Sevara erta bilan turib xona
havosini tozalagani derazani
ochdi. Deraza tokchasida juda
chiroyli oq kabutar qo‘nib
turardi. Uni ko‘rib hayratlangan
Sevara ko‘zlarini katta-katta
ochgancha qarab qoldi. Kabutar
qizchadan cho‘chimas, aksincha
o‘z tilida "g‘udur-g‘udur”lab,
nimadir der edi. "Balki, qorni
ochdir”, deya Sevara yugurib
borib non ushoqlari bilan bir
idishchada suv olib keldi-da,
qushcha oldiga qo‘ydi.
Kabutarning non yeyishini
tomosha qilar ekan, shu qushcha
o‘ziniki bo‘lishini juda-juda
istadi.
Nonushta tayyorlayotgan
buvisining oldiga chopqillab
borib: "Buvijon, derazamiz
tokchasiga oq kabutar qo‘nibdi
«tutib bering», deya qistadi.
Shunda buvisining ko‘zlariga
yosh qalqidi va:
— Yo‘q, qizalog‘im, oq kabutarni
tutib bo‘lmaydi. Bu qush –
ozodlik, tinchlik ramzi, u
tutqinlikda ushlanmaydi,
bolaginam. Ikkinchi jahon urushi
oxirlagan, 1945-yilning bahori
edi. Bir kuni ayvonimizga oq
kabutar kelib qo‘ndi, biz
chug‘urlashib uni o‘rab oldik.
Buvim shunda: "Hoy-hoy,
cho‘chitmanglar, bu yaxshilik
xabarchisi, zora dadalaring eson-
omon qaytib kelsa, deya
zorlandilar”. Keyin ko‘z
yoshlarini artib turib, "Qani, kim
dadasining birinchi bo‘lib
qaytishini istasa, kabutarga
nonidan ozgina bersin”, dedilar.
O‘zi shundoq ham bir
tishlamgina nonimizni unga
ilindik. Urush tezroq tugashini,
dadalarimiz uyga qaytishini ,
qornimiz to‘yib non yeyishni
juda-juda istardik-da…
Urush tugadi — hamma
xursand, bir-birini quchoqlagan.
Ozgina vaqt o‘tgach otalarimiz
asta-sekin qaytib kela
boshlashdi. Hammamizniki emas,
afsuski. Birgina bizning buvimiz
to‘rt jigargo‘shasidan ayrilgan
edi. Ana shunaqa, bolam, kabutar
butun olamga tinchlik ulashib,
uchib yuraversin”, dedi-da
sekingina xonadan chiqib ketdi.
Hikoyaning tugashini kutgan
kabi kabutar ham bir silkindi-yu
uchib ketdi.
Sevara yugurib hovliga chiqib,
osmonga qaradi, musaffo
ko‘kda oq kabutarga uchish juda
yarashar ekan.
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Комментарии 5