Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Kim ilm talab qilish yo’liga tushsa, Alloh unga jannatning yo’lini yengillashtiradi. Qaysi bir qavm Allohning uylaridan birida jam bo’lib, Allohning kitobini tilovat qilsalar, uni o’rgansalar, albatta, ularning ustiga sakiyna tushadi, ularni rahmat o’rab oladi, farishtalar qurshab oladi va Alloh o’z huzuridagilar qatorida zikr qiladi", dedilar". (Imom Muslim va Abu Dovud rivoyat qilishgan).
Sharh: Payg’ambarimiz (s,a,v) o’zlarining bu hadislarida boshqa yaxshi amallar qatori, ilm talab qilishning va Qur'oni Karimni tilovat qilishning, uni o’rganishning fazlini ham bayon qilganlari uchun muallif uni ilm kitobida keltirganlar.
Payg’ambarimiz (s,a,v) bu hadisi sharifda har bir mo’min-musulmon qilishi lozim bo’lgan yaxshi amallardan bir nechtasini va uni bajargan mo’min-musulmon bandaga beriladigan mukofotlarni zikr qilmoqdalar. Shu orqali ummatlarini o’sha yaxshi amallarni qilishga targ’ib etmoqdalar. Keling, o’shaamallar va ularning natijalarini birma-bir ko’rib chiqaylik:
"Kim ilm talab qilish yo’liga tushsa, Alloh unga jannatning yo’lini yengillashtiradi".
Ilmga qiziqtirish uchun bundan ortiq targ’ib bo’lmasa kerak. Har bir insonning oily maqsadi jannat. Jannatga erishish uchun u har narsa, har qanday qiyinchiliklarga tayyor. Ilm talab qilish esa, jannatning yo’liga tushishdir. Ilm yo’li bilan borgan odam oxiri jannatning eshigi oldidan chiqadi.
Kezi kelganda muhim bir masalani eslab qo’yish zarur. Oyati karima va hadislarda zikri kelgan ilm haqida kishilar ichida tushunmovchiliklar mavjud. Ba'zilar oyat va hadislarda zikr etilgan ilmdan murod diniy ilmlar, deyishadi. Bu noto’g’ri fikr! Oyat va hadislarda zikri kelgan ilm hamma foydali ilmlarni o’z ichiga oladi. Diniy ilmlar, albatta, birinchi o’rinda turadi. Ammo boshqa ilmlar ko’zda tutilmagan deyish mutlaqo noto’g’ridir. Agar faqat diniy ilmlar ko’zda tutilsa, bu narsa alohida qayd qilinadi. Misol uchun, Alloh kimga yaxshilikni ravo ko’rsa, dinda faqih qilib qo’yadi, deyilgan hadis bor. Shunga o’xshash boshqa islomiy ilmlar haqida gap ketganda ularning nomi va sifati ham zikr qilinadi.
Yana bir toifa kishilar ilm va uning savobi haqida so’z ketganda, kim bo’lsa ham ilmli bo’lsa, ushbu gap va savoblar unga ham tegishli, deydilar. Kofir, munofiq, fosiq, ibodatsiz kishilar tomonidan ilmga urinish bo’lsa, ularni mam mazkur va'dalarda haqqi bor, deydilar. Bundoq kishilar Islomda har bir amalni qabul bo’lishi, savobi yetishi uchun iymon, niyat, ixlos shartligini unutib qo’ygan odamlardir. Shuning uchun oyati karima va hadisi shariflarda zikri kelgan ilmdan murod, barcha foydali ilmlar bo’lib, ularga qilingan va'dalarga iymon va ixlos bilan uringan mo’min-musulmonlar erishadi, deyishimiz to’g’ri bo’ladi.
Bu qoidani ushbu hadisi sharifga ishlatadigan bo’lsak, mo’min-musulmon kishi o’zi uchun, jamiyati uchun, insonlar uchun foydali ilmga "bu amr menga Allohning amri, Islomning talabi" deya urinsa, u jannatning yo’liga tushgan bo’ladi. Alloh taolo unga jannatning yo’lini yengillashtiradi.
"Qaysi bir qavm Allohning uylaridan birida jam bo’lib, Allohning kitobini tilovat qilsa, uni o’rgansa, albatta, uning ustiga sakiyna tushadi, ularni rahmat o’rab oladi, farishtalar qurshab oladi va Alloh o’z huzuridagilar qatorida zikr qiladi".
Hadislarda "Allohning uylari" deyilganda masjidlar ko’zda tutilgan bo’ladi. Demak, masjidlardan birida o’tirib, Allohning kitobi - Qur'oni Karimni tilovat qilgan, uni o’rgangan odamlar ushbu hadisi sharifda zikr qilingan darajaga erishadilar.
Bu hadisi sharifda ularga to’rtta buyuk daraja va'da qilinmoqda: "Albatta uning ustiga sakiyna tushadi". "Sakiyna" - sokinlikdan olingan bo’lib, qalb xotirjamligi, hamma tarafdan sokinlik, xotirjamlikni anglatadi.
Demak, masjidda jam bo’lib Qur'oni Karimni yetarli darajada tilovat qilgan, uni o’rgangan odamlarga qalb xotirjamligi, har bir narsada sokinlik, xotirjamlik tushadi. Qur'oni Karimning xayru barakasi ularning hayotlarini bezaydi.
"Ularni rahmat o’rab oladi". Ya'ni, o’sha masjidda o’tirib Qur'on tilovat qilib, uning ma'no va hukmlarini o’rganayotgan kishilarni Allohning rahmati o’rab oladi. Mo’min-musulmon qavm uchun uni Allohning rahmati o’rab olishidan ham ko’ra yaxshiroq holat bo’lmasa kerak!
"Farishtalar qurshab oladi". Ya'ni, o’sha masjidda o’tirib Qur'on tilovat qilayotgan, uni o’rganayotgan kishilarni Qur'onning hurmatidan farishtalar qurshab oladilar. Dunyoda farishtalar hurmat bilan qurshab turgan bir qavm bo’lsa, ana o’sha qavm bo’ladi. Hech bir musulmon qavm uchun bundan ortiq muborak maqom bo’lmasa kerak!
"Alloh o’z huzuridagilar qatorida zikr qiladi". "Allohning huzuridagilar" -
"Malau'il A'lo" nomli oliymaqom zotlardir. Bu eng oliy maqomdir. To’planib Qur'on tilovat qilgan, uni o’rganib turgan qavmlarni Alloh taolo o’sha oliymaqom zotlar bilan birga zikr qilar ekan. Bu dunyoda biror mansabdor bir odamning nomini tilga olib qo’ysa, o’sha odam umrbod "falonchi akam meni falon joyda, falon vaqtda zikr qilgan", deb g’ururlanib yuradi.
Endi Alloh taolo o’z huzuridagi eng oliymaqom zotlar qatorida zikr qilishi qanchalik baxt ekanini tasavvur qilib ko’ring. Bu oliy maqomga erishish esa juda ham oson. Alloh taoloning kitobi - Qur'oni Karimni tilovat qilish, uni o’rganish kerak, xolos.
Ushbu ulug’ hadisi sharifdan olinadigan foydalarni yana bir bor qisqacha zikr qilib
O’tamiz:
1. Mo’m ilm talab qilish yo’liga kirsa, Alloh unga jannat yo’lini oson etishi.
3. Masjidlarda Qur'on tilovati tashkil qilishga targ’ib.
4. Qur'on tilovatida ishtirok etadiganlarga sakiyna tushishi, ularni rahmat va
farishtalar o’rab olishi va Alloh o’z huzuridagi a'lo darajali zotlar bilan bir
qatorda zikr qilishi.
Allohga shukrlar bo’lsin, ushbu hadisdan ko’plab foydalarni o’rganib oldik. Endi insof bilan ushbu hadisi sharif hikmatlarini hayotimizga solishtirib ko’raylik. So’ngra o’zimizni kim ekanligimizga baho beraylik.
Ilm talab qilish masalasini ko’raylik.
Ilm talabi yo’li-jannat yo’li ekanini hammamiz tushunib yetganmizmi?
Ilmga dinimiz talab qilgandek urinamizmi?
