Alloh taoloning bandalar ustidagi haqlari
Alloh taoloning bandalari ustidagi haqqi[2] – Unga ibodat qilishlari va Unga hech narsani shirk keltirmasliklaridir. Alloh taolo xalqlarni yaratishidan, paygʻambarlarni yuborishidan va kitoblar nozil qilishidan asosiy gʻoya – maqsad ham shudir.
Alloh taolo aytadi:
«Allohga ibodat - bandalik qilinglar va Unga hech narsani sherik qilmanglar!» (Niso: 36);
«Men jin va insni faqat Oʻzimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim» (Vaz-zariyat: 56);
«Holbuki ular faqat yagona Allohga, u zot uchun dinni xolis qilgan Toʻgʻri yoʻldan ogʻmagan hollarida ibodat qilishga va namozni toʻkis ado etishga hamda zakotni (haqdorlarga) ato etishga buyurilgan edilar. Mana shu toʻgʻri yoʻldagi
(millatning) dinidir» (Bayyina: 5);
«Alloh sizlardan iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlarga xuddi ilgari oʻtgan (iymon-e'tiqodli ) zotlarni (er yuziga) xalifa-hukmron qilganidek, ularni ham yer yuzida xalifa qilishni va ular uchun Oʻzi rozi boʻlgan (Islom) dinini gʻolib-mustahkam qilishni hamda ularning xavfu-xatarlaridan soʻng tinchlik-xotirjamlikka aylantirib qoʻyishni va'da qildi. Ular Menga ibodat qiladilar va Menga biron narsani sherik qilmaslar. Kim mana shu (va'da amalga oshgan) dan keyin kufroni (ne'mat) qilsa, bas ular itoatsiz kimsalardir» (Nur: 55);
« (Ey Muhammad), Biz sizdan ilgari yuborgan har bir paygʻambarga ham: «Hech qanday
(barhaq) iloh yoʻq, magar Mengina
(barhaqdirman) , bas Mengagina ibodat qilinglar», deb vahiy yuborgandirmiz» (Anbiyo: 25);
«Ey iymon keltirgan bandalarim, shak-shubha yoʻqki, Mening yerim keng, kattadir. Bas sizlar Mengagina ibodat qilingiz!» (Ankabut: 56);
«Aniqki, Biz har bir ummatga: «Allohga ibodat qilinglar va togʻutdan yiroq boʻlinglar», (degan vahiy bilan) bir paygʻambar yuborganmiz» (Nahl: 36).
Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Ey Muoz, Allohning bandalari ustidagi haqqi nimaligini bilasanmi?», deb soʻradilar.
U: «Alloh va Rasuli biluvchiroq», dedi.
— «Unga ibodat qilishlari va hech narsani shirk keltirmasliklaridir.
— Bandalarning Alloh ustidagi haqlari nimaligini bilasanmi?», dedilar.
— «Alloh va Rasuli biluvchiroq», dedi.
— «Ularni azoblamasligidir», dedilar.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Ikki narsa (ikki narsani) vojib qiluvchidir», dedilar. Bir kishi: «Ular nimalar, yo Rasululloh?» deb soʻradi. «Kim Allohga biron narsani shirk keltirmay oʻlsa jannatga kiradi, kim Allohga bir narsani shirk keltirib oʻlsa doʻzaxga kiradi» dedilar (Muslim rivoyati).
Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Bir kishi: «Yo Rasululloh, qay bir gunoh Alloh nazdida eng katta gunoh hisoblanadi?» deb soʻradi. «Alloh seni yaratib qoʻygan boʻlsayu, sen Unga boshqa birovni teng [3] bilib ibodat qilishing» dedilar. «Undan keyin qaysi gunoh?» deb soʻradi. «Taomingga sherik boʻlishidan qoʻrqib farzandingni oʻldirishing» dedilar. «Undan keyin qaysi gunoh?» deb soʻradi. «Qoʻshningning jufti haloli bilan zino qilishing» dedilar (Muttafaqun alayh).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Bir a'robiy Nabiy sollallohu alayhi va sallam huzurlariga kelib: «Meni bir amalga yoʻllangki, uni qilsam jannatga kiray» dedi. «Allohga ibodat qilasan, Unga birontani sherik qilmaysan, farz namozlarni oʻqiysan, farz qilingan zakotni oʻtaysan, Ramazon roʻzasini tutasan» dedilar. U: «Jonim Qoʻlida boʻlgan Zotga qasamki, bunga ziyoda ham qilmayman, kamaytirmayman ham» dedi. U qayrilib ketgach, Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Kim jannat ahlidan boʻlgan kishiga boqishni istasa unga boqsin» dedilar (Muttafaqun alayh).
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi va sallam — Muoz u zotning orqalarida egarga mingashgan edi: «Ey Muoz» dedilar. Muoz: «Labbay, yo Rosululloh, amringizga hozirman» dedi. «Ey Muoz» dedilar. «Labbay, yo Rosululloh, amringizga hozirman» dedi. Uch marta (takrorlangach) dedilar: «Sidqidildan «La ilaha illallohu Muhammadun rosululloh» deb guvohlik beruvchi har bir kimsani, Alloh taolo doʻzaxga harom qilgandir». (Muoz) dedi: «Yo Rosululloh, odamlarga buning xabarini beraymi, ular xursand boʻlsinlar?» U zot dedilar: «U holda (shahodatgagina) suyanib qolish (ib amalni tark qili)shadi.» Muoz (hadisni yashirib) gunohkor boʻlib qolishdan qoʻrqqanidan buni oʻlimi oldida aytib berdi.
Uboda ibn Somit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kim: Bir Allohdan oʻzga iloh yoʻq, U yolgʻiz va sheriksizdir, Muhammad Allohning bandasi va rasuli, Iso Allohning bandasi, rasuli, choʻrisining oʻgʻli va Maryam (ning ichi)ga tashlagan soʻzidir, jannat va doʻzax haqdir deb guvohlik bersa, qilgan amallariga qarab, Alloh uni jannatga kiritadi» dedilar (Muttafaqun alayh).
Muoz roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
- «Yo Rasululloh, menga shunday bir amalni ayting-ki, u meni jannatga kirgizadigan, doʻzaxdan uzoqlashtiradigan boʻlsin»,- dedim Nabiy sollallohu alayhi va sallamga.
- «Sen juda katta narsa haqida soʻrading,-
dedilar Nabiy sollallohu alayhi va sallam - Biroq u Alloh taolo oson qilgan kishiga osondir: Allohga ibodat qil va Unga hech narsani sherik etma. Namozni toʻkis ado et, zakot ber, Ramazon roʻzasini tut va bayt (Ka'ba)ga haj qil!»
Soʻng dedilar: «Seni yaxshilik eshiklariga yoʻllab qoʻyaymi?! Roʻza (doʻzaxdan saqlovchi) qalqondir. Sadaqa bamisoli suv oʻtni oʻchirganidek gunoh-ma'siyatlar (asari)ni oʻchiradi. Kishining (kechasi turib) tunda oʻqigan namozi ham (yaxshilik eshiklaridandir).
Soʻng dedilar: «Senga ishning boshi, asos-ustuni va eng choʻqqisi haqida xabar beraymi?!»
- «Ha, yo Rasululloh!»- dedim men.
- «Ishning boshi Islom (ya'ni ikki shahodat kalimasini keltirish), ustuni namoz va eng choʻqqisi jihoddir!»
Soʻng (yana) dedilar: «Seni mana shularning hammasiga ega qiladigan narsa haqida xabar beraymi?!»
- «Ha, yo Rasululloh!»- deb javob berdim.
Nabiy sollallohu alayhi va sallam tillarini ushlab dedilar: «Manavini tiygin!»
- Ey Nabiyulloh, nima, biz gapirgan gaplarimizga ham javob beramizmi?! – dedim.
- «Seni qaraya (shuni ham bilmasanmi), axir odamlarni yuzlari bilan - yoki burunlari bilan - doʻzaxga tashlaydigan narsa tillarining hosilalari-da!- dedilar Paygʻambar sollallohu alayhi va sallam.» (Ahmad, Termiziy, Ibn Moja rivoyatlari).
Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Xalilim [4] menga: «Agarchi qiyma-qiyma qilinsang-da yoki oʻtda kuydirilsang-da [5] , Allohga biron narsani sherik qilma, farz namozni qasddan tark qilma, kim uni qasddan tark qilsa zimma (ya'ni Islomning himoyasi) dan chiqadi, mast qiluvchi ichimlik ichma, zero u barcha yomolikning kalitidir» deb vasiyat qildilar. (Ibn Moja, Bayhaqiy, «Sahihut-targʻib vat-tarhib»).
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Nabiy sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Kimda uch narsa boʻlsa, u iymonning halovatini topadi: Alloh va Rasuli u ikkisidan boshqa barcha narsadan koʻra suyukli boʻlishi, bir kishini yaxshi koʻrsa faqat Alloh uchun yaxshi koʻrishi, kufrga qaytishni oʻtga tashlanishni yomon koʻrgandek yomon koʻrishi» (Muttafaqun alayh).
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Iymonning eng mustahkam xalqasi – Alloh yoʻlida doʻstlashish va Alloh yoʻlida adovatlashish, Alloh yoʻlida yaxshi koʻrish va Alloh yoʻlida yomon koʻrishdir» dedilar (Tabaroniy va boshqalar rivoyati, «Sahihul-jomi'is-sagʻir: 2539).
[2] Bilmoq kerakki, bandalar ustidagi haqlarning eng kattasi Alloh taoloning haqqidir. Alloh taolo insu jinni, osmonlaru yerni shuning uchun yaratgan, har bir mavjudotning vujudga kelishidan gʻoya-maqsad ham shudir. Shuning uchun bu xususda beparvo boʻlish vujudga kelishdan boʻlgan maqsadga beparvo boʻlish demakdir. Bu esa zulm turlarining eng qattigʻi, uning sohibi qattiq azobga giriftor boʻladi. Alloh taolo aytadi:
«Chunki shirk keltirish eng katta zulmdir» (Luqmon: 13), «Albatta Alloh Oʻziga shirk keltirish (gunohi) ni kechirmagay va (lekin) ana shundan boshqa (gunohlar) ni Oʻzi xohlagan
(banda) laridan kechirur» (Niso: 48). Katta shirk va Allohdan boshqaga sigʻinish turlaridan biri – itoat, ergashish va hukmiga rozi boʻlish shirkidir. Alloh taolo aytadi: «Agar ularga boʻysunsangizlar, hech shak-shubhasiz mushriklardan boʻlib qolursizlar» (An'om: 121). Ya'ni, Alloh harom qilgan narsani halaol qilishlarida yoki Alloh halol qilgan narsani harom qilishlarida ularga boʻysunsangizlar, hech shak-shubhasiz mushriklardan boʻlib qolasizlar, ya'ni Allohni qoʻyib ularga sigʻingan boʻlasizlar. Alloh taolo aytadi: «U Oʻz hukmida hech kimni sherik qilmas» (Kahf: 26), yana aytadi: «Hukm-hokimlik faqat Allohnikidir. U zot sizlarni faqat Oʻzigagina ibodat qilishga buyurgandir» (Yusuf: 40).
Shuning uchun Allohdan boshqaning hukmiga rozi boʻlish - uning sohibi tili bilan nelarni da'vo qilgan boʻlmasin - munofiqlikka va qalbdan iymonning mutlaq yoʻqolishiga dalolat qiluvchi belgi hisoblanadi. Alloh taolo aytadi: «Yoʻq, Parvardigoringizga qasamki, to ular oʻz oʻrtalarida chiqqan kelishmovchiliklarda sizni hakam qilmagunlaricha va keyin siz chiqargan hukmdan dillarida hech qanday tanglik topmay, toʻla taslim boʻlmagunlaricha - boʻysunmagunlaricha zinhor moʻmin boʻla olmaydilar» (Niso: 65), yana aytadi:
« (Ey Muhammad) , oʻzlarini sizga nozil qilingan narsaga (Qur'onga) va sizdan ilgari nozil qilingan narsalarga iymon keltirgan deb hisoblaydigan
(ayrim) kimsalarning togʻutga hukm soʻrab borishni istayotganlarini koʻrmadingizmi? Holbuki, ularga unga ishonmaslik buyurilgan edi» (Niso: 60). Allohning hukmidan boshqa barcha hukm togʻutdir, Allohning shariatidan boshqa barcha shariat-qonun togʻutdir, Alloh nozil qilgandan boshqa narsa bilan hukm qilishni yaxshi sanagan har bir hokim togʻutdir, Allohni qoʻyib oʻziga mutlaq itoat qilinishini istagan har bir shaxs togʻutdir, zero mutlaq itoat qilinadigan zot yagona Allohdir, Undan boshqaga itoat faqat Allohga itoat qilish va Uning paygʻambarining buyruqlariga ijobat qilish doirasida boʻladi.
[3] Buning koʻrinishlaridan biri maxluqni – u kim yoki nima boʻlishidan qat'iy nazar – yolgʻiz Alloh taologa xos boʻlgan sifatlardan birontasi bilan sifatlashdir, muayyan bir shaxs yo hay'at yo majlis yo tashkilot kabilarga qonunchilik va halol-harom qilish haqqini berish kabi yoki qaysidir bir insonni u qiladigan yo undan sodir boʻladigan ishlarda tergash va javobgarlikdan yuqori darajaga qoʻyish kabi. Zotan, qilgan ishlaridan soʻralmaydigan zot yagona Alloh taolodir. Yoki biron kishini gʻaybni biladi deb yo zararni daf etadi, foyda yetkaza oladi deb e'tiqod qilish kabi. Holbuki, gʻaybni biluvchi, zararni daf qilib, foyda yetkazuvchi zot yagona Alloh taolodir.
[4] Ushbu hadisda past darajadagi kishi oʻzidan yuqorida boʻlgan kishini xalil deb atashi joizligi koʻrinadi. (Xalillik doʻstlikka oʻxshash narsa biroq u ma'noda farq qiladi. Unda xalil xaliliga ich-ichidan muvofiq keladi, qalbi u bilangina mashgʻul boʻladi, uning barcha kamchiliklarini yashiradi, qalbi u uchun sof boʻladi va hokazo) Vaholanki, yuqori darajali kishi oʻzidan pastdagini xalil atashi mumkin emas, faqat nusus (oyat yo hadislar) bilan sobit boʻlgan boʻlsa durust, Alloh taolo Ibrohim va Muhammad (ularga va barcha paygʻambarlarga Allohning saloti va salomi boʻlsin) ni xalil qilganidek. Binobarin, kishi: «Muhammad sollallohu alayhi va sallam mening xalilim» deyishi joiz, biroq: «Men Muhammad sollallohu alayhi va sallamning xaliliman» deyishi joiz emas. Sahobalarning Nabiy sollallohu alayhi va sallamni xalil tutishlari sobit boʻlgan, biroq Nabiy sollallohu alayhi va sallam oʻz sahobalarini va ulardan keyingi moʻminlarni xalil qilishlari sobit boʻlmagan, balki faqat sahobalik, muhabbat va doʻst-birodarlik sobit boʻlgan. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Agar ummatimdan biron kishini xalil qilganimda Abu Bakrni qilgan boʻlardim, lekin Islom birodarligi va doʻstligi (kifoya)» deganlar.
[5] Bundan agar kufr va shirkka majburlanayotgan boʻlsa, ruxsatni ushlashdan koʻra azima (buyruq)ni ushlash yaxshiroq ekani bilinadi.
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев