O‘zing yorug‘ jahonim.
O‘zim xoqon,
O‘zim sulton
Sen taxti Sulaymonim.
Yolg‘izim, Yagonam deymi,
Topingan koshonam deymi,
O‘zing mening ulug‘lardan
Ulug‘imsan, Vatanim...
Shodon kunim gul otgan sen,
Chechak otgan izimga,
Nolon kunim yupatgan sen,
Yuzing bosib yuzimga.
Singlim deymi,
Onam deymi,
Hamdard-u hamxonam deymi,
Oftobdan ham o‘zing mehri
Ilig‘imsan, Vatanim.
Sen Mashrabsan,
Xalqda tumor,
Balxda dorga osilgan.
Navoiysan, shoh yonida
Faqirni duo qilgan.
Yassaviysan, meniki deb,
Ko‘ringan da’vo qilgan,
Ming bir yog‘i ochilmagan
Qo‘rig‘imsan, Vatanim.
Sen Xo‘jandsan,
Chingizlarga Darbozasin ochmagan,
Temur Malik orqasidan
Sirdaryoga sakragan.
Muqannasan qorachig‘i
Olovlarga sachragan,
Shiroqlarni ko‘rgan cho‘pon:
Cho‘lig‘imsan, Vatanim.
Kim Qashqarni qildi makon,
Kim Enasoy tomonda,
Jaloliddin — Kurdistonda,
Boburing — Hindistonda,
Bu qanday yuz qarolik deb,
Yotarlar zimistonda.
Tarqab ketgan to‘qson olti
Urug‘imsan, Vatanim...
O‘g‘lim, desang osmonlarga
G‘irot bo‘lib uchgayman,
Chambil yurtda Alpomishga
Navkar bo‘lib tushgayman,
Padarkushdan pana qilib
Ulug‘beking quchgayman,
G‘ichir-g‘ichir tishimdagi
So‘lig‘imsan, Vatanim...
O‘tgan kuning — o‘tgan kundir,
O‘z boshingga yetgan kun,
Qodiriyni bergan zamin,
Qodiriyni sotgan kun.
Qo‘lin bog‘lab,
Dilin dog‘lab,
Yetaklashib ketgan kun,
Voh bolam! deb aytolmagan
Dudug‘imsan, Vatanim...
Sen — shoxlari osmonlarga
Tegib turgan chinorim,
Ota desam, O‘g‘lim deb,
Bosh egib turgan chinorim,
Qo‘ynimdagi iftixorim,
Bo‘ynimdagi tumorim,
O‘zing mening ulug‘lardan
Ulug‘imsan, Vatanim!
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев