Bolaning eshitish qobiliyatining bir kichik defekti kattalarga bilinmaydi. To'rt-besh yoshgacha bo'ladigan karlik keyinchalik bola taqdirida salbiy rol o'ynashi mumkin.
Tadqiqodlar ko'rsatadiki, kattalar gapni tushunishi uchun hamma so'zlarni aniq eshitishlari shart emas. Agar suhbat tanish tilda olib borilsa quloqqa eshitilmagan so'zlar ma'nosi tafakkur tomonidan to'ldirilib boriladi. Bolada esa aksincha, eshitish orqali nafaqat ma'lumot qabul qiladi, nutqqa, muomala qilishga, so'zlarni aytishga o'rganadi.
Agar bola eshitish qobiliyati pastligi tufayli bir necha bor qaytariladigan bitta so'zni har safar turli xil eshitsa, umuman u so'zni eslay yo qabul qila olmaydi, buning natijasida uning so'z boyligi kengaymaydi.
Yaxshi eshitmaydigan bola so'zlarni chala eshitadi, gaplar orasidagi bog'liqlikni qabul qila olmaydi. Nutq rivojlanishiga bu qanday katta to'sqinlik ekanligini tushunish qiyin emas.
Bunday bolalar odatda kech gapira boshlaydilar, ularning so'z boyligi kam bo'ladi, gapni noto'g'ri tuzadilar. Ular harflarni adashtirib gapiradilar, bir xil bo'g'inlarni umuman qoldirib tashlab, so'zlarni tushunarsiz talaffuz qiladilar.
Bola nutqidagi bu kamchiliklar boshida bilinmaydi, lekin u maktabga chiqgach qiyinchiliklar boshlanadi. Bilim olish qiyin bo'ladi, o'qish jarayonida so'zlarni tanimaydi. Masalan, kitobda "olma" deb yozilgan bo'lsa, bola uchun bu so'z notanish bo'ladi, chunki u so'zni "oma" deb bilardi va eshitardi.
Undan tashqari, bola o'qiyotgan matnni tushuna olmaydi, chunki so'zlarni noto'g'ri qabul qiladi.
Arzimagan karlik natijasida bola to'g'ri yoza olmaydi. Eshitish qobiliyati past bo'lgan bola yozayotganida so'zlarni aynan u qanday eshitsa shunday yozishga harakat qiladi. Albatta xatolar ko'p bo'ladi.
Shularning barchasi maktabdagi umumiy o'qish jarayonining pasayib borishiga, bolaning doimiy asabiylashishiga olib keladi.
Bolaning eshitish qobiliyatini qanday aniqlash mumkin?
Buning uchun bolani o'zingizdan teskari qilib orqasidan 5-6 metr uzoqlikda pichirlab gapirib ko'ring. Agar eshitsa, eshitish qobiliyati yahshi. Mobodo eshita olmayotgan bo'lsa, sekin-sekin unga yaqinlashib boring. Har bir aytgan so'zingizni aniq qaytarib bermagunicha yaqinlashib boravering.
Bola eshitish qobiliyatining pastligini aniqlasangiz, uni vrachga ko'rsating. Vrach kerakli muolija va maslahatni beradi.
Vaqtida aniqlangan kasalliklarni bartaraf etish oson.
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев