***
“Mo’minning ko’nglini og’ritishning gunohi – Ka’batilloni uch marotaba buzib tashlash gunohiga tengdir”
(Hadisdan)
Hadisning bu satrlarida buyuk hikmat bor.
Biz Yaratuvchiga bo’lgan chin sevgi-ixlosimizni qalbimizda saqlaymiz. Tangri bizning ko’nglimizda yashaydi. Ana shu har bir odamning ichidagi Xudoning uyiga tajovvuz qilish – gunohi azim.
Biz har kungi hayotimizda ko’ngil birlamchi ekanini ko’p ta’kidlaymiz. Biz dildan suhbatlashishni yaxshi ko’ramiz. Ezgu amallarimizni ko’ngildan chiqarib qilamiz. Ko’ngli toza odamlarga talpinamiz. Bir-birimizning ko’nglimizni olamiz, kimlargadir ko’ngil qo’yamiz. Shaxsiyatimiz markazida qalb turishini bilib-bilmay tan olaveramiz.
Qalbning so’zlashish tili – mehr. U tashqi olam bilan faqat shu tilda muomala qiladi. U nimanidir yaxshi ko’radi va talpinadi, sevadi va sog’inadi, suyadi va dillashadi. U bizni bunyodkor bo’lishga undaydi – boshqa qalblarga ham o’z mehridan bergisi, atrofida yorqin dunyoni ko’rib, sevingisi keladi.
Uning yaratuvchi kuchi ham aynan mehr. U mehrdan ilhomlanadi, ijod qiladi, ixtirolar yaratadi – bizga yaratuvchanlik ruhini ato etadi. G’ayrat-u shijoatimiz, iste’dod-u qobiliyatlarimiz asosida mehr turadi.
Mehrning yaratuvchilik kuchi bugungi kunda isbot talab etmaydi. Buni hatto fiziklar ham tan olib ulgurishgan. Tibbiyotda esa mehrning shifobaxsh xususiyati asrlardan beri odamlarga ma’lum.
Mehr bilan qilingan ovqat shirin, chizilgan rasm go’zal, tikilgan kiyim qulay – mehr bilan aytilgan so’z betakror bo’ladi. Tajribada isbotlanishicha, mehr bilan o’stirilgan o’simliklar uzoqroq yashaydi, chiroyliroq gullaydi.
Amerikalik psixologlar bir tajribada yangi tug’ilgan chaqaloqlarni ikki guruhga ajratishgan. Birinchi guruhdagi go’daklarga doyalar mehr-e’tibor ko’rsatishgan, ular yotgan xona doim chiroyli bezatilgan. Ikkinchi guruh chaqaloqlarga hamma narsa berilgan (ovqat berilgan, taglari almashtirilgan, ularning xonasi chinnidek ozoda turgan) - ularga birgina mehr berilmagan.
Bir oydan so’ng olimlar tajribani to’xtatishga majbur bo’lishgan, chunki ikkinchi guruhdagi chaqaloqlarning ko’pchiligi xastalanib, ulardan biri nobud bo’lgan.
Ana shunaqa ayanchli saboq. Garchi biz uni aniq ko’ra bilmasak-da, mehrning hayotimizga ta’siri katta. Odamga ko’rsatilgan mehr uning kuchli shaxsiyat egasi bo’lishiga yordam beradi.
Qalbning birlamchi istagi – mehr berish. Avvalo, bu mehr insonning o’ziga qaratilgan bo’lishi lozim. Unutmang – o’zini yaxshi ko’rmagan odamni hech kim yaxshi ko’rmaydi. Odam qalbidagi mehrning bir bo’lagini o’ziga atashi kerak. Chunki har birimiz mukammal shaxsmiz – ichimizdagi qalb ana shunday mehribonchilikka munosib.
O’z-o’zini yaxshi ko’rishning xudbinlikka hech bir aloqasi yo’q. Egoist odam o’z manfaati uchun boshqalar manfaatidan kechuvchi shaxsdir. Aslida, xudbin odam – o’zini eng yomon ko’rguvchilardan yetishib chiqadi. Ular o’zlarini shunchaki baxtli bo’lishga noloyiq his etadilar va shuning uchun o’zgalar baxtini tortib olishga yoki yo’qqa chiqarishga harakat qiladilar. Bunday odamlarning jazosi o’zi bilan birga – o’zini yomon ko’radigan shaxsning hayoti o’z baxti uchun azobli kurashdan boshqa narsa emas.
O’z-o’zini shartsiz yaxshi ko’rish – o’zini boricha qabul qilish, o’zidan va hayotidan mamnun bo’lish demakdir. Siz o’z aqlingiz gaplaridan qat’iy nazar qalbingizni seva olsangiz – demak siz o’zingizni sevasiz.
O’ziga mehr ko’rsatishning belgilari juda oddiy. Agar odam ovqat tanovul qilayotganda hech narsaga chalg’imasa, o’zini va yashash joyini ozoda tutsa, o’z vaqtida ishlash va dam olishni bilsa – u o’zini yaxshi ko’ra oladi. Ichki kechinmalarda ham bunday odam o’zida ortiqcha aybdorlik tuyg’usini tutib turmaydigan, o’zi va boshqalar xatosini oson kechiradigan, o’z hayotidan mamnun yashaydigan bo’ladi.
Siz o’z sog’lig’ingiz, yashash muhitingiz, xatti-harakatlaringiz va hatto kamchiliklaringizni ham yaxshi ko’ring. Tanangiz unga ko’rsatilgan bu mehrdan doim tetik va ko’rkam yuradi. Yashash muhitingizdagi odamlar, o’simliklar va hatto jonsiz predmetlar ham mehringiz ta’sirini sezadi va shunga monand o’zgaradi. Mehr kuchi bilan sog’lig’ingiz mustahkam, chehrangiz ochiq, uyingiz fayzli va hayotingiz yorqin bo’ladi.
Hech e’tibor berganmisiz – chaqaloq bor xonadon boshqacha fayzli bo’ladi. Chunki bu uyda barcha yangi mehmonga shartsiz mehr ko’rsatayotgan bo’ladi – ularning bu mehridan uy muhiti to’yingan va tashqaridan kelgan odamni sarhush qiladigan bo’ladi.
Ammo keyinchalik bola katta bo’ladi, uning yoqimli qiliqlari qatori xarxashasi ham chiqadi. Tarbiya va’ji bilan asta sekin atrofdagilarning bolaga bo’lgan shartsiz mehri tobelik munosabatiga aylanadi va oiladagi avvalgi fayz biroz yo’qoladi. Katta odamlar esa bir-birlariga mudom tobelik orqali munosabatda bo’ladilar. Ular bolalikda olgan shartsiz mehrlarini birovga berishni unutib qo’yadilar. Bunda mehr qancha tobelikka alishtirilsa, fayz ham shuncha kam bo’ladi.
Inson hayotini yashab o’tib, bu dunyoni tark etganda – tag’in unga nisbatan shartsiz mehr ko’rsatiladi. Uni hamma kechiradi, undan hamma rozi bo’ladi – evaziga hech narsa kutmay uni yaxshi xotiralar bilan eslashadi. Ana shuning uchun qabriston ham – eng fayzli maskanlardan biri. Bu yerga kelgan odamlar marhum yaqinlariga shartsiz mehr tashlab ketishadi – ana shu mehrning kuchi bilan qabriston doim sokin bo’ladi. Ko’nglida dardi bor odam qabristonda o’zini yengil his etishi va ko’ngliga xotirjamlikni qaytarishi mumkin.
Atrof dunyoga mehribon bo’lish – katta mehnat talab etadigan yumush emas. Bu umuman yumush emas. Aslida, qalbimiz doim mehr ulashishga intilib yashaydi – faqat aqlimiz bunda unga to’sqinlik qiladi, xolos. Eski ginalarni eslatib, kibrga berilib, sizni muhimlikka tortib u ko’ngil xohishiga bo’ysunmaslikka sizni ko’ndiradi.
Siz qalbingiz so’ziga ergashing – hech kim va hech narsadan mehringizni ayamang. Sizdan taralib turgan mehr yog’dusini dunyo sizga yuz chandon qilib qaytaradi. Oddiygina mehr bilan hayotingiz qanchalik o’zgarganini ko’rib, o’zingiz ham hayron bo’lasiz. Axir, sizdan nima ketibdi – buni, shunchaki, qilib ko’ring.
Admin: eslatib o'taman bu post Javlon Jurayevning "O'zlik sari yetti qadam" kitobidan keltirilmoqda. Har kuni shu kitobning navbatdagi bobini guruhga yozib boraman, o'qib boring va do'stlaringiz bilan ham bu kontentni ulashishni unutmang. http://dilpora.com saytidan esa kitobni to'liqligicha ko'chirib olishingiz mumkin.
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев