Ne bo‘lsa — behisob oling,
Ammo qaytar chog‘ingizda
Bittagina kitob oling.
O‘rikzordan koshin oling,
Sirg‘alidan moshin oling,
Jaholatning boshin oling,
Bittagina kitob oling.
Yuz ming turlik sharob — sizga,
Palov — sizga, kabob — sizga,
Oh chekurman qarab sizga,
Bittagina kitob oling!
Siz ulug‘siz qorin bilan,
Qazi-qarta, norin bilan,
Dilga ham bir azob oling,
Bittagina kitob oling.
Yeng shimarib “xo‘sh” degaysiz,
Oshu nonu go‘sht degaysiz.
Ma’rifat deb savob oling,
Bittagina kitob oling.
Do‘kon qiling, market qiling,
Uylarni ham parket qiling,
Siz ham bir iztirob oling —
Bittagina kitob oling.
Umr o‘tar — yelib qoling,
Yulib qoling, olib qoling,
Oqar suvdan xitob oling,
Bittagina kitob oling.
Kimlar qolar izingizda,
Tik qarolmay yuzingizga?
Avval o‘g‘il-qizingizga
Bittagina kitob oling.
Xudo xayringizni bersin,
Yana umringizni bersin,
Uyingizga oftob oling —
Bittagina kitob oling.
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев