Bu xabardan tanim tog'day ko'chdimi,
Gul bag'ringiz qaro tuproq quchdimi,
Endi qaytib kelmaysizmi Onajon?!
Dildan qo'ymay shomu-sahar eslasam,
Siz kiygan u ko'ylaklarni islasam,
Uyga qaytib izlaringiz izlasam,
Endi qaytib kelmaysizmi Onajon?!
Ko'kka yetar mung kuy bo'lib chalinsam,
Jonim tutib qo'lginamda ilinsam,
Yig'lab-yig'lab Xudojonga yalinsam,
Endi qaytib kelmaysizmi Onajon?!
Dard o'g'limni ne kuylarga soldi deb,
Yig'lay-yig'lay yanoqlari toldi deb,
Meni kutib bolam yolg'iz qoldi deb,
Endi qaytib kelmaysizmi Onajon?!
Uch yil oldin ko'mgan edik otamni,
Sog'inibsiz yolg'izlikda otamni,
Mendan ham ko'p sevarkansiz otamni,
Endi qaytib kelmaysizmi Onajon?!
Sig'mabdimi bolangiz o'z yeriga,
Ayriliqdan bo'zlatgan bo'z yeriga,
Bormas bo'lib tuflasam, Rus yeriga,
Endi qaytib kelmaysizmi Onajon?!
Bozorlarga menga do'ppi olgani,
Kuyovto'nim chetiga chok solgani,
Qo'shni qizga sovchi bo'lib borgani,
Endi qaytib kelmaysizmi Onajon?!
Xolimni bir so'rmay qoldi bolam,
deb,
So'ngi damda ko'rmay qoldi bolam,
deb,
Diydorimga to'ymay qoldi bolam,deb,
Endi qaytib kelmaysizmi Onajon?!
Ajal bobo shuncha bag'ring toshmidi,
Yo topganing shu mushtipar boshmidi,
Ellik sakkiz - o'ladigan yoshmidi,
Endi qaytib kelmaysizmi Onajon?!
Присоединяйтесь к ОК, чтобы посмотреть больше фото, видео и найти новых друзей.
Комментарии 8