Endi bir oz quvib yomon
Gapni ruhu tanlardan,
Tanlagaymiz boshqa mavzu –
Senga tanish fanlardan.
Aytar bo’lsam ochiq oydin,
Ushbu bobning niyati:
Anglatishdir neligini
Musiqa mohiyati.
Tabiatan Tangri bermish
Dardga dori davoni,
Deylik, bulbul xonishini,
Tabiiy kuy, navoni!
Musiqaning mazmunida
Sehrli sir bo’ladir,
Ohang toza bo’lsa tebrab,
Ko’ngling zavqqa to’ladir.
E’tibor qil har usulni
Soz berib turishiga,
Har zarbasi hamohangdir
Yuraging urishiga.
Ikki holda tebratasan
Boshni – tanang tomini,
Tinglay turib Haq kalomin
Hamda xalq maqomini.
Olis damlar mamnun bo’lib,
Musiqaning boridan,
O’rin bermishlar falsafiy,
Fanlarning qatoridan.
Ko’p zotlarga ta’sir qilib
Jozibali nolalar,
Izlab sirli ma’nosini,
Bitishgan risolalar.
Sezsang sof kuy so’ylar senga:
“Makoni yeti pardam,
Tutash yeti qat falakka
Nolishim shundan har dam.
Yetti qat yer sadosidan
Jo’rovoz qil nolishing,
Eplolmasang jozibamdan
Tayin ajrab qolishing.
Qovushtirgil kuy, ovozni,
Dil tubidan kuyla…Kuy!
Ta’rifini til topmasdir,
Ta’birga taajjud tuy!”
Kuyni tinglab ushbu sirga
Go’yo e’tibor qilmassan,
Demak, yolg’on tinglaganing,
Sen tinglashni bilmassan.
Ermak uchun sozni qo’lga
Tutma, aslo ushlama,
Tinglaganning g’ash dilini
Aldab soxta xushlama!
Sahnalarda sonsiz bu kun
Soxta, yolg’on yonishlar,
Be’tasir kuy, be’tasir dard
Ko’p be’tasir xonishlar.
Ko’p yurtlarda yoshlar ba’zi
Xunuk holga ko’z tashlar,
Qiyqirishar bo’lsa agar
Qip-yalang’och kuylashlar.
Tomoshagoh ta’rifini
Bitar bo’lsam baayni,
Eslatgaydur bamisoli
To’ng’iz bosgan to’qayni.
Tomoshabin to’lganidan
Bosib bo’lmasdir oyoq,
Soatlab soz chalish qolib,
Taqillar quruq tayoq.
Yo, alhazar, bun e holat
Bu kuy atalar qanday?
Yoshlar tinglab quturishar
Jazavaga tushganday.
Yo’q bu kuymas, san’at emas,
San’atga qarshi san’at,
Agar shuni san’at desang
Ul san’atga ming la’nat!
Qo’ziqorin kabi bosgan
Ko’p kuylar ta’sir qilmas,
Tayinli bir muxlis topib
O’ziga asir qilmas.
Sozandang ko’p sen soz degan,
Lek sozlari soz emas,
Qichqiriqni ovoz deysan,
Garchi bu ovoz emas.
Eshakda ham ovoz bordir,
Hangrashdir uning ishi,
Uning ishin eslatgay ko’p
Xonandalar xonishi.
Chalasavod ular, chunki
Chalasavod ustozi,
Chala erur chalganlari,
Chala chalinur sozi…
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев