ONAMDAN XAT.
O`g`lim, jigargo`sham, aytgin-chi, nahot,
Achinmaydi joning onang holiga.
Meni to`shaklarga mixlab qo`ydi bod,
Kelsang bir ko`rsamu… o`lsam mayliga.
Chakka o`tgan eski tomga o`xshayman,
Ko`zimdan yomg`irlar to`kilar tinmay.
Bu yorug` dunyoda bormi, bilmayman,
O`z o`g`li yo`liga intizor menday…
Hayhotdek hovlida qoldim bir o`zim,
Nima xayollarga bormasman ba`zan.
Sog`misan ishqilib, qo`rqaman, qo`zim,
Podsholar haqida she`rlar yozasan.
O`ynashib bo`larmi shohlar bilan, ayt,
Qishloqi joningga she`rdan ne huzur?
Zeriksang - bepoyon yaylovingga qayt,
Siqilsang - dashtlarda ot choptirib yur!
Faqat xayolingdan chiqargin she`rni,
(Kimgadir yoqmasmish chinmi-yolg`omni),
Axir, sen yozmasang o`sha Boburni,
Shoirning urug`i qurib qolganmi?..
O`g`lim, jigargo`sham, aytgin-chi nahot,
Achinmaydi joning onang holiga?
Meni to`shaklarga mixlab qo`ydi bod,
Kelib bir ko`tarib chiqqin hovliga.
Qo`lingda jon berib o`lsam mayliga…
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Комментарии 1