Barcha g'ayratimizni shunga sarflaymiz. Alloh esa bizni O'zi bilan tijorat qilishga chaqiradi. Judayam qiziq, shunday emasmi? Banda Xudo bilan savdo qiladi. Bu inson uchun judayam buyuk daraja! Do'konimizga kattaroq mansabdagi odam kirib savdo qilsa, xursand bo'lamiz, ichimizda kerilib ham qo'yamiz. Haqiqatda bu o'ziga xos faxrlanadigan holat. Lekin, hech o'ylab ko'rganmisiz, olamlarni yaratgan Alloh taolo sizdan narsa sotib olsa? Bu gapni o'zi odamni haybatlantirib yuboradi. Axir, bu bir ojiz banda bo'lsa, sotib oluvchi esa uning yaratuvchisi bo'lsa, bu qanday ham ajib holat?! Ammo, buyuk fazl-marhamat sohibi bo'lgan Alloh taolo biz bandalarga shunday darajani loyiq ko'rgan. Ishoning, bu ayni haqiqat. Biz sotuvchimiz, Xudo esa xaridor. Tijorat qilinadigan narsa ham oddiy narsa emas, judayam buyuk narsa. Bunga to'liq ishonch hosil qilish uchun Qur'oni Karimdagi Tavba surasining 111-oyati ma'nolari tarjimasiga qaraymiz, qayta-qayta o'qib ko'rishni tavsiya etamiz:
<<Albatta, Alloh mo'minlardan ularning jonlari va mollarini jannat evaziga sotib oldi...>>
Siz joningiz va mol-dunyoyingizni Allohning itoatiga sarf etasiz, evaziga sizga jannat beriladi. Naqadar ulug' savdo! Insonga eng buyuk saodatni hadya etadigan tijorat! Bu qadar fazl va marhamatni qayerdan topasiz? Jonni ham, molni ham O'zi bergan, yana O'zi shu narsalarni jannat evaziga sotib oladi. Bundan ortiq mehribonlik bo'lmasa kerak. O'z bandasi bilan tijorat qilish bilan bandani xuddi erkalatganga o'xshaydi. O'zi bergan narsani O'zi xarid qilib, evaziga undan buyukroq narsani beradi. Bu ajoyib savdo, eng ulug' tijorat va buyuk marhamatdir!
<<Albatta, Allohning kitobini tilovat qiladiganlar, namozni to'kis ado etib, biz ularga rizq qilib bergan narsalardan maxfiy va oshkora infoq qilganlar hargiz kasodga uchramaydigan tijoratdan umidvor bo'lurlar. Chunki, U zot ularga ajrlarini to'liq qilib berur va O'z fazlidan ziyoda ham qilur. Albatta, U o'ta mag'firatli va Shakur (oz amal uchun ko'p savob beruvchi)dir>>. (Fotir surasi, 29-30-oyatlar)
Har qanday tijorat bir kun kelib kasodga uchraydi. Hech kimning tijorati abadiy emas. Ammo, hargiz kasodga uchramaydigan tijorat Alloh bilan bandasi o'rtasidagi tijoratdir! Bu tijoratda joningiz va molingiz qiymatichalik emas, undan ziyodaroq foydaga ega bo'lasiz. Hisoblaganingizdan ko'ra ko'proq foyda ko'rasiz. Odamlar bilan qilayotgan tijoratimiz u tijoratning oldida qum zarrasichalik kichkinadir. Savdoyimiz yurishadimi, yoki yurishmaydimi unchalik ahamiyatli emas. Axir, hargiz kasodga uchramaydigan tijoratimiz bor. Muhimi ana shu tijoratni mahkam ushlashdir. Odamlar bilan qilayotgan tijoratimiz bu dunyodagi ehtiyojlarimiz uchun, xolos. Bu odamlar bilan bo'ladigan tijoratga beparvolik qilish kerak degani emas. Bandalar bilan savdo qilish bandaga loyiq bo'lgan darajadir. Alloh bilan tijorat qilish esa bandaga berilgan ulug' fazldir! Bundan qanday xulosa kelib chiqadi? Biz o'z darajamizga mos bo'lgan tijorat bilan shug'ullansakda, doimo Allohning fazlidan, hargiz kasodga uchramaydigan tijoratdan umidvor bo'lamiz!
Shu o'rinda yana bir mulohazali fikr paydo bo'ladi. Jannat tekinga berilmas ekan. "Xudo kechirimli, hamma gunohlarimni kechiradi. Fazl-marhamati keng, meni ham jannatga kiritadi" deb xotirjam yurgan insonlarga raddiya bor. Jannatga bekordan bekor kirib ketavermas ekansiz. Uni joningiz va molingizni Allohga itoat qilishga sarflash evaziga qo'lga kiritishingiz mumkinligi Qur'oni Karimda ochiq-oydin dalillar bilan keltirilgan. Sizga ana shu buyuk tijorat imkoniyati berilganining o'zi katta fazl-marhamatdir. Undan quruq qolsangiz faqat o'zingizdan o'pkalang. Tayyor turgan tijoratdan quruq qolgan bo'lasiz. Bankrot bo'lmasligi kafolatlangan tijoratdan yuz o'girib qo'yib, jannatni umid qilasizmi? Yo'q, bu bilan bir nimaga erishish mumkin emas. Xudo marhamatini darig' tutmadi, bandalar g'ofil qolyapdi, xolos.
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев