Qachonlardir, yer yuzida bir orolcha bo‘lgan va unda barcha tuyg‘ular yashagan ekan. Bir kuni ular orolni suv bosayotganini bilib qolishibdi va o‘z kemalariga o‘tirib undan ketishga tushishibdi. Sevgi esa qolibdi. U ohirigacha kutibdi. Biroq orol to‘liq suv bilan qoplanavergach, ketishdan boshqa iloji qolmabdi. Shunda u Boylikning oldiga borib yordam so‘rabdi. Boylik unga javob beribdi:
—Mening kemamda qimmatbaho buyumlar ko‘p. Senga joy yo‘q.
Keyin u Qayg‘uning yoniga boribdi va:
—Kechir Sevgi, men shunchalik g‘amginmanki, doim yolg‘izlikni xohlayman, – degan javob olibdi.
Sevgi G‘ururning kemasini ko‘rib qolibdi, undan yordam so‘raganda, G‘urur:
—Sen mening kemamda tinchlikni buzasan, – deb javob beribdi.
Xursandchilik esa o‘yin-kulgusi sabab Sevgining hatto ovozini ham eshitmabdi. Sevgi tushkunlikka tushibdi. Shunda kimdir uni chaqiribdi:
—Kel Sevgi, senga mening kemamda joy bor.
Sevgi ovoz kelgan tomonga qarab, cholni ko‘ribdi. U Sevgini quruqlikkacha olib borib qo‘yibdi va u ketgach, Sevgi undan ismini ham so‘ramagani esiga tushibdi. Shunda u Ilmdan:
—Meni qutqargan kim edi? Kim edi u qari kishi? – deb so‘rabdi.
—U Vaqt edi.
—Vaqt, – hayratlanibdi Sevgi, u nega meni qutqardi?
Ilm avval Sevgiga, keyin Vaqt ketgan tomonga qarab:
—Chunki hayotda muhimi Sevgi ekanligini faqat Vaqt biladi, debdi.