Aytishlaricha, hali tili chiqmagan bolalar ham bir-biri bilan gaplashar ekan. Bu olimlarning fikri. Ammo hali tug'ilmagan bolalar-chi? Ular hali dunyoga kelmasidan burun o'z dunyolarida qanday yashashadi?
* * *
Jannat. Yetti qavat osmon ostida, yorug'likka burkangan go'shaning oppoq belanchaklarida suhbatlashib o'tirgan chaqaloqlarning qiqir-qiqir kulgilari, sho'x-shodon ovozlari mayin shabada bilan chambarchas bo'lib ketgan bir pallada ularning diqqatini hozirgina belanchagiga yarim oqsab, yarim emaklab kelib yotgan chaqaloq buzdi. Hammasi birdaniga uni o'rab olishdi.
— Nima bo'ldi? — dedi yuzi lo'ppigina bolakay.
— U yoqda bo'ldingmi? — deb so'radi charos ko'zli qizaloq.
— Yer yuzi qanday ekan? — deb so'radi yana biri.
— Odamlar-chi? — qo'shimcha qildi yana boshqasi.
— Gapira qolsang-chi endi! — qistadi uni tag'in bitta chaqaloq.
Bolajonlar uni bir zumda ming xil savollarga ko'mib tashlashdi. Qizaloq oldin hech narsa demadi. Egnidagi nur taratib turgan oppoq libosini yechib tashladi. Uning bir oyog'i va ikkala qo'li majruh edi. Bolajonlar birvarakayiga "oh"lab yuborishdi.
— Nima bo'ldi?
— Qaytib keldim.
— Nega qaytding?
— Keragim yo'q ekan.
— Oyoq-qo'llaringga nima qilishdi?
Qizaloq aybdorona boshini egdi-da, ohista gap boshladi:
— Ularga qiz bolaning keragi yo'q ekan. Tangrim ularga meni ravo ko'rganida, ochig'i, ular ham men kabi xursand bo'lsa kerak, deb o'ylagandim. Qolaversa, oldin hammasi yaxshi edi. Onamning qornidaligimda meni rosa asrab-avaylar, e'zozlardi. Otam ham nafaqat meni, balki men sabab onamni ham boshida ko'tarib yurgandi. Nazarimda, hamma meni intizorlik bilan ko'z tikib o'tirgandek edi. Men juda-juda baxtiyor edim, eshityapsizlarmi, judayam baxtiyor edim.
— Bo'ldi, yig'lama, nega bunday bo'ldi axir?
— Temir quti mening qiz bola ekanimni aytgach, hammasi o'zgardi. Onam bilan otam har kuni urushadigan bo'lib qolishdi. Axiyri ular meni nobud qilishga qaror qilishganida butun umidlarim so'ndi. Qancha yalindim, yolvordim, ammo ular eshitishmadi. Yig'lab-qaqshadim, ammo eshitishmadi... Badanimga tekkan narsa juda sovuq ekan. Og'rig'i ham yomon bo'larkan. Ularning menga rahmi kelmadi. Onam esa faqat unsiz yig'ladi, xolos.
— Hech kim yordam bermadimi?
— Yo'q. Oppoq kiyinib olgan bir xola onamning boshini silab: "Xafa bo'lmang, singlim! Xudo xohlasa, hammasi yaxshi bo'ladi, keyingi gal sizga ham o'g'il beradi, mana ko'rasiz", dedi.
Tug'ilmagan chaqaloqlarning bari jim bo'lib qolishdi. Oraga cho'kkan sukunat qiyomiga yetganida yana bir qizaloq o'rnidan turdi.
— Men bora qolay endi. Ota-onam meni intizorlik bilan kutishyapti. Nazarimda, tug'ilishim bilanoq ular...
— Yo'q, yo'q, yo'q! Borma u yoqqa, iltimos! — uning etagiga yopishdi boyagina dunyodan qaytgan qizaloq. — Odamlar juda yomon, ular seni ham shu ko'yga solishadi! Borma!
— Yo'q, unday bo'lmaydi, — dedi ikkinchi qizcha yer tepinib. — Ular meni o'n ikki yildan beri kutishyapti axir. Otam ham, onam ham yig'laydi, bir-biridan yashirinib yig'laydi. Ikkisining ham hamisha Xudoga yig'lab qilayotgan o'tinchlari men. "Yaratgan Egam, marhamatingni bizdan darig' tutma, xoh o'g'il, xoh qiz bo'lsin, farzand ber!" deyishadi.
Uning gaplaridan so'ng hali tug'ilmagan boshqa chaqaloqlar jim bo'lib qolishdi. Unga baxt hamda omad tilashdi va u ketdi. Qolganlar uning ortidan havas bilan termilib qolishdi.
— Odamlarga o'g'il bola kerak ekan-da, a? — dedi bir qizaloq.
— Buning nimasi yaxshi? Masalan, men ham o'g'il bolaman. Lekin foydasi yo'q-ku, — dedi bir bolakay.
Chaqaloqlar yalt etib unga qarashdi.
— Nega foydasi yo'q?
— Chunki men... — dedi bolakay va gapirishga taraddudlanib turib, keyin boyagina dunyodan majruh bo'lib qaytib kelgan qizaloqqa ishora qildi, — uning ukasiman.
— Rostdanmi?
— Ha, ko'p o'tmay uning onasi dunyoga keltiradi meni.
— Unda nega xafasan, — uni o'rab olishdi boshqa chaqaloqlar.
— Axir ular o'g'il kutishyapti-ku. Demak, senga yaxshi bo'ladi.
— Ha, men tug'ilaman, lekin... — bolakay jim bo'lib qoldi va sal o'tmay qo'shib qo'ydi. — Tug'ilaman, lekin yashamayman!
— Nima uchun?!
— Chunki dunyoda hamma narsaning badali bor, — dedi bola bir nuqtaga tikilgancha xo'rsinarkan. — Shunaqa... hamma narsaning...
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Комментарии 6