Biz necha kundan beri kuchli shaxsiyat egasi bo’lish sirlari haqida suhbatlashyapmiz. Xo’sh, shaxsiyatimiz kuchi nimada? Shaxsiyat kuchli bo’lishi uchun unga qanday qudrat kerak?
Esingizda bo’lsa, sizga hayotiy quvvat haqida aytgandim. U bizga berilgan ilohiy energiya deb ta’riflangandi. Biz uni turli xil maqsadlarda sarflaymiz.
Ana shu hayotiy quvvatni mehrga aylangan ko’rinishi – shaxsiy kuch. Mehrga aylantirilgan hayotiy quvvat shaxsiyatingiz atrofida o’ziga xos maydon hosil qiladi. Hayotiy quvvat darajangiz qancha yuqori bo’lsa va siz uni qanchalik mehrga aylantira olsangiz – shaxsiy kuchingiz shuncha katta demak.
Shaxsiy kuch tushunchasi ko’pchiligimiz uchun yangi – uni darhol anglab olish bir oz qiyin. Ammo u bilan barchamiz tanishmiz, aslida.
Shunday odamlarni uchratasizki, ular sizda sababsiz hurmat, havas kabi ijobiy hislarni uyg’otadi. Ular bilan gaplashish ham shart emas – shunchaki, ularning yonida o’zingizni xotirjam his qilasiz. Ular bilan suhbatlashish, ularga hamrohlik qilishga o’zingiz sezmagan holda intilasiz. Bu – shaxsiy kuchi ko’p odamlar.
Odamlar ba’zida kimningdir oldida o’zlarini yo’qotib qo’yadilar – buni “sir bosdi” deb ham aytishadi. Odamning o’y-fikrlari va tuyg’ulariga ta’sir qilayotgan ana shu “sir” – shaxsiy kuch.
Shaxsiy kuchingiz tufayli odamlar siz aytgan gapga oson ko’nadigan, sizning fikringizni tez tushunadigan, sizdan kamdan-kam xafa bo’ladigan, sizning hamrohligingizga talpinadigan bo’ladilar. To’g’ri, bu gaplarim qanaqadir safsatadek tuyulishi mumkin. Ammo o’zingiz atrofingizdagi odamlarni kuzating – kim o’z shaxsiy kuchi bilan odamlarni o’ziga tortyapti-yu, kim ularga ergashyapti – tezda ajratib olasiz.
Odamlarga to’la xonani tasavvur qiling. Aytaylik, restorandasiz. Zaldagi hamma yonidagi hamrohi bilan suhbat-u, oldidagi taom bilan band. Eshikdan kimlardir kiryapti, kimlardir, aksincha, chiqyapti. Zalda o’tirganlar xonaga endi kirgan hamma odamga ham qarashavermaydi. Ammo eshikdan kuchli shaxsiyat egasi kirsa – juda ko’pchilik beixtiyor unga bir qarab qo’yadi. Agar eshikdan kirgan yangi mehmonning shaxsiy kuchi o’ta yuqori bo’lsa – zaldagilar hatto ovqatlanishdan ham to’xtab, unga tikilib qolishi mumkin.
Ishonmaysizmi? Keyingi gal odamlar gavjum joyda o’tirganingizda, atrofingizdagilar xatti-harakatlarini kuzatib ko’ring – juda ko’p qiziq narsalarni bilib olasiz.
Hammamiz kuchli shaxsiyat egalariga o’zimiz bilmagan holda intilishimizga bir oddiy sabab bor. Avval aytganimdek, bizning organizmimiz har doim sog’ligimiz uchun eng ma’qul qarorolarni qabul qiladi. Odamning shaxsiy kuchi boshqa odamlarning hayotiy energiyasini oshirib berish xususiyatiga ega (bu ajablanarli hol emas – axir, shaxsiy kuch mehrdan hosil bo’ladi, boshqa odamga mehr ko’rsatish esa uning hayotiy quvvatini oshiradi). Atrofimizda kuchli shaxsiyat paydo bo’lishi bilan, tanamiz unga bizning e’tiborimizni qaratmoqchi bo’ladi – chunki u ehtimolda bizning hayotiy quvvat zahiramizni to’ldirishga qodir.
Shaxsiyati kuchli odam atrofdagilarga mehr taratadi deganim - u hammaning ko’nglini olib yuradi degani emas. Kuchli shaxsiyat, shunchaki, atrofidagi har kim va har narsaga mehr bilan qaraydi, atrofiga mehrga to’yingan shaxsiy kuchidan yog’du taratib turadi. Qolganlar ana shu yog’duga o’zlari bilmagan holda talpinadilar.
Agar odamning shaxsiy kuchi yetarlicha yuqori bo’lsa, uning boshqa odamlar va dunyo bilan kelishmovchiliklari bo’lmaydi, u hech qachon qiyin vaziyatga tushib qolmaydi – shunday bo’lsa ham, shaxsiy kuchi uni bu vaziyatdan shikastsiz olib chiqib ketadi.
Bu bilan kuchli shaxsiyat o’zgalarni boshqarish qobiliyatiga ega bo’ladi demoqchi emasman. U, shunchaki, dunyo qonunlari va odamlar ahdiga qarshi bormaslikka harakat qilib yashaydi – shunga monand hamma hech narsa uning ahdlariga ham qarshilik qilmaydi. Kuchli shaxsiyat egasida shaxsiy muhimlik tuyg’usi bo’lmaydi – shaxsiy muhimlik tuyg’usi kishi hayotiy quvvatini isrof qiladigan odat. Undan qutulmay turib, kuchli shaxsiyat egasi bo’lish imkonsiz.
Hayotda kuchlilar qatori kuchsiz shaxsiyat egalarini ham uchratamiz. Bunday odamlar hamrohligida biz o’zimizni o’ta bezovta his etamiz. Chunki tanamiz bunday odam ehtimoldan bizdan hayotiy energiya olishi mumkinligini biladi va undan tezroq uzoqlashishga harakat qiladi. Albatta, siz bunday odamlarga yordam berishni istashingiz mumkin. Ammo buni, shunchaki, hayotiy energiya berish bilan emas – ularga o’z shaxsiyatlarini kuchaytirishga ko’maklashib qilgan ma’qul. Ana shunda o’zingizga zarar yetkazmay, boshqa odamga yaxshilik qilgan bo’lasiz.
Men sizga bir sir ochaman – u siz avval eshitgan haqiqatlarga mos kelmaydi: hayotda bezarar yaxshilik juda kam bo’ladi. Hayron bo’lmang. Siz qilgan juda ko’p yaxshi ishlar aslida kimningdir manfaatiga zid. Ko’p yaxshiliklarni biz o’z manfaatimizga qarshi qilamiz. Ko’chadagi nochorga yaxshilik qilgingiz kelib, pul berib ketasiz. Ammo siz bu pulni mehnat qilib topgansiz – uni o’zingiz uchun ishlatishingiz yoki bolangizga bir dona daftar olib berishingiz mumkin edi.
Men bu bilan aslo bunday ishlarni qilmang demoqchi emasman. Ammo buni rostdan ham ko’nglingiz istasagina qilgan ma’qul. Axir, hadisda ham “O’z qaramog’ingizdagi yaqinlaringiz rizqidan ortganini sadaqa qiling” deb bejiz aytilmagan.
Hech kimning manfaatini buzmasdan yaxshilik qilganga nima yetsin. Buning uchun esa shaxsiy kuchingiz darajasi yuqori bo’lishi va siz uni odamlarga yordam berishga yo’naltira olishingiz darkor. Yana bir sirni unutmangki, siz shaxsiy kuchingiz yordamida atrofdagilarga qancha ko’p beg’araz yaxshilik qila olsangiz – bundan shaxsiy kuchingiz shuncha ortib boraveradi.
Endi bir soat mutolaadan chalg’ib, dam oling. Bu muddatda hayotingizda uchratgan kuchli shaxsiyat egalarini eslasangiz ham mayli. Ularni eslash ham hayotiy quvvatingizni oshiradi.
Admin: eslatib o'taman bu post Javlon Jurayevning "O'zlik sari yetti qadam" kitobidan keltirilmoqda. Har kuni shu kitobning navbatdagi bobini guruhga yozib boraman, o'qib boring va do'stlaringiz bilan ham bu kontentni ulashishni unutmang. http://dilpora.com saytidan esa kitobni to'liqligicha ko'chirib olishingiz mumkin.
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев