U vaqtlarda Makkada kimsa yashamas, u yerda suv ham yo‘q edi. Ibrohim alayhissalom ularni o‘sha joyda qoldirib, ular bilan birga bir qop xurmo va bir mesh suv qoldirdi. So‘ngra Ibrohim alayhissalom ortiga qayta boshladi. Shu on uning ortidan ergashgan Ummu Ismoil shunday dedi: «Ey Ibrohim! Axir, bizni bu kimsasiz va giyohsiz vodiyda qoldirib, o‘zingiz qayoqqa ketmoqdasiz?». Hojar unga bu so‘zni qayta-qayta takrorlar, Ibrohim alayhissalom esa unga burilib ham qaramas edi. Va nihoyat Hojar: «Alloh sizni shunday qilishga buyurdimi?» – dedi. «Ha» – dedi Ibrohim alayhissalom. «Unday bo‘lsa, Alloh bizni aslo tashlab qo‘ymagay!» – dedi Hojar va so‘ngra ortiga qaytdi.
Ibrohim alayhissalom yo‘lga tushdi. Oilasi ko‘rinmaydigan darajada uzoqlashib, tog‘ darasiga yetib borgach, Ka’baga yuzlandi, ikki qo‘lini ko‘tarib, quyidagilarni aytib duo qildi: «Parvardigoro, albatta, men zurriyotimdan (bir bo‘lagini — o‘g‘lim Ismoil va uning onasi Hojarni) Sening hurmatli Bayting huzuridagi ekin o‘smaydigan bir vodiyga joylashtirdim. Parvardigoro, (ular) namozni to‘kis ado qilsinlar deb (shunday qildim). Shunday ekan, Sen O‘zing odamlarning dillarini ularga moyil qilib qo‘ygil va ularni (barcha) mevalardan bahramand etgil. Shoyad shukr qilsalar» [Ibrohim: 37].
Ismoilning onasi uni emizib, meshdagi suvdan ichib kun kechirdi. Meshdagi suv tugagach, o‘zi ham, emizikli bolasi ham chanqay boshladilar. Chanqoqdan tipirchilayotgan go‘dagiga qarab qalbi ezila boshladi. Unga qarashga yuragi dosh bermay, o‘rnidan turib yura boshladi. Qarasa, Safo tog‘i yer yuzidagi unga eng yaqin tog‘ ekan. Uning ustiga chiqib, vodiyga yuzlandi. Biron kimsa bormikin, deya atrofga nazar soldi, biroq kimsa ko‘rmadi. Shundan so‘ng Safo tog‘idan tushib kela boshladi. Vodiyning o‘rtasiga yetganida ko‘ylagining etagidan tutib, to vodiyni kesib o‘tguniga qadar charchab horigan kishining yugurishi singari yugurdi. Shundan so‘ng Marva tog‘iga kelib, uning ustida turdi. Biron kimsa ko‘rarmikinman, deya yon-atrofga razm soldi. Biroq, hech kimsani ko‘rmadi. Hojar bu ishni yetti bor takrorladi».
Ibn Abbos roziyallohu anhumo deydi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Odamlar shu bois ular ikkisi, (ya’ni Safo va Marva tog‘lari) o‘rtasida sa’y qiladilar». Hojar Marva tog‘iga chiqqan paytda qandaydir bir ovozni eshitdi. «Jim, quloq sol» – dedi o‘ziga o‘zi. Shundan so‘ng Hojar yana bu ovozni eshitishga urindi. U yana o‘sha ovozni eshitdi. «Agar senda biron yordam bor bo‘lsa, darhaqiqat, sen eshittirding» – dedi Hojar. Qarasa, Zamzam bulog‘i oldida bir farishta turibdi. Farishta tovoni (yoxud qanoti) bilan yerga urgan edi, yerdan suv chiqa boshladi. Hojar suv yig‘ilsin deya otilib chiqqan suv atrofida qo‘li bilan hovuzcha kovlashga, qo‘li bilan hovuchlab suv olib, idishini to‘ldirishga kirishdi. Hovuchlab olgani sari suv otilib chiqar edi».
Ibn Abbos roziyallohu anhumo deydi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Ummu Ismoilni Alloh rahm qilsin! Agar u zamzamni o‘z holiga qo‘yganida (yoxud suvni hovuchlab olmaganida) edi, zamzam suvi oquvchi buloq bo‘lur edi». Shunday qilib, Hojar bu suvdan ichdi va go‘dagini emizdi. Farishta unga dedi: «Halokatdan qo‘rqmagin. Bu yerda Allohning uyi (Ka’ba) barpo bo‘ladi. Uni mana shu go‘dak bilan uning otasi bino qiladilar. Albatta, Alloh taolo O‘zining ahli – solih bandalarini tashlab qo‘ymaydi, (balki ularni O‘z hifzu-himoyasida asraydi)». O‘sha paytda Ka’ba bir tepalik singari baland bir joydan iborat bo‘lib, sel kelgan vaqtda uning o‘ng va chap tomonlarini yuvib ketar edi.
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев