Bir safarda, yigitlardan biri
kichik guruhga
yo‘lboshchilik qiladigan
bo‘ldi. Yo‘lda qaroqchilar
xatari bor edi. Yo‘lboshchi
yigit qalqon o‘ynatar, yoy
tortib, qurol aslahalaridan
foydalanardi. Boshqalarga
qaraganda baquvvat
bo‘lib, o‘nlab yigitlar uning
yoyini torta olmas edilar.
Yer yuzining manman
degan pahlavonlari ham
kurashda unga bas
kelolmasdilar. Ammo, bu
yigitning kuchi faqat
suratdangina iborat edi.
Ilgari na karvonga
yo‘lboshchilik qilib
ko‘rgan, na hayot
mashaqqatini tortgan edi.
U hali yo‘ldagi xavflarga
duch kelmagan edi;
yigitlarning do‘mbira
gumbirlatishi, qo‘shin
maydonlarining na’ralari
ham qulog‘iga yoqmas
edi. Ko‘zi askarlarning
qilich chaqnatganlarini
ko‘rmagan; na dushmanga
asir tushib ko‘rgan, na o‘q
yomg‘iri ostida qolib
ko‘rgan edi. Shunday qilib
yo‘lboshlovchi oldinda