Kel, birga bir boqaylik men
Havas qilgan olamga,
Shu istagim to’lmasaydi
Dillar anduh alamga.
Barcha ellar bu zaminda
Yashasa do’stu inoq,
Farq qilmasa millat, rangi,
Qorami u yoki oq.
Ahillik va do’stlik degan
Istak agar tandadur,
Ul joyda bor baxt saodat,
Bor barokat andadur.
Gar ahillik, hamjihatlik
Qaysi bir eldan ketar,
Ul elatni baxtu davlat
Shul zahoti tark etar.
Istagim – hech bir elatga
Bunday zahmat yetmasin,
Chora qilsin ul elatkim,
Baxti qo’ldan ketmasin.
Zamin uzra to abadga
Yangrasa tinchlik sozi,
Hech bironta nuqtasidan
Chiqmasa o’q ovozi.
O’q degani otilmasa
Hatto ko’kda qushlarga,
Urush degan kirmasaydi
Hatto tunda tushlarga.
Zoting sira bilmasaydi
Bir-biridan qo’rqishni,
Tinch osuda o’tkazsaydi
Har yilu yozu qishni.
Har o’lkada qurilsaydi
Tinchlik nomli bir qasr,
Peshtoqida yozuv bo’lsa:
“Tinch o’tdi bizning asr!”
Va kelgusi avlodlarga
Bundan bir ilhom bo’lib,
SHunday shirin shiorlarga
Ketsa har bino to’lib.
Bir madhiya bo’lsa umum
Bashar-chun erk kuyiday,
Har tong bir bor yangrasa ul
Har insonning uyida.
Ul madhiya Insonlikka
Da’vat kabi yaralsa,
Zamin uzra barcha dilga
Bir nur kabi taralsa.
Har bir inson umri o’tsa
O’sha nurday charog’li,
Hech qayerda hech insonning
Bo’lmasa dili dog’li.
Qani, kunda bo’lsa ko’kda
Tinchlik qushi parvozda,
Tinchlik kuyi yangrasaydi
Baralla bor ovozda.
Hech elatning osmonini
Qora bulut bosmasa,
Hech bir elga urush yovuz
Shironi osmasa.
Yer yuzida qani endi
Tinchlik qilsa tantana,
Faraz qilgil ul hayotni,
Zavq ana, shodlik ana!
Qani eni biron yuz yil
Yo’q, loaqal bion yil,
Shunday yashab ko’rmoqlikka
Biron chora, tadbir qil!
Ma’qul bo’lsa abadiyga
Shunday yashab qolaver,
Qaysi hayot ma’qul bo’lsa,
O’zing tanlab olaver!
Qani, kirish bul tadbirga,
Urushlarga ber barham,
Bul tadbirning to’g’riligin,
Bilar bog’cha bola ham.
Qolma, axir sen isnodga
Avlodlaring oldida,
Aytmasinlar:”Ular bizni
Shunday ko’yga soldi-da!”
To’g’ri tanla chora, tadbir,
O’z nomingga mosini,
Toza topshir avlodlarga
Ajdodlar merosini!
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев