Asadbekning o‘g‘illari hibsga olinganidan so‘nggina aralashmoqlikni ma’qul ko‘rdi. Mamatbey kirib Asadbekning o‘g‘illari rayon militsiyasining qamoqxonasida o‘tirishganini ma’lum qilgach:
— Kelishganimizdek, ertagacha kutamiz. Asad kelsa keldi, kelmasa o‘g‘illarini Lefortovoga o‘tkazib yuboraveramizmi?
— Shoshilma,— dedi Xongirey esnab, — sen o‘zbeklarni yaxshi bilmaysan. O‘lar joyda bo‘lsa ham yetib keladi. O‘zbekning ko‘ziga joni emas, bolasi ko‘rinadi. Mening ko‘nglim to‘q. Shu bir-ikki kun ichida Asadning masalasi hal bo‘ladi.
— O‘g‘illaridan qaysi biri?..
— Aytuvdim-ku? Bo‘shangrog‘i qolsin, otasiga o‘xshaganini tinchitasan.
— Bittasi aeroportda g‘alva ko‘tardi. Jangariroq ekan.
— Ana, hukm tayin ekan-ku? — Xongirey bu safar obdon kerishib, esnadi. — Nima balo, lanjlik tarqamayapti-ku?
— Konyak quyaymi? — dedi Mamatbey o‘rnidan turib.
— Yo‘q, sen chiqib ayt, achchiq qahva berishsin.
Mamatbey eshikni qiya ochib buyruqni yetkazgach, yana Baygildin yoniga o‘tirdi.
— Xon, — dedi Baygildin, — Sen Zelyani unutdingmi?
Xongirey unga qarab qo‘ydi-yu, javob bermadi. Baygildin ham javobga mushtoq bo‘lmagan odamday boshqa gap qo‘shmadi. Savol Xongireyga yoqmadimi, demak javobdan umid qilmaslik kerak. Savolni ikkinchi bor qaytarmoqqa hojat ham yo‘q. O‘n oltidan endigina oshgan durkun qiz ishva bilan olib kirgan qahvadan uch-to‘rt xo‘plagach, Xongirey ustoziga qaradi.
— O‘zbeklarga qo‘l ko‘tarishga haqqim yo‘qligini bilaman. Chechenlarga non berganlarga qo‘l ko‘tarsam, Zeli og‘amning ruhi chirqiraydi, shuni aytmoqchimisiz?
Bu gap Mamatbeyga ma’lum edi, shu bois hojasini quvvatladi:
— Ular o‘yin qoidasini buzdilar, jazosiz qoldirib bo‘lmaydi.
— Sen to‘g‘ri gapir, jazolamaymiz, tarbiya qilamiz, — Xongirey shunday deb oyoqlarini pastqam stol ustiga qo‘yib, chalishtirib oldi.
Baygildin shogirdining o‘zi tomon uzatilgan oyoqlariga e’tibor bermadi, ko‘ngli ham og‘rimadi. Odob degan tushunchadan yiroq bo‘lgan olam uchun bunday o‘tirish nima ekan, agar Xongirey shu tomon qarab tahorat ushatsa ham parvoyiga kelmagan bo‘lardi. Chunki bunda yosh emas, martaba muhimroq.
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Комментарии 1