Ro’za quyidagi qismlarga bo’linadi:
1. Farz.
2. Vojib.
3. Nafl.
4. Makruh.
1. Farz bo’lgan ro’za.
Ramazon ro’zasining adosi va qazosi, kafforat ro’zalari, nazr ro’zalari.
Izoh: Kafforat ro’za tutishni farz qiladigan asosiy holatlar: Ramazon ro’zasini bilib turib buzish, odam o’ldirish, zihor, ya’ni kishining o’z xotinini yoki uning bir a’zosini onasiga yoki onasining o’sha a’zosiga o’xshatishi. Bu uchta holat uchun tanaffussiz ikki oy ro’za tutish kerak. Qasamni buzgani uchun uch kun, hajda ihromda bo’lib ov qilsa, o’ldirilgan hayvon jinsiga ko’ra, turli miqdorda ro’za tutiladi.
2. Vojib ro’za nafl niyati bilan tutilgan va keyinroq buzilgan ro’zalarning qazosidir.
3. Nafl ro’za. Muharram oyining to’qqizinchi kuni (yoki o’n birinchi kuni) va o’ninchi kuni ro’za tutish.
a) Har arabiy oyning uch kunida ro’za tutish.
Bu uch kun oyning kechalari oydin bo’lgan 13, 14, 15-kunlaridir.
b)Haftaning dushanba, payshanba kunlari ro’za tutish.
d) Shavvol oyida bo’lib-bo’lib olti kun ro’za tutish.
e) Tutilsa savob bo’ladi, deb hadislarda aytilgan ro’zalar. Dovud, alayhissalom, ro’zalari kabi (u kishi bir kun ro’za tutib, ikkinchi kun tutmas edilar). Bu nafl ro’zalarning eng fazilatlisi va Allohga xush keladiganidir.
Bu aytilgan ro’zalardan boshqa vaqti tayin bo’lmagan, makruhligiga dalil bo’lmagan ro’zalar ham bor.
4. Makruh ro’za tanzihiy va tahrimiy makruh ro’zalarga bo’linadi. Tanzihiy makruh Muharram oyida to’qqizinchi yoki o’n birinchi kunlarini qo’shmasdan, faqat o’ninchi – Ashuro kuni tutilgan ro’zadir.
Tahrimiy makruh Ramazon hayiti va Qurbon hayiti, tashriq kunlari, faqatgina juma yoki faqatgina shanba kunida, Navro’z (21-mart) va Mehrjon (17-sentabr) bayramlari kuni ro’za tutishdir. Biroq Navro’z va Mehrjon ro’za tutishni odat qilgan kunlariga to’g’ri kelsa, u kunda ro’za tutishning karohiyati yo’qdir.
Ikki kun, o’rtada og’iz ochmay, birdaniga ro’za tutish, yil bo’yi ro’za tutish (tanzihiy) makruhdir.
Saharda niyat qilinishi shart bo’lmagan ro’zalar:
1. Ramazon kunlaridagi ro’za.
2. Vaqti tayin bo’lgan nazr ro’zasi.
3. Nafl ro’za.
Bu ro’zalarga sahardan to kun tikkaga kelishidan oldingi zuho vaqtigacha niyat qilsa bo’ladi.
Yana bu ro’zalarni, xoh musofir, xoh kasal bo’lsa-da, “ertaga ro’za tutaman” yoki “nafl ro’za tutaman” deb niyat qilsa ham, ro’za durust bo’ladi.
Sog’lom va muqim kishi Ramazon ro’zasiga boshqa farz niyati bilan niyat qilsa-da, Ramazon ro’zasidan hisoblanadi. Ammo musofir bo’lsa (unga Ramazon ro’zasi farz bo’lmagani uchun) boshqa niyatda tutgan ro’zasi Ramazon ro’zasi o’rniga o’tmaydi. Chunki musofir qaysi niyatda ro’za tutsa, shu niyatdagi farz ro’zani ado etgan bo’ladi.
Bemor kishi Ramazon oyida boshqa farz ro’za tutishga niyat qilsa, tutgan ro’zasi Ramazondan yoki niyat qilgan boshqa farz ro’zadan hisob bo’lishi haqida ulamolar ixtilof qilganlar.
Vaqti tayin nazr ro’zani boshqa farz ro’za niyati bilan tutish durust emas.
Saharda niyat qilinishi farz bo’lgan ro’zalar:
1. Ramazon ro’zasining qazosi;
2. Ochilgan nafl ro’zaning qazosi;
3. Har qanday kafforat ro’za;
4. “Alloh dardimga shifo bersa, bir kun ro’za tutaman”, tarzidagi vaqti tayin bo’lmagan mutloq nazr ro’zasi.
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев