O‘tkir boyvachchaning uyini topish
uncha qiyin bo‘lmadi. Did bilan qurilgan
ikki qavatli uy, deraza oynalariga
naqshinkor panjara tutilgan, temir
darvozasi esa endi chiqayotgan
quyoshning ilk nurlarida tovlanardi.
Bahrom darvozaning qo‘ng‘irog‘ini
bosdi. Eshikni bo‘ynilari yo‘g‘on,
basavlat kishi ochdi.
– Nima deysan?
– O‘tkirni mumkinmi?
– Qanaqa O‘tkir? Ha, umi?! Undan uyini
sotib olganman.
– Uni qayerdan topsam bo‘ladi?
– Bilmayman, – barzangi kishi shunday
deb, boshqa savoling yo‘qmi, degandek
birpas qarab turdi-da, qarsillatib eshikni
yopdi. Avvaliga Bahrom nima qilishini
bilmay qoldi. Keyin fikrini bir joyga
jamlab, shahar Ichki ishlar
boshqarmasiga bordi. U yerdan ham
O‘tkir haqida birmuncha ma’lumot oldi.
Uni topishga ko‘maklashish uchun bir
xodimni ham qo‘shib berishdi. Bahrom u
bilan O‘tkir bo‘lishi mumkin bo‘lgan
xilvatgohlarga bordi, u haqida so‘rab-
surishtirdilar. Nihoyat, shahar chetidagi
bir xaroba kulbadan uni topishdi. U
xonada g‘ujanak bo‘lib yotardi. Bahrom
uning boshiga borib, yuziga tikildi. U
avvalgi O‘tkirga sira ham o‘xshamasdi.
Yuzlari so‘lg‘in, sochlariga oq oralagan,
qovoqlari qip-qizil bo‘lib bo‘rtib chiqqan
edi. G‘amgin va ma’nosiz ko‘zlariga
tikilgan Bahrom uni tanidi.
– O‘tkir, tur o‘rningdan…
U ko‘zlarini kattaroq ochib qaradi.
– Bahrom, do‘stim, senmisan? Meni
ajalim etganga o‘xshaydi.
– Bu nima deganing? Hali hammasi
yaxshi bo‘ladi!
O‘tkir shifoxonaga yotqizildi.
Doktorlarning aytishicha u giyohvand
moddalarga o‘rganib qolgan ekan.
Oradan bir yarim oy o‘tgach, u ancha
sog‘aydi. Bu orada Bahrom do‘stining
giyohvand bo‘lib qolishiga sababchi
bo‘lgan narkobizneschilar guruhini
hibsga olishga erishdi. Noqonuniy yo‘l
bilan jinoyatchilar qo‘liga o‘tib ketgan
firma va do‘konlar egasiga qaytarildi.
Uch oydan so‘ng O‘tkir butunlay
sog‘ayib chiqdi.
– Sen menga juda katta yaxshiliklar
qilding, Bahrom. Qayta tug‘ilib, yangidan
hayot boshladim, desam ham bo‘ladi.
Sen bo‘lmasang holim ne kechardi
bilmadim, do‘stim…
– Nimalar deyapsan? Biz axir do‘stmiz-
ku, O‘tkir?! «Yiqilgan payting
suyamagan do‘st – do‘st emas», deb
o‘zing aytganding, esingdami?..
Ular qattiq quchoqlashishdi.
Taqdir bu ikki do‘stning bir-biriga
bo‘lgan sadoqatini sinovdan o‘tkazgan
edi…
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев