*** O'sha kuni Malika xonadan shitob bilan chiqib ketdi. Men esa joyimda toshdek qotib qoldim. Birinchi marta ayolim oldida o'zimni aybdor his qildim. Ikki yil davomida unga xiyonat qilib yurganimni, bir guldek qizni aldab, qo'ynini puch yong'oqqa to'ldirganimni his qildim. O'zimdan nafratlanib ketdim, to'g'risi. Axir bu ikki ayol ham begunoh! Biri menga pahlavondek o'g'il tug'ib berdi, o'z jonini garovga qo'yib. Biri esa tuyg'ularini, yuragini, baxtini ishondi. Ikkisini-da pastkashlarcha aldadim.Malikaning izidan borib, kechirim so'rashga jur'atim etmadi. Uch kun davomida shifoxonaga zo'rg'a borib keldim. Malikaga duch kelib qolishdan juda qo'rqdim. Bir haftalardan so'ng pochtamga undan xat keldi:“Uzr, men oilangiz borligini bilmagan ekanman... Sizga do'stlik jo'natganim uchun o'zimni kechira olmasam kerak hech qachon! Oilali erkakning boshini aylantirib olgan behayo qizman! Buni tan olish qanchalik og'irligini siz bilmaysiz? Ayolingiz, o'g'lingizni ko'rib, taqdir vaqtida bizni bu xato yo'lda yurishdan to'xtatganiga shukr qilayapman. Agar bilmaganimda... bilmadim... to'g'risi qo'rqaman... Bir go'dakning uvoliga, farishtadek ayolning ko'z yoshlariga sababchi bo'lishdan... Oilangiz bilan tinch bo'ling!”Tamom. U menga ta'na qilmadi, nega aldaganimga izoh ham so'ramadi. Balki urishib bersa, meni ayblasa, vijdonim biroz tinchlangan bo'larmidi? Malikadan kechirim so'rash uchun tug'ruqxonaga bordim. Yo'q, o'sha voqeadan uch kun o'tib, o'z xohishiga ko'ra ishdan bo'shabdi. Hamshira qizlardan biri hamkasbiga gapirib qoldi: “Nima bo'ldi, Malikaga tushunmay qoldim. “Yaqinda holvamni eysizlar”, deb xursand yurgandi. Birdan kayfiyati o'zgarib qoldi, ishdan ham bo'shadi-ketdi. Bosh shifokor “Yolg'iz onasi bilan yashaydi, qiynalgan qiz edi. Endi qaerdan ish toparkan?”, deya gapirib qoldi kecha”, derdi. Bu gaplar yuragimni timdaladi. Bugun yuragimdagilarni gazeta orqali to'kib solishimdan maqsad, avvalo, Malikadan kechirim so'rash. O'g'limni bag'riga bosib meni har kuni yuzda tabassum bilan kutib oladigan, bor gapdan bexabar ayolim oldida xatomni tan olish. Yana men kabi boshqalar birovning tuyg'ularini o'yin qilmasligini ta'kidlash. Ijtimoiy tarmoqmi, yoki hayotdami, hech kimni yolg'on umidlantirmang. Balkim yopig'liq qozon yopig'ligicha qolar, xatongizni kechirishar, ammo vijdon azobiga chidash qiyin ekan...
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев