Joyidami ishingiz?
Bilaman bizlar haqda
Hamon o‘y-tashvishingiz.
Axir o‘zim ham bugun,
Uch farzandga otaman.
Har kun tunni allalab,
Quyoshni uyg‘otaman.
Yuragimga tig‘dayin,
Botdi zo‘r tikan, dada.
Bu dunyoda sizdayin
Do‘stim yo‘q ekan dada.
Anglaganim shu bo‘ldi,
Bugun o‘ttizdan oshib.
Tog‘ kabi metin ekan
Otalarning bardoshi.
Men haqda ko‘p orzular,
Qilganingiz rost, dada.
Kech bo‘lsa-da, kechiring
Meni, iltimos, dada.
Siz aytganday yuribman,
O‘z-o‘zimdan ko‘payib.
Yashayapman shaharning
Bir chetida so‘ppayib.
Dada, yodingizdami,
Qo‘yardingiz ko‘p nolib.
Ortingizdan qolmasdim,
Qo‘lingizdan tutvolib.
Bugun suzib ketyapman,
Hayot otlig‘ kemada.
Dadajon, qo‘llarimni
Qo‘yvordingiz nimaga?
Bunda olchoq, olg‘irning
Ishi doim o‘ng kelar.
Alda, tirjay yolg‘ondan,
Omad shundan so‘ng kelar.
Ta’rifini qilolmam
Bu soxta olamlarning.
Dada, sog‘inib ketdim
Samimiy odamlarni.
Hayot ba’zan beshafqat,
Biroq mehri ziyoda.
Yaxshiyamki baxtimga,
Yaxshilar ko‘p dunyoda.
Ro‘zg‘or og‘ir, ro‘zg‘or — g‘or,
Zirqirab og‘rir tanam.
Shukur, qo‘llaganlar ko‘p,
Ko‘rolmaganlardan ham.
Sizga aytsam rostini,
Hamon o‘sha-o‘shaman.
Do‘stlarim ko‘p, ammo chin,
She’riyatga oshnaman.
Ba’zan satrlarimda,
Ko‘zdan yoshim oqadi.
Quyosh yelkam silasa,
Oy jilmayib boqadi.
Lekin, dada, gohida
She’r ham jongadir tegadir.
Qadrdon ota uyga
Ketgim kelar negadir.
Keng bo‘lsa-da, shaharning
Dargohiga sig‘mayman.
Tushda bolaligimni
O‘pib, quchib yig‘layman.
Chopib, yelib topganim,
Quruq savlat, aslida.
Borligingizni o‘zi
Menga davlat, aslida.
Yillar buncha yugurik,
Shoshar soat kaftgiri.
Hamon sezib turaman,
Qo‘lingizni taftini.
(c) Jahongir Sharofboyev
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Комментарии 1