Ko‘zmunchog‘ing qo‘yma asta, dildorim,
Ay, aylanay, noziknihol qaddingdan.
Kuzagimni xushbo‘y etgan bahorim,
Ay, aylanay, atirgulim, atringdan.
Ikki ko‘zim manim, ikki dagarim,
So‘zi navvot, qiliqlari shakarim,
Mirzo Ulug‘begim, Mirzo Anvarim,
Ay, aylanay, sabza urgan xattingdan.
Mayiz bo‘lib saratonda kuygan el,
Bolasidan dalasini suygan el,
Yaxshi kunni faqat to‘yga qo‘ygan el,
Ay, aylanay, kiprikdagi gardingdan.
Ba’zan ko‘ngil uchun ko‘ngil so‘ralar,
Kim termular, kimdir sekin mo‘ralar,
Ay, do‘stlarim, ulfatlaru jo‘ralar,
Ay, aylanay, nomardingu mardingdan.
Omon edi orzu, tilagim kecha,
Tangrim, boqding chuqur yuragimgacha,
Bedavo dard berding suyagimgacha,
Ay, aylanay, tanlab bergan dardingdan.
2002
Iqbol Mirzo
https://youtu.be/MQxAzadAHg0
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Комментарии 1