Tashqarida yomg’ir yog’a boshlasa darrov derazani
ochib qo’yadi. Yomg’ir tomchilarining osmondan
yerga intilishlarini tomosha qilish maroqli, ammo u
yomg’ir tomchilarining toshlarga va tuproqqa urilib
chiqaradigan tovushlariga maxliyo. Qizlik paytlarida uyining hovli tomonga qaragan eshigini
ochib qo’yib uxlaganligiyu, ertalab yomg’ir
tomchilariga jodulanib maktabga borishni
unutganliklarini ko’p gapirib beradi.
To’yimizdan keyin idoramizga qarashli furgonda
uyga kelgan paytimni eslayman. O’shanda ham osmon ko’z yoshlarini to’kayotgandi. Ayolimni bir
xursand qilay, degan xayolda birga uyimizga yaqin
joydagi tepalikka olib bordim. Men chaqqonlik
bilan mashinaning o’rindiqlarini chiqarib yerga
qo’ydim va ikkalamiz chalqqancha yotgancha
yomg’ir tomchilari yuzimizni silashiga qo’yib berdik…
Qaysidir kafega tushlik qilgani kirganimizda osmon
musaffo va tiniq bo’lsa ham yomg’ir
yog’ayotgandek tuyulaverdi. Yaxshilab razm solib
qarasam, tomdan oqayotgan yomg’irni bir o’zanga
solib qo’ygan temir moslama o’rnatilgan ekan. Tomdan sirg’alib tushayotgan yomg’ir tomchilari
chilp-chilp etib yerga sakramoqda. Buni ko’rib
ayolim to’lqinlanib ketdi:
- Uy qurganimizda xuddi shunaqasidan yasab
berishingizni istardim, azizim!
- Albatta. Yigirma to’rt soat yomg’ir tovushi keladigan uy quramiz! - dedim uning yuzidagi
quvonchni davomli qilish uchun.
U she’r yozishni yoqtirar, o’rta maktabda o’qib
yurgan chog’larida adabiyot muallimasi: ”Qalaming
o’tkir!” - deb maqtashi ortidan bir qancha
daftarlarni to’ldirganligini tabassum bilan eslaydi. Yillar o’tdi.
Hozir esa… Biz ko’pqavatli uyning 11-qavatida
istiqomat qilamiz. Yomg’ir shovullab yog’masa,
uning yog’ayotganligini sezish mushkul.
Balkonimizga tunukadan yomg’ir tomchilarini
yig’ib, jildiratib turadigan bir narsa o’rnatish niyatim yo’q emas. Lekin hozircha bu xayoldan nariga
o’tilmayapti. Yom’gir tomchilari bilan birga
ayolimning ilhom parilari ham yo’qolib ketgandek,
she’r ham yzomay qo’ydi. Men uchun ilgarilari
farishtadek ko’ringan ayolim endi oddiy bir ayolga
aylanib qolgandek go’yo: ona bo’lib, ovqat tayyorlaydi, idish-tovoq yuvadi, kir yuvadi, uy
tozalaydi, bolalarga qaraydi…
Avvallari e’tibor bermasdim. Hozir esa yomg’ir
yoqqan paytlarda ayolimdagi romantik hissiyotlar
qayoqqa g’oyib bo’lganligini bilgim keladi va “Nega
bunaqa bo’lib qoldi?” - deb xavotir ham olaman. Kecha ovqat tayyorlayotgan ayolimni bir zum
kuzatdim. Qarasam, ovqat tayyorlash ham oson ish
emasga o’xshaydi. Sabzavotlarning sarasini tanlab,
suvga solib, yuvib… Eh, hisoblashga vaqtim
yetmasa kerak. Bir kunda qancha harakat, qancha
energiyasini sarf etarkin-a. She’rxonligu yomg’irga maftunlik nima uchun yo’qolganligini
tushungandek bo’lyapman. Shoir Xvang Dong
Gyuning she’r to’plamidagi “Sevgi qo’shig’i”da
shunday satrlar bor:
Guldek toza sevgisin menga bag’ishlab,
Qip-qizil olma kabi beg’ubor yorim. Javoban idish-tovoq yuvishga tashlab,
Sevgingni oyoqosti qilgan men – zolim.
Endi har xil sovg’alar olib berishlaru muhabbatga
to’la issiq nigohlar o’rnini oddiy oilaviy hayot
egalladi. She’r yozishlar va yomg’ir tomchilarini
avaylab tutadigan nozik qo’llari endi kir buyumlaru idish tovoq yog’laridan sal xiralashib qolgandek
go’yo. Nazarimda, sal husnini yo’qotgandek. Lekin
baribir u men uchun haqiqiy farishtaning o’zi –
bolalarimning onasi.
Yoshlikdagi romantikani ortga qaytarish uchun
deraza yonida o’tirib yomg’ir tomosha qilish uchun bir yaxshi kreslo sotib olsammikin-a?!
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев