Qandaydir rohat bor "siz" degan so'zda,
Siz bilan xayolan suhbat qurardim.
Sizni birinchi bor uchratdim kuzda,
Siz kuzni, men sizni yaxshi ko'rardim!
Jimgina kuzatib borardim sizni,
Ketib borardingiz sovuq qotgandek.
Badtar tortardingiz sharfingizni,
Xuddi mening mehrim yetmayotgandek.
Mag'rur ketardingiz solmasdan nazar,
Kuzga yaqinlashib mendan yiroqlab,
Umidlarim kabi sochilib yotar,
Oyoqlar ostida sarg'ish yaproqlar!
Loaqal bir boqib qo'yolmadingiz,
Ayting, yuragingiz shunchalar muzmi?
Hazonrez bog'larda kezaman yolg'iz,
Kuz sizni eslatar, siz esa kuzni.
Siz kabi mening ham qotmoqda diydam,
Tobora yuragim muzga aylandi.
Garchi men kuz faslin yoqtirmasam ham,
Siz ketib hayotim kuzga aylandi!
Bo'ldi, bas, charchadim holim bo'ldi tang,
Ketyapman men bilan dil to'la dardim.
Faqat bir iltimos, shuni unutmang,
Siz kuzni men esa sizni sevardim!!!
Xazonrez bog'larda kezaman yolg'iz!
Obidhon Mamadaliev
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев