3- qism
— Fuzuliy shunday deb yozadi: «G'amlarim shuncha KO’PKI, tuyaning ustiga ortsam, zindonga tashlangan kofirlar ozod bo’ladi». Xo’sh, nima uchun ozod bo’ladi?
— Tushunmadim.
Domla o’ylanib qoldi. Darhaqiqat, tuyaning ustiga g’am yukini ortsa, nega kofirlar ozod bo’ladi? Domla ko’p o’yladi. Keyin boshini ko’tarib mehmonlarga qaradi.
— Gap bundoq. Bu sirning ma'nisiga yetish uchun Fuzuliy yashagan davrga murojaat qilish kerak. O'sha davrdagi rivoyatlarni, maqolu matallarni, hatto qo’shiqlarni xam bilmoq kerak. Bir rivoyatda odamlar Allohdan, ey tangrim, zindonda yotgan kofirlar qachon ozod qilinadi, deb so’rabdilar. Allox, tuya ignaning teshigidan utgandagina kofirlar ozod qilinadi, deb javob qilgan ekan. Fuzuliy ana shu rivoyatni g’azaliga asos qilib olgan. Ya'ni: «Mening g’amlarim shunchalik ko’pki, tuyaning ustiga ortsam, ko’tarolmay, ozib, ipdek bo’lib qoladi». Ipdek ozib qolgan tuya ignaning teshigidan bemalol o’tishi mumkin. Demak, kofirlar zindondan ozod qilinadi.
Domlaning bu qadar bilimdonligiga qoyil qolishdi, taxsinlar o’qishdi.
Domlaning bo’yiga yetib qolgan egizak qizlari bor edi. Shu egizaklardan keyin ko’rgan bolalari turmadi. Bir yoshga to’lar-to’lmas vafot etaverdilar. U har gal oy-kuni yaqin qolgan xotinining do’ppayib qolgan qorniga qarab: «Kimsan, o’g’ilmisan, qizmisan?» deb kulardi. «Agar qiz bo’lsang, otingni Kimsanoy qo’yaman, o’g’il bo’lsang, Kimsanboy ko’yaman», derdi shirin bir entikib. Xayriyat, o’g’il tug’ildi. Oti Kimsanboy bo’ldi. Shu bola o’n ikki yoshga kirdi. Beshinchi sinfda o’kiydi. Domla kitob titish bilan ovora. Tong otguncha o’tirib, nimalarnidir yozadi. Yozgan maqolalari «Maorif va o’qituvchi», «Madaniy inqilob» gazetalarida bot-bot bosilib turadi.
Kimsanboy maktabda faol pionerlardan. U Lenin, Stalin to’g’risida yozilgan she'rlarni ajib bir mahorat bilan deklamatsiya qiladi. Uni rayon, hatto viloyat miqyosida o’tadigan tantanali yig’inlarga, slyotlarga, o’qituvchilarning konferentsiyalariga chaqirib, she'rlar o’qitishadi. Olimjon domla unga, bolam, bunaqa havoyi ishlarga juda xam berilib ketma, yo artist bo’lmoqchimisan? Yaxshisi, darsingni tayyorla. Jamoat ishlari darsdan keyin bo’lsin, deb nasihat qilardi. Bir xonada domla qalam qitirlatadi, Kimsanboy boshqa xonada har xil harakatlar qilib, baland ovoz bilan she'r deklamatsiya qiladi.
Bir kuni maktab direktori uni dars paytida idora-ga chaqirtirdi.
Direktorning kabinetida notanish odam o’tirardi.
— Bu o’rtoq sen bilan gaplashgani kelganlar. Sizlarni xoli qoldiraman, gaplashib olinglar, — deb direktor chiqib ketdi.
Notanish odam gapni nimadan boshlashni bilmay, birpas unga tikilib o’tirdi. Keyin portfelidan gazeta olib uning oldiga qo’ydi. Bu Moskvada chiqadigan «Pionerskaya pravda» gazetasi edi.
— Ikkinchi sahifadagi maqolani yaxshilab o’qib chiq, — dedi u, — suvratga ham yaxshilab qara. Qaxramon pioner Pavlik Morozov shu bo’ladi.
Kimsanboy o’rischani durust bilmasdi.
Pavlik Morozovni xalq dushmanlari vahshiylarcha o’ldirishgan. U vatanga sodiq, Lenin-Stalin ishiga hayotini bag’ishlagan zamondoshimiz. Uning otasi xalq dushmani, Sho’ro tuzumini ag’darib tashlashni niyat qilgan. Pavlik o’sha dushmanning sirini fosh etadi. Hozir Sho’rolar jumhuriyatining hamma joyida Morozovchilik harakati boshlanib ketdi. Yosh vatanparvarlar ichki dushmanlarni fosh qilish uchun qasamyod qilmokdalar. Sen ham shu harakatga qo’shilishing kerak. Bu sening muqaddas burching. Biz aytgan ishlarni bajarsang, seni Butunittifoq pionerlarining «Artek» nomli lageriga yuboramiz. Faol pionerlarning Moskvada bo’ladigan slyotida ham qatnashasan. O'sha yerda buyuk ustozimiz, dohiymiz Stalinni ko’rasan.
Kimsanboyning ko’zlari yashnab ketdi. «Mukaddas poytaxtimiz ulug’ Moskvani, tirik dohiyni ko’rish, Qora dengiz sohilidagi jahon bolalari dam oladigan lagerda shohsupaga ko’tarilib she'r o’qib bersa bormi!..» Kimsanboy shoshib qoldi.
— Men nima ish qilishim kerak?
Davomi bor...
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев