Beshta bek-u beshta xoni birlashmagan,
Millat debon, vatan debon sirlashmagan,
Bir qir bo'lib, bir yer bo'lib yer talashgan,
To'zg'ib yotgan xonavayron yurt edi bu.
Qondosh bo'lib qo'shilmagan, qoni ayro,
To'ralarin o'z elidan noni ayro.
Asrlarkim, yig'lab o'tdi ikki daryo,
Yarmi faryod, yarmi afg'on yurt edi bu.
Islomiyat dunyosin o'z mulki qilgan,
Iymon birlan yer yuzini gulgun qilgan.
Buxoriyni Buxorodan quvg'in qilgan,
Bir zo'ravon, bir notavon yurt edi bu.
vatan nadir-anglang ranju ozoridan,
So'rang uni Mirzo Bobur mozoridan.
O'z zuryodin haydab gulshan gulzoridan,
Devonlarda bag'ri biryon yurt edi bu.
Dilni o'rtar hamon g'am-u g'urbatlari,
Yot ellarda qolib ketdi turbatlari,
"Fig'onkim..." deb o'tdi qancha Furqatlari,
Yorkentlarda ko'zi jayron yurt edi bu.
O'zi gulday o'g'lonlarin saylab berib,
Ro'yxatlarga nomlarini joylab berib,
Cho'lponlarin o'zi itday boylab berib,
Izlaridan o'zi giryon yurt edi bu.
Kelgindi nom borki, bunga kelib ketgan,
Cho'ntaklari tillolarga to'lib ketgan,
Yana xoksor el ustidan kulib ketgan,
Mehmoni ko'p, mute mezbon yurt edi bu.
Nadir millat qudratining tamadduni?
Amir Temur haykalidan so'rang buni.
Ot mindirib kim qaytardi yurtga uni?
Jahongiri bexonumon yurt edi bu.
Bir sultonni Xudo yurtga qarab bergay,
Olam ahli so'ng u yurtga taraf bergay,
Abadiyat qadar unga sharaf bergay,
Sharaf-shoni ro'yi jahon yurt bo'ldi bu.
Sirojiddin Sayyid
1999
Присоединяйтесь к ОК, чтобы посмотреть больше фото, видео и найти новых друзей.
Нет комментариев