الشيخ محمد حسان
في رحاب الدار الآخرة
إلى الجنة بغير حساب
Oxirat hovlisi silsilasi
Shayx Muhammad Hasson
Islom Nuri tarjimasi
Barcha hamdu sanolar Allohga xosdir. Biz Unga hamd va istigʻfor aytamiz, Undan yordam va hidoyat soʻraymiz, nafsimizning shumligidan va amallarimizning yomonligidan Uning Oʻzidan panoh soʻraymiz. Alloh hidoyat qilgan kimsani adashtiruvchi, adashtirgan kimsani hidoyat qiluvchi yoʻqdir. Men yagona, sheriksiz Allohdan oʻzga haq iloh yoʻq va Muhammad sollallohu alayhi va sallam Uning bandasi va elchisidir deb guvohlik beraman.
«Ey moʻminlar, Allohdan haq-rost qoʻrqish bilan qoʻrqinglar va faqat musulmon boʻlgan hollaringda dunyodan oʻtinglar!» (Oli Imron: 102).
«Ey insonlar! Sizlarni bir jondan yaratgan va undan juftini vujudga keltirgan hamda u ikkovidan koʻp erkak va ayollarni tarqatgan Robbingizdan qoʻrqingiz! Yana oralaringizdagi savol-javoblarda oʻrtaga nomi solinadigan Allohdan qoʻrqingiz va qarindosh-urugʻlaringiz (bilan ajralib ketishdan qoʻrqingiz)! Albatta Alloh ustingizda kuzatuvchi boʻlgan zotdir» (Niso: 1).
«Ey moʻminlar, Allohdan qoʻrqinglar, toʻgʻri soʻzni soʻzlanglar! (Shunda Alloh) ishlaringizni oʻnglar va gunohlaringizni magʻfirat qilur. Kim Allohga va Uning paygʻambariga itoat etsa, bas u ulugʻ baxtga erishibdi» (Ahzob: 70, 71).
Soʻzlarning rosti Allohning Kitobi, yoʻllarning yaxshisi Muhammad sollallohu alayhi va sallamning yoʻllari, ishlarning yomoni (dinda) yangi paydo qilinganlari, (dinda) yangi paydo qilingan barcha narsa bid'at, barcha bid'at zalolat, barcha zalolat esa jahannamga eltguvchidir.
Ammo ba'd...
Allohning tavfiqi bilan «Oxirat hovlisi» silsilasidan sizlar bilan bugungi suhbatimiz oʻn yettinchi suhbat boʻladi.
Alloh yoʻlidagi doʻstlarim! Ruxsatlaringiz bilan biroz ortga qaytib, avvalgi suhbatlarimizda soʻzlashib oʻtgan mavuzlarni bir sidra esga olib oʻtsak. Oxirgi toʻrtta suhbatimizda mahshar maydonida, Alloh taolo huzurida hisob berish mavzusida soʻz yuritgan, qiyomat kuni Alloh taolo bandalarini uning asosida hisob qiladigan eng muhim adolat mezonlari bilan tanishib oʻtgan, eng soʻngida esa bandalarning haq-huquqlari borasida birinchi boʻlib ajrim qilinadigan ishlar haqida soʻzlab oʻtgan edik.
Mahshargoh... Oʻta ogʻir va dahshatli holat.. Bashariyatning hammasi adolat mahkamasida, Qahhor va Jabbor Zot huzurida oʻta siniq va xor holatda, qoʻrquv va dahshat ichida turibdi..
Kimgadir nomai a'moli oʻng tomonidan beriladi va Alloh taolo uni juda yengil hisob qiladi. Yana kimgadir nomai a'moli chap tomonidan berilib, ogʻir hisob-kitobga duchor boʻladi. Ba'zilar esa hech qanday hisobsiz va azobsiz, toʻppa-toʻgʻri jannatga qarab yoʻl oladi.
Kim ekan u baxtli insonlar?!
Bugungi suhbatimiz mavzusi shunga bagʻishlanadi. Suhbatimizga diqqat-e'tibor bilan quloq solasiz deb umid qilaman. Alloh subhanahu va taolodan sizu bizni soʻzlarni eshitib, yaxshisiga ergashadigan kishilardan qilishini soʻrayman.
Keling, bu savolni suhbatimiz boshidanoq, bevosita Sodiq va Masduq zotdan, paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamdan soʻrab qoʻya qolamiz.
Javobni esa Buxoriy, Muslim, Ahmad, Termiziy, Nasoiy, Bayhaqiy va boshqalar rivoyat qilgan sahih hadisdan topamiz. Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan bu hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar:
«Menga ummatlar koʻrsatildi. – «Sunanut-Termiziy»da kelgan sahih rivoyatga koʻra, bu koʻrsatilish Isro kechasida edi. – Bir paygʻambarni koʻrdim, u bilan bir necha kishi bor edi. Bir paygʻambarni koʻrdim, u bilan birgina kishi bor edi. Yana bir paygʻambarni koʻrdim, u bilan ikki kishi bor edi. Bir paygʻambarni koʻrdim, u bilan biron kishi yoʻq edi. Toʻsatdan menga katta bir qoralik koʻrindi. Ular mening ummatim boʻlsa kerak deb oʻyladim. Shunda menga: «Bu Muso va uning qavmi. Lekin, siz ufqqa qarang», deyildi. Qarasam, juda katta bir qoralik koʻrindi. Menga: «Shu sizning ummatingiz, ular ichidan yetmish mingi borki, jannatga hisobsiz va azobsiz kiradilar», deyildi».
Keyin Rasululloh sollallohu alayhi va sallam oʻrinlaridan turib, uylariga kirib ketdilar. Sahobalar jannatga behisob kiradigan oʻsha kishilar haqida bahsga shoʻngʻib ketdilar.
Ba'zilar: «Ular Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga hamsuhbat boʻlganlar (sahobalar) boʻlsa kerak», deyishdi.
Boshqalari: «Ular Islomda tugʻilib, Allohga biron narsani shirk keltirmaganlar boʻlsa kerak», deyishdi. Va hokazo, bir qancha narsani zikr qildilar.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ular huzuriga chiqib: «Nima haqida bahslashayapsizlar?», dedilar. Ular (oʻrtalarida boʻlgan bahsdan) u zotni xabardor qilishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:«Ular ruqya qildirmaydigan (dam soldirmaydigan), kuydirib davolanmaydigan, shumlanmaydigan va Rabbilariga tavakkul qiladigan kishilardir», dedilar.
Shunda Ukosha ibn Mihson oʻrnidan turib: «Yo Rasululloh, Allohga duo qiling, meni oʻshalardan qilsin», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Siz oʻshalardansiz», dedilar. Keyin yana bir kishi turib: «Allohga duo qiling, meni ham oʻshalardan qilsin», degan edi, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Unga Ukosha sizdan oʻzib ketdi», dedilar (Buxoriy: №5752, Muslim: №220, Termiziy: №2448).
«Sahihayn»da Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Ummatimdan yetmish ming kishilik bir jamoat yuzlari toʻlin oydek nur sochgan holda jannatga kiradi», dedilar (Buxoriy: №6542).
Yana bir goʻzal va mehr-muhabbat ruhi ufurib turgan oliyjanob bir hadisni birga koʻrib chiqaylik. Ahmad «Musnad»ida, Bayhaqiy «Sunan»ida rivoyat qilgan, Hofiz Ibn Hajar «Fath»da sanadini yaxshi degan, shayx Alboniy «As-silsilatus-sahiha»da sahih sanagan, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan bu hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytganlar: «Rabbimdan shafoat soʻradim. U: «Sen uchun yetmish ming (kishining shafoatiga ijozat), ular jannatga hisobsiz va azobsiz kiradilar», dedi. Men: «Yo Rabbim, yana ziyoda qilgin», dedim. Shunda menga ikki qoʻli bilan oʻng va chap tarafiga ikki marta hovuchladi». (As-silsilatus-sahiha: №1879).
Allohu akbar!! Naqadar ehtirom!! Naqadar e'tibor!!
Mana bu mazmundagi she'r sohibini Alloh rahmatiga olsin:
«Ey Parvardigor! Sening «Ey bandalarim!» degan xitobing ostiga kirishim va menga Ahmadni Paygʻambar qilib yuborganing mening faxru iftixorimni oshirib yubordi»..
Ey tavhid ahlidan boʻlib yaralgan va Muhammad sollallohu alayhi va sallamga ummat boʻlish sharafiga noil boʻlgan moʻmin birodar! Bu ne'mat shukronasiga peshonangni sajdaga qoʻy..
Jannatga hisob-kitobsiz va azobsiz kiradigan u baxtiyor insonlar kim boʻldi ekan?!
Mahshar yerida hisob-kitob uchun turmaydigan va hech qanday azobsiz jannatga kirish baxtiga musharraf boʻladigan insonlar xabarini Paygʻambar sollallohu alayhi va sallamdan eshitgan ashobi kirom oʻsha baxtli insonlar kim boʻlishlari haqidagi bahsga mashgʻul boʻldilar. Ba'zilar ularning Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni koʻrish va u zotga hamsuhbat boʻlish baxtiga musharraf boʻlgan sahobalar boʻlishini taxmin qildilar. Darhaqiqat, u zotga sahoba boʻlish juda katta sharafli maqomdir.
Boshqalari esa, Paygʻambar sollallohu alayhi va sallam jannatga hisob-kitobsiz va azobsiz kirishlarini xabar bergan u baxtli insonlar Islomda tugʻilgan va Allohga aslo shirk keltirmagan kishilar boʻlishini aytdilar. Bu ham aslida, juda katta sharafdir. Kim Islomda oʻsib-ulgʻaysa va tavhid boʻstonida tarbiya topgan boʻlsa, iymon gulu rayhonlari hidiga toʻyib, Qur'onu Sunnat suvidan sugʻorilgan boʻlsa, juda katta zafarga erishibdi. Nega ham shunday boʻlmasin?! Alloh taolo aytib qoʻygan: «Albatta Alloh Oʻziga (biron narsaning) sherik qilinishini kechirmas. Shundan boshqa gunohlarni Oʻzi xohlagan bandalari uchun kechirur» (Niso: 48).
Alloh subhanahu va taolo muvahhidlar imomi, muhaqqiqlar peshvosi va paygʻambarlar sayyidi Muhammad sollallohu alayhi va sallamga xitob qilib dedi: «Darhaqiqat sizga ham, sizdan avvalgi(paygʻambarlarga ham shunday) vahiy qilingandir: «Qasamki: agar mushrik boʻlsang, albatta qilgan amaling behuda ketur va albatta ziyon koʻruvchilardan boʻlib kolursan! Yoʻq, sen yolgʻiz Allohgagina ibodat qilgin va shukr qiluvchilardan boʻlgin!» (Zumar: 65-66).
«Sahihul Buxoriy»da Ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Paygʻambar sollallohu alayhi va sallam: «Kim Allohga biron narsani shirk keltirgan holda oʻlsa, doʻzaxga kiradi», dedilar. Men aytaman: «Kim Allohga biron narsani shirk keltirmagan holda oʻlsa, jannatga kiradi». (Buxoriy: №1238, Muslim: №92).
«Sahihayn»da Uboda ibn Somit roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Kim: Bir Allohdan oʻzga iloh yoʻq, U yolgʻiz va sheriksizdir, Muhammad Allohning bandasi va rasuli, Iso Allohning bandasi, rasuli, choʻrisining oʻgʻli va Maryamga tushirgan soʻzidir, jannat va doʻzax haqdir deb guvohlik bersa, amali qarab, Alloh uni jannatga kiritadi».
Itbon ibn Molik rivoyatida: «Albatta, Alloh Oʻzining yuzini istab «La ilaha illalloh» degan kishini doʻzaxga harom qilgandir» (Buxoriy: №3435, Muslim: №29).
Shundoq ekan, tavhid juda katta fazldir, ba'zi sahobalarning mazkur baxtli insonlar Islomda tugʻilgan va shirk keltirmagan kishilar boʻlishi haqidagi gaplaridan aslo taajjublanmaslik kerak.
Ular shu zaylda mubohasa qilarkanlar, toʻsatdan ular huzuriga Rasululloh sollallohu alayhi va sallam chiqib keldilar.
«Nima haqida bahs qilayapsizlar?», deb soʻradilar u zot.
Ular nima haqida bahs qilayotganlarini aytishgach, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Ular ruqya qildirmaydigan (dam soldirmaydigan), kuydirib davolanmaydigan, shumlanmaydigan va Rabbilariga tavakkul qiladigan kishilardir», dedilar.
Demak, ular tavhidni toʻla-toʻkis roʻyobga chiqargan, shirkning hammasini, kattasini ham, kichigini ham birdek tark qilgan, barcha hojatlarini faqat Alloh subhanahu va taolodan soʻragan zotlar ekan.
«Ular shumlanmaydilar...» Biz shumlanish (irim qilish) deb tarjima qilganimiz kalima arab tilida «tatoyyur» (qush uchishi) soʻzidan olingan boʻlib, johiliyat davri arablari odatda, biron safar oldidan qush uchirishar, agar qush oʻng tomonga uchib ketsa, yoʻlimiz ochiq ekan deb, xursand boʻlib yoʻlga otlanishar, mabodo qush chap tomonga qarab uchsa, bundan shumlanib, safarni qoldirishar edi.
Islom kelgach, bunday shumlanish odatini bekor qildi va foyda yetkazuvchi ham, zarar yetkazuvchi ham yolgʻiz Alloh ekanini, barcha ish Allohning qoʻlida ekanini odamlarga ta'lim berdi. Shunday qilib, ular na makon, na zamon bilan shumlanadigan boʻldilar. Chunki, makon va zamonlar yaratuvchisi yagona Alloh ekanini, Allohgina makonlar va zamonlarni boshqarib turuvchi Zot ekanini yaxshi tushunib olgan edilar. Alloh taolo aytganidek: «Ayting (ey Muhammad sollallohu alayhi va sallam): «Butun ish Allohning(qoʻlida)!» (Oli Imron: 154).
Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda Ibn Abbos roziyallohu anhumo shunday deydi:
«Bir kuni men (ulovda) Paygʻambar sollallohu alayhi va sallamning orqalariga mingashib ketayotgan edim, u zot menga aytdilar: «Ey bola, men senga bir necha kalimalarni ta'lim beraman. Allohni yodda tut, seni Alloh yodda tutadi, Allohni yodingda tut, U zotni roʻparangda topasan. Agar soʻrasang, Allohdan soʻra, agar yordam istasang Allohdan ista. Bilginki, butun ummat agar senga foyda yetkazamiz deb toʻplanishsa, Alloh senga yozgan narsadan boshqa biron narsa bilan foyda yetkazisha olmaydi. Agar senga zarar yetkazish uchun toʻplanishsa, Alloh senga yozgan narsadan boshqa biron narsa bilan zarar yetkazisha olmaydi. Qalam (to qiyomatgacha boʻladigan narsalarni) yozib boʻlgan va sahifalar qurigan»(Termiziy: №2518, Sahihul-jomi': №7958).
«Ular ruqya qildirmaydigan (dam soldirmaydigan), kuydirib davolanmaydigan... kishilardir». Bu bilan ularning naqadar ulkan tavakkul egalari ekaniga ishora qilindi. Aslida, biron kishi ruqya qilmoqchi boʻlsa, bunga hech qanday mone'lik yoʻq. Biroq, gap shundaki, ular birovdan bu narsani talab qilmaydilar, hojatlarini yolgʻiz Allohga bogʻlaydilar, bandalardan birontasiga bogʻlamaydilar. Qalblari xalqlardan xoliy va yolgʻiz Parvardigorga bogʻlangandir.
Ularni bunday qilishga undagan narsa Allohga boʻlgan tavakkullari gʻoyat kuchliligi, foyda ham, zarar ham faqat Alloh tomonidan, barcha ish Allohning qoʻlida, degan e'tiqodlari gʻoyat mustahkamligi boʻldi.
«Rabbilariga tavakkul qiladigan kishilardir». Haqiqiy tavakkul – qalbning Allohga chinakamiga bogʻlanishidir. Tavakkul iymonning bogʻichidir, tavakkul tavhidning choʻqqisidir. Sabablarni ushlash tavakkulga zid kelmaydi, tavakkulni nuqsonli qilib qoʻymaydi.
Shotibiy aytadilar: «Sabablarga kirishish shar'an vojib ishdir».
Ibn Qayyim aytadilar: «Tavhid sabablarga bevosita kirishish bilangina komil boʻladi, sabablarni ushlash tavakkulga nuqson yetkazmaydi».
Jumhur salaf soʻzlariga koʻra, qachonki, banda Rabbiga qattiq ishonsa va barcha ishlar faqat Uning qoʻlida ekanini bilsa, soʻngra sunnatni ushlab, bevosita sabablarga kirishsa va shu bilan birga, sabablarning oʻzi ularni natijalarga bogʻlab qoʻyuvchi Zotning amrisiz hech narsa qilolmasligiga e'tiqod qilsa, shundagina tavakkul hosil boʻladi.
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Комментарии 2