Nima uchun dinimiz ilm talabini har bir musulmon erkak va ayolga farz qilgan
bo’lishiga qaramay, ko’plab musulmon yurtlarida yalpi savodsizlik hukm surmoqda?
Dunyodagi boshqa millatlar ilmning yuqori cho’qqisiga chiqqan bir paytda ko’pgina musulmon davlatlar aholisining yarmidan ko’pi o’qish-yozishni bilmaydi. Ko’plarida ta'lim ishlari yo’lga qo’yilmagan. Musulmonlar hayotning eng zarur sohalarida o’z olimlari yo’qligidan g’ayridinlarning yordamiga muhtojlar.
Boshqalar bolalarini ilm olishga undasalar, musulmonlar bolalarini pul topishga, mol boqishga majbur qiladilar.
Boshqalarda ilm va olimlar yuksak qadrlansa, musulmonlarda ilm va olimlar yerga uriladi. Islomning ilm dini ekanining alomati shumi?!
Qur'oni Karimda ilmga targ’ib qiluvchi oyatlarga amal qilish shumi?! Ilm haqidagi
hadisi shariflarga amal qilish shumi?!
Bu holatga barham berish payti kelgan. Har bir musulmon ilmga nisbatan munosabatini Islom ta'limotiga muvofiq qilib olishi kerak. Har kim o’ziga kerak narsaning ilmini talab qilishi lozim. Har bir sohada o’z ehtiyojimizni qondiradigan olimlar tayyorlashimiz farzi kifoya. Bo’lmasa hammamiz barobar gunohkor bo’lamiz.
Endi Qur'on tilovati va uni o’rganish masalasiga o’taylik.
Qur'on - ilohiy dastur, ikki dunyo saodatining kaliti. Qur'on - tilovat qilish, o’rganish va amal qilish uchun Alloh tomonidan yuborilgan. Uni tilovat qilish va o’rganish yuksak darajalarga yetkazadi. Qur'onga amal qilish ulug’ martabalarga yetkazadi.
Bas, shunday ekan, Qur'on tilovat qilmaydigan musulmon bo’lishi mumkinmi?
Endi insof bilan aytaylik, ichimizdan necha foizimiz Qur'on harflarini taniymiz?
Necha foizimiz Qur'on tilovatini bilamiz?
Necha kishi Qur'onni avvalidan oxirigacha to’g’ri tilovat qila oladi?
Necha kishi Qur'onning ma'nolarini, hukmlarini dars qilib o’qigan yoki o’qimoqda?
Ushbu savollarga javobimizga qarab o’zimizning qanday musulmon ekanimizni bilib olishimiz mumkin:
Nima uchun Qur'on o’qimaymiz, uni o’rganmaymiz?
Nima uchun ustimizga sakiyna - xotirjamlik tushishini xohlamaymiz?
Nima uchun o’zimizni Allohning rahmati o’rab olishini istamaymiz?
Nima uchun bizni farishtalar qurshab olishini xohlamaymiz?
Nima uchun Alloh bizni o’ziga muqarrab (yaqin) zotlar bilan bir qatorda zikr qilishini istamaymiz?
Bu ahvolimiz o’ta achinarli holdir. Musulmonman, degan har bir kishiga Qur'on tilovat qilish, uni o’rganish farz ekanini to’liq tushunib yetishimiz kerak. Har bir musulmon o’zining ilohiy dasturini o’qib-o’rganishi lozim. Bu ishda masjidlardan keng foydalanish kerak. Zotan masjidning bosh vazifalaridan biri ham shu! Hadisi sharifda masjidda to’planib Qur'on tilovat qilib, uni o’rganyotgan qavm haqida so’z ketmoqda. Avvallari alohida darsxonalar, madrasalar bo’lmagan. hamma narsa masjidda amalga oshirilgan. Payg’ambarimiz (s,a,v) ham sahobalarga Qur'oni Karimni masjidda o’tirib o’rgatganlar. Keyingi avlodlar ham shunday qilishgan. Hozirda ham musulmon o’lkalarda Qur'on ta'limi asosan masjidlarda bo’ladi. Agar shunday qilsak, Alloh xohlasa, asta-sekin diniy savodsizlikka barham berishimiz mumkin bo’ladi.
"Hadis va hayot", 30-jild
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев