ramazon oyida ixlos bilan qilingan duo Alloh dargohiga yetib boradi va mustajob bo‘ladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Uch kishining duosi qaytarilmaydi: adolatli imom, ro‘zador to iftor qilgunicha va mazlumning duosi”. Ibn Moja, Termiziy, Ahmad ibn Hanbal, Bayhaqiy, Ibn Hibbon, Tayolisiy, Ibn Xuzayma va Ishoq ibn Rohavayhlar rivoyati.
4. Moddiy boylikni ko‘paytirib olish
Ramazon oyida kishi o‘z boyligini ko‘paytirib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Qanday qilib? Zakot berish yo‘li bilan. Zakot sadaqa kabidir. Sadaqa esa, hadislarda ta'kidlanganidek, suv olovni o‘chirgani kabi gunohlarni o‘chiradi. Yoki Nabiy sallallohu alayhi va sallam aytganlaridek, «Biron-bir sadaqa molni kamaytirgan emas!». Alloh nochorlarga berilgan zakot o‘rnini ming hissa qilib qoplaydi va u molga baraka berib qo‘yadi.
5. Qadr kechasi
Ramazon oyida bir kecha bor-ki, uning tafsiri, fazilati va foydasi haqida qancha gapirsa shuncha oz. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilinadi. U zotga o‘zlaridan oldingi odamlarning umrlari ko‘rsatildi yoki shunga o‘xshash Alloh xohlagan narsalarni. Bas, u zot huddi o‘z ummatlarining umrlarini qisqa, boshqalar umrlari uzunligi ila yetgan amallarga yeta olmaydigan deb bilganga o‘xshadilar. Shunda, Alloh u zotga Laylatul Qadrni ming oydan yaxshi qilib berdi». Imom Molik rivoyat qilgan.
Demak bu ham Yaratganning mo‘min-musulmonlarning foydasini ko‘zlab qilgan irodasi, bandalariga bergan yana bir ne'matidir. Ana shu ne'matlardan foydalanish faqat va faqat insonning o‘zi uchun foydalidir.
Barchamizga Ramazon oyini iymon va ixlosda o‘tkazish nasib etsin.
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев