Chuvrindining o‘limi xususidagi Kesakpolvonning xabari unga aynan shu yerga yetkazilgandi. O‘shanda Xongirey xushxabarni aytgan Mamatbeydan:
— Asadbekning o‘g‘illari Germaniyada edimi?— deb so‘rab, savoliga javob kutmayoq amr etgan edi:
— Xabar olchi, har holda qadrdonimning bolalari, uyiga qaytadigan
bo‘lishsa, Moskvada uch-to‘rt kun mehmon qilaylik.
Ularni qanday kutib olish, qanday mehmon qilish rejasi aynan o‘sha yerda, o‘sha damda pishib yetilgan edi. Yovlashib qolgan ikki odamning biri otasidan qolgan eski uyida, bolalik chog‘ida basharasiga tuflab, xalq dushmani o‘g‘liga nafratini izhor etgan do‘stlari uchun osh damlatib o‘tirardi. Do‘stlarini kutayotgan Asadbekning xayoli bolalik xotiralari
bilan emas, balki ukasiday qadrdon bo‘lib qolgan Chuvrindining halokati bilan band edi. Shaxovskoydagi qarorgohda esa Xongirey shoxona dasturxon tuzab, o‘g‘rilar olamiga kirib topgan Kats, Yaponchik, Tengiz, Jamal, Mixas, Karo, Yakutyonok kabi laqablar bilan nom chiqargan do‘stlarini kutayotgan edi. Mazkur maishat Kozlov saltanatining barbod
etilgani suyunchisi edi. Xongirey shu ziyofat bahonasida O‘zbekistonda ham to‘la nazorat o‘rnata boshlaganini ma’lum qilib, «senlar u tomonlarga burinlaringni tiqmalaring», deb ishora qilib qo‘ymoqchi edi.
Osmonga hukmini o‘tkazishga, quyosh yuzini to‘sishga ahd qilgan qora bulutlar ohista va sokin suzib yurgan bo‘lsalar ham, ulardan qo‘rqqulik. Yetarli quvvat to‘plagach, bir-biriga yaqinlashadi-yu, yashin chaqnab hamma-yoq ostin-ustin bo‘lib ketadi. Shamol ularni haydab, quyosh yuzi ochilgunga qadar qora bulutlar bag‘ridan to‘kilgan do‘l ekinlarni payhon qilishga ulguradi. Shaxovskoydagi qarorgoh bilan Asadbekning eski uyi orasida salkam beshming chaqirim masofa bo‘lsa-da, bu ikki joyni, bu ikki jonni ko‘zga tashlanmas iblisning zulm iplari bir-biriga bog‘lab turardi. Qora bulutlarni-ku shamol haydar, ammo qora niyatlarga nima to‘siq bo‘la olar ekan?
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Комментарии 125
Shaytanat muxlislari! Shaytanat filmiga statusimda ovoz bervorilar!