DOʻSTMAN DEGANLAR
_______________________________
Kecha meni maqtab yurganlar,
Bir umrga do'stman, deganlar,
Yoshlik qilib qoqingan chog'im,
Panalarda g'iybat qilganlar -
Bilib qo'ying, yengilganim yo'q,
Ertamdan ham ko'ngillarim to'q.
_______________________________
G'anim emas, do'st aldagan chogʼ
Alam qilar odamga ko'proq.
Dilbandlarim tursa mo'ltirab,
Ko'kdan bir kuch yog'iladi goh -
Men haq deyman, yengilganim yo'q,
Ertamdan ham ko'ngillarim to'q.
_______________________________
Ezilmagin bunchalar, dilim,
O'tar qaro kechalar, dilim.
Xudoyimning rahmati kengdir,
Oldindadir eng yorug' kunim.
Bilib qo'ying, yengilganim yo'q,
Ertamdan ham ko'ngillarim to'q!