— deb so‘radi Asadbek, kosani sal nari surib. — Men adanglarni chaqirmagan edim. Bu gap oramizda qolsin. Ayangga ham aytma. Ovozni kimga o‘xshatding? Umid yelka qisib, yerga qaradi.
— Aytaver, qo‘rqma. Bu tasodifga o‘xshamayapti. Agar adanglarni... o‘ldirishgan bo‘lsa... unda sen... ularni o‘ldirasan. Ketgan kelarkan, ketmonlagan qaytib kelmas ekan. Men bu ishning tagiga yetaman. G‘alamisni topib o‘ldirmasak, adanglar bizdan rozi bo‘lmaydi. Hayot shunaqa, Umidjon bolam, erkak odam qasos uchun yaralgan. Asadbek hayot haqidagi, yaralish va o‘lim to‘g‘risidagi, mehr va zulm xususidagi o‘z dunyoqarashi, o‘z xulosalariga tayanib aytdi bu gaplarni. U «al qasosul minal Haq» — «qasos Haqdandir» degan haqiqatning ma’nosiga yetmas edi. Asadbekday odam bu haqiqat mag‘zini chaqolmasa hayotning achchiq mevasini endigina totgan bu yigit nima desin? Yarim tunda otasining o‘limi haqidagi xabarni eshitiboq «adamni o‘ldirishibdi»,
degan xayolga bandi bo‘lib qolgan yigitga Asadbekning hozirgi gaplari qanot berdi. U otasining murdasi uyga olib kelinib, g‘assolning qo‘liga topshirilgunicha ham, Yerga topshirilib, to fotihachilar oyog‘i uzilgunicha ham «Kim o‘ldirdi?» degan savolga javob topmoq istadi. Ko‘ngil so‘rovchilarning aksari uning ko‘ziga qotil bo‘lib ko‘rindi ham. «Bandalik...» degan so‘zlari yigitning qulog‘iga «Bopladik...» deganday eshitildi. Hatto... «opoq dada» deb erkalab mehr qo‘ygani Asadbek ham bu ro‘yxatga bir kirib chiqdi. Hozir opoq dadasining dardli ohangdagi gaplarini eshita turib undan gumonsiragani uchun uyaldi.
— Ota-bobolarimiz hamisha shunday qilishgan, — dedi Asadbek. — Biz ham shunday qilamiz. Agar sen bilan men eplay olmasak, ukalaring ulg‘ayganida o‘ldirishadi u palidni. Agar ukalaring katta bo‘lgunicha u o‘lib qolsa, iflosligi uchun bolalari javob beradi. Hukm shu. Boshqacha bo‘lishi mumkin emas. Endi ayt, ovozni tanidingmi? — Umiddan sado chiqavermagach, Asadbek uning hozirgi qarashiga asoslanib — Xumkalla emasmi? — deb so‘radi.
Umid opoq dadasiga bir qarab oldi-yu, ishonchsizlik bilan bosh irg‘adi.
— Bo‘pti, birovga og‘iz ochma. Sen qarashingdan gumoningni sezdirib qo‘yyapsan. Chaqirgan Xumkalla bo‘lsa, chaqirtirgan kim? Bu yog‘iga aralashmay turasan. Bolaning tashqi ko‘rinishi otaga o‘xshagani bilan fe’li hamisha ham bir xil bo‘lavermaydi. Umidning bo‘y-basti otasiga tortsa-da, qiziqqonligi o‘xshamasdi. Yosh yigitlardan vazminlik, chuqur mulohaza yuritishni talab qilishning o‘zi to‘g‘ri emas. Qiziqqonlik barcha yoshlarga xos. Vaqti kelib, bosh turli devorlarga urilib, ko‘zi ochilgach, unda o‘sha vazminlik, sermulohazalilik o‘z-o‘zidan uyg‘onadi. Xudo umrini bersa, balki Umid ham otasi kabi bo‘lar, vallohi a’lam.
Hozir esa... Agar hozir Asadbek «to‘g‘ri fahmlabsan, otangni shu o‘ldirgan» desa, o‘ylamay-netmay qo‘liga pichoqmi yoki boltani olib yugurib qolar edi. Asadbek shuni nazarga oldimi, har nechuk uni tiydi.
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев