Agarki bir yurt xor bo’lib,
Xalqi gar xarob bo’lar,
Oqibati yo’qlik bo’lib,
O’ylari sarob bo’lar.
Haq tanimas xalq xalqmasdur,
Elatmas, haloyiqmas,
El ekanin bilmagan el
El deyishga loyiqmas.
Bir vaqt kelib ko’r qalbiga
Qadalgay o’q u elning,
Kechar kuni yolg’on erur,
Ertasi yo’q u elning!
El bo’lib, xor qilsa o’zni
U elga zamin zormas,
Tug’ishganni talaganni
El deyishga til bormas.
Ulamosin aylasa xor,
Adolatsiz umaro,
Oxirati kuyib bo’lgay
Qiyomatda yuz qaro.
Hazar qilmay haromdan el,
Nafsi-la mashg’ul bo’lar,
Ul yurtgakim boshdin oyoq
Gado to’lar, qul to’lar.
Har qadamda aldob, shilish,
Yurting to’lsa xoingga,
Havas qilma bundayin xor
Yurt atalmish joyingga.
Xoinlik, bu senga aytsam,
Iymonsizlik belgisi,
Sotqin zoti iymonga hech
Kelmasdur past kelgisi.
Qasd qilgandan iymon, albat,
O’z qasdini oladir,
Oqibat har ikki dunyo
Xarob holga soladir.
Halqumiga harom tiqqan
Borki ba’zi “jo’ra”lar,
O’ylamaki javobsiz deb,
Bari bir kun so’ralar.
Bir elat o’zga elning
Bo’lsa erkin qasdida,
Ul hayot ermas hayotki,
Bo’lsa ta’qib ostida.
Millat ko’pmas bu dunyoda
Bor faqat ikki millat,
Shu ikkisi o’rtasida
Tug’ilar barcha illat.
Biri doim taqvodadir,
Yaratganga shukr etar,
Boshqa biri bosh ko’tarmay
Boshi berk yo’ldan ketar.
Biri borliq boisini
Boisidan deb bilar,
Boshqa biri zalolatdan
Chiqmaslik yo’lin qilar.
Haq yo’linda hamroz bo’lib,
Birlashgan xalq to’zimas,
Bunga amal tadbir kerak,
Quruq gapning o’zimas.
Qay elatda har qadamda
Bo’lsa mehru oqibat,
Barcha ellar ichra ul el
Eng baxtli eldur albat.
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев