O‘sha kuni yomg‘ir tinimsiz
yog‘ayotgandi. Dadamning tobi yo‘qligidan
ko‘nglim g‘ash edi.
-Xolida, chop, Rasul do‘xtirni chaqirib
kel, -dedi onam.
Men onamga hayron boqdim. Yarim
tun. Qorong‘idan qo‘rqaman. Onam
shoshilib, dadamning yoniga kirib
ketdilar. Telefonimizning puli
to‘lanmaganligi uchun uzib qo‘yishgan.
Akam paxtada. Noiloj dadam yotgan xonaga
kirdim. Rangi dokadek yuragini
g‘ijimlab, o‘zini har yon tashlayotgan
otajonimni ko‘rib qo‘rquvni unutdim.
Rasul do‘xtir bizdan ikki bekat narida
turadi. Kunduz kuni bo‘lsa ming marta
borib kelishgayam rozi edim.
Biroq hozir qorong‘ida, yomg‘irda...
Yo‘lakning birinchi qavatida turadigan
Shahnozalarning eshigini taqillatdim.
Balki birga borib kelar, balki
telefonidan foydalanarman. Yo‘q, hech kim
javob bermadi. Yakshanba kuni
mehmonga ketishgandir, degan xayol
bilan soyabonimni ochib yo‘lga tushdim.
Har qalay, yo‘l chetida do‘konlar
qator-qator bo‘lganligi uchun
chiroqlarini yoqib ketishgan ekan. "Sanam”
fabrikasidan o‘tib olsam, u yog‘i yaqin.
Rasul do‘xtir ham maza qilib uxlab
yotgandir. U dadamni 15 yildan beri uyda
davolaydi. Xayol bilan chopib
ketayotganimda orqa tomondan kelib
bir sharpa ikki qo‘llab belimdan aylantirib
quchoqladi. Chinqirib yubordim.
Biroq atrofda zog‘ yo‘q. Yaxshiroq
qarasam, zog‘ yo‘q, deb adashganligimni
anglab yetdim. Chunki do‘konga
suyangancha turgan yana uch sharpa
baravar men tomonga qo‘zg‘aldi.
-Akajon, qo‘yvoring, menda hech
narsa yo‘q. Pulim ham yo‘q. Dadam og‘ir
kasal. Do‘xtir chaqirishga
borayapman, -dedim yalinib.
-Qaranglar, asal qiz ekan, yarim
kechada pishirib qo‘yibdimi? O‘z oyog‘i
bilan keldi-ya. Seni o‘zing pul,
qizaloq, -dedi barzangilardan biri.
Shu payt bo‘ynimda onamning
qimmatbaho zanjiri borligi yodimga tushib,
jon holatda ushlab turgan
nusxaning bilagidan tishlab oldim-da,
yugurdim. Yuragim og‘zimga tiqilgudek
bo‘lib, Rasul do‘xtirning yo‘lagiga
yetib bordim. Yaxshiyamki, birinchi
qavatda turadi. Qo‘llarim qaltirab
ketayotganligi tufayli eshikni oyog‘im bilan
tepdim. Bu orada yigitlar yo‘lakda
paydo bo‘lishdi. Endi ulardan
qo‘rqmayotgandim. Chunki Rasul do‘xtir
sumkasini ko‘tarib chiqayotgan edi.
-Dadamning ahvoli juda og‘ir. Tez-tez
yuring, tog‘a, -deb vaziyatni tushuntirdim.
Do‘xtir soyabonni ko‘tarib
oldi. Ikkimiz bir soyabonda tez yurib
ketdik. Ellik qadamlar yurganimizdan so‘ng
yigitlar ortimizdan kelayotganini
sezdim.
-Bezori bolalar bor. Tog‘a, chopaylik -
dedim do‘xtirga. Ular bo‘ynimdagi
taqinchoqni olib qo‘yishmoqchi.
-Ey qizim. Sen o‘zing qimmatbahosan.
Bular bir temirda. Sen chopqillab ketaver.
Men qarib qolganman, -
dedi u.
Men qadamimni tezlatdim. Shu payt
ortimdan:
-Qizchani tashlab keting, do‘xtir, -
degan ovoz keldi.
-Nima qilasan? Boyaqishning yuragini
yoribsanlar. Shu yomg‘irda uyda
o‘tirsanglar bo‘lmaydimi? Sizlardan
xavotir oladigan ota-ona bo‘lmasa, bu
qizni ota-onasi ilhaq kutib o‘tiribdi.
Boringlar.
-Ezma ekansan, chol. Yarim kecha
yo‘limdan chiqqan qizni hech qachon
shunchaki qo‘yib yubormayman.
Badr, qizni ushla.
Badr deganlari shamoldek kelib meni
ushladi va qorong‘ida sal-pal yaltirab
turgan mashina tomonga
sudradi. Uni bir sakrab, ko‘ksiga
tepdim. Orqasi bilan yiqildi.Yana qochdim.
"Do‘xtir buva, yordam bering!”.
Ortimga o‘girilib do‘xtir ham yordamga
muhtoj ekanligini ko‘rdim. Uni qolgan
yigitlar sasna daraxti yonida tepib,
ayamay urishayapti.
Qo‘yvoringlar, dadam o‘lib qoladi.
Mayli, meni o‘ldirsanglar ham do‘xtir
tezroq ketsin.Izimga qaytib, ular
bilan olisha boshladim.Ammo uch
yildan beri «Kiokushinkay»ga qatnaganim
zoye ketdi. Ular ko‘pchil va baquvvat
edilar.
-Badr, zog‘chaning ovozini o‘chir.
-Do‘xtirni tiriklay tashlab
ketaveraylik-da.
-Qizni olib ketganimizga guvoh
bo‘lmasligi kerak. Baxtiyor, bu tepkingdan
pishak ham o‘lmaydi. Sharfing
bilan bo‘g‘.
Bu gaplar xuddi tushimda
bo‘layotgandek tuyulardi. Kiyimlarim
namiqib ketganligidanmi,
qo‘rquvdanmi tishlarim takkillab,
bir-biriga urilardi. Nahotki, bir pasda inson
hayoti ostin-ustun bo‘lib ketsa?
Do‘xtirning ovozi chiqmay qoldi.
-Joni uzildi, -dedi yigitlardan biri.
Qorong‘ida yo‘l girdidagi ariqqa Rasul
do‘xtirning jonsiz tanasini
uloqtirishdi. Men bu ko‘rgulikdan bor
ovozim bilan yig‘lashni istardim, biroq
og‘zimni mahkam yopgan baquvvat
qo‘llar xalaqit berardi. Shu payt
miyamga urilgan zarbdan esimni yo‘qotdim.
Qancha behush yotganimni
bilmayman. Ko‘zimni ochsam, "Neksiya”
mashinasining orqa o‘rindig‘ida ikki
yigitning tizzasiga yotgancha
qayoqqadir olib ketilayapman. Qayoqqa?
-Meni qo‘yvoringlar. Dadam...
Ular gapimni eshitmayotganini
angladim-u, o‘yga botdim. Rasul do‘xtir
bilan meni kutib onam tong
ottirayotgandir. Qorong‘ida yolg‘iz
yuborganiga ming bor pushaymon
bo‘layotgandir ham. Dadam-chi? Ertaga
maktabga borishim kerak. Nimalar
bo‘layapti? Mashina chiroqlari yorug‘ida
"Chim” degan yozuv ko‘rindi. Hali
Qarshidan nariga bormaganim uchun
qayerligini anglamadim. O‘n daqiqalardan
keyin mashina katta yo‘ldan o‘ng
tarafga burildi. Qorong‘ida o‘nqir-
cho‘nqir yo‘llardan o‘tayotganimiz sezilib
turardi. Yigitlarning biri:
-Rashid aka, kimnikiga haydayapsiz? -
deb so‘radi.
-Oshnam bor. Shunikiga
kirib ,maslahatlashib olamiz, -dedi u.
Uyga yaqinlashdik. Tashqarisida yonib
turgan chiroq nuri ko‘nglimga qandaydir
yorug‘lik berdi. Balki bu
uyda yaxshi odamlar turishar, degan
o‘y ko‘nglimni yoritardi. Oddiy,
suvalmagan, hatto shiferi ham yo‘q edi
uyning. Biroq hovlisi juda katta.
Shaharda bunday hovlida 4-5 xo‘jalik
yashashi mumkin. Buncha ovloq joy ekan.
-Qizcha, joning shirin bo‘lsa o‘z
oyog‘ing bilan uyga kir. Baqirma, dodlama.
Kak budto, sen o‘z xohishing
bilan biz bilan ketayapsan, bundan
juda xursandsan. Tushundingmi?
Tushunmasang, Rasul do‘xtiringni ketidan
borib munkarnakirning savollariga
javob berasan. Tushinglar, qorin ham
piyozning po‘sti bo‘lib ketdi. Yukxonadagi
qo‘yni olib, so‘yinglar, -dedi Rashid.
Men bu guruhning boshlig‘i Rashid
ekanligini bilib olgandim. Hushimdan
ketgan paytim yo‘lda to‘xtab, bitta
qo‘yni o‘marishgan ekan-da. Qo‘yni
yerga qo‘yishdi. Mashinada noqulay
kelganmi yoki urishganmi bir oyog‘ini
yerga qo‘ya olmasdi. Unga rahmim
keldi. "Ikkimiz bir hozir, qo‘yjon! Seni ham
hozir so‘yib, pishirib yeyishlari
mumkin. Meni ham... ey xudo, menga
madad ber, bu barzangilar zulmidan
qutqar. Dadajonimga umr ber. Rasul
do‘xtirning xotiniga, yetti bolasiga
chidam ber. Yoshim o‘n oltiga kirayapti.
Birinchi marta senga yalinishim. Yosh
jonimga jabr qilma”... deya bir joyda
qaltirab turardim.
Tirsagimdan ushlagan Badr
kulimsirab uyga ishora qildi.
Ichkaridan bo‘ynini aylantirib, ro‘mol
o‘ragan, qalin chopon kiygan, yuzi katta va
dumaloq, burni uzun,
ko‘zlari qisiq ayol chiqib
kelayotgandi.
-Opajon, qandaysiz? Cho‘li aka bormi?
Mana, sizga mehmon olib keldik. Yo‘lda
mashina buzilib, ozroq ivib
qoldi. Kiyimini quritib olsin. Qo‘yni
so‘yishsin, "jiz-biz” qilib berasiz-da.
-Hozir akangizni uyg‘otaman, -deb
ayol menga o‘qrayib qarab, ortiga burilib
ketdi.
Yelkasiga to‘n tashlagan, soch-soqoli
o‘sib ketgan qirq yoshlar chamasidagi uy
egasi chiqib, Rashid bilan
quchoqlashib ko‘rishdi.
Davomi shu silkadagi guruhda http://m.odnoklassniki.ru/dk?st.cmd=altGroupMain&st.groupId=54367221776391&_prevCmd=userAltGroups&tkn=5002
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Комментарии 8