Xat olaman sendan odatda.
Unda suratimni so‘raysan,
Meni kulib turgan holatda.
Garchi sabab kerak shodlikka,
Yig‘lamoqqa yetsa-da imkon.
Yuragi bor, shoir odamga
Kulish juda og‘ir, onajon.
Siz bilmaysiz, sabr kosamning
Sabri qanchagacha yetishin.
Siz bilmaysiz, mening qismatim
Goh Orolga o‘xshab ketishin.
Men hayotdan biroz orqada
Qolib ketdim,
xayol dastidan.
Kulish odat ekan aslida,
Kulmayotgan odam ustidan.
Bas, sanamang ko‘z yoshlarimni,
Umr qisqa,
G‘amlar hisobsiz.
Bu dunyoda inson rolini
O‘ynab bo‘lmas ekan niqobsiz.
Men bilmadim shoirlik bilan,
Balki shodon yashasa bo‘lar.
Ona, o‘g‘lingizdan sanoqsiz
G‘amgin odam yasasa bo‘lar.
Qismat ekan, men qay davrada,
Siz haq degan karvonda qoling.
Men doimo Siz tarafdaman,
Siz haqiqat tomonda qoling.
Kuzgi barglar to‘kilar mahal,
Xat olaman Sizdan odatda.
Unda suratimni so‘raysiz,
Meni kulib turgan holatda.
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев