- Niyatsiz kunni yemasdan, ichmasdan va
jinsiy aloqa qilmasdan kech qilsa, roʻzaga
hisob qilinadimi?
- Roʻza hisobiga oʻtmaydi.
- Roʻzaga qaysi vaqtdan niyat qilinadi?
- Saharlikdan soʻng tong otguncha qilingan
niyat afzal. Tong otgandan keyin katta
choshgohgacha niyat qilsa ham durust. Undan
keyin niyat qilish durust emas. Katta
choshgoh — qiyomdan ikki soat yoki ikki soatu
chorak daqiqa avvaldir.
- Bir kishi tongdan katta choshgohgacha
roʻzaga zid narsani qilmasdan tursa, katta
choshgohdan ozgina muqaddam oʻsha kunning
roʻzasini niyat qilsa, shu roʻza roʻzaga hisob
boʻladimi?
- Albatta, roʻzaga hisob boʻladi.
- Bir kishi tongdan keyin ham yesa-yu undan
keyin choshgohgacha shu kunning roʻzasini
niyat qilsa, roʻzasi durust boʻladimi?
- Durust boʻlmaydi.
- Roʻzaga niyatni til bilan qilish kerakmi yoki
faqat dil bilan niyat qilsa kifoyami?
- Til bilan ham niyat qilish afzaldir, lekin faqat
dil bilan niyat qilsa ham kifoya. Ammo ogoh
boʻlish kerakki, faqat til bilan niyat qilib dilning
bexabar qolishi niyat emas, chunki niyat
dilning ishidir. Chunonchi, aksar avom odamlar
til bilan boʻlgan niyatni niyat deb eʼtiqod
qiladilar. Masalan, namozda „niyat qildim“ni til
bilan aytishni niyat, deydilar, holbuki, niyat farz
boʻlgan ibodatlarning hammalariga faqat til
bilan niyat qilish ila ibodat durust boʻlmaydi.
Moʻ’tabar niyat falon amal va falon ibodatni
qilaman, deb dilda qasd qilish, dildan
oʻtkazishdir.
- Roʻza tutishda til bilan arabcha niyat
qilmoqchi boʻlsa, nima deb niyat
qiladi? "Navvaytu an asuma sovma shahri
ramazona min al-fajri ilal magʻribi, xolisan
lillahi taolo. Allohu akbar", deb niyat qilinadi.
Maʼnosi: „Alloh taolo uchun ixlos bilan tongdan
to oftob botgunicha ramazon oyining roʻzasini
tutmoqlikni niyat qildim“.
- Quyosh botgach, roʻzasi tamom boʻlganda
nima qiladi?
- Olov tegmagan biror taom yoki suv ila ogʻzini
ochadi. Xurmoga oʻxshash shirin taomlar bilan
ogʻiz ochish mustahabdir. Ogʻiz
ochilayotganda:
" Allohumma laka sumtu va bika amantu va
ilayka tavakkaltu va ‘ala rizqika aftartu
fagʻfirli ya gʻoffaru ma qoddamtu va ma
axxartu", deb aytiladi. Maʼnosi: „Ey bor
Xudoyo, ushbu roʻzamni faqat Sen uchun
tutdim va Senga imon keltirdim va Senga
tavakkal qildim va Sening bergan rizqing bilan
iftor qildim. Ey gunohlarimni avf qiluvchi Alloh!
Sen endi mening avvalgi gunohlarimni va oxirgi
gunohlarimni kechirgin va yorlaqagin“.
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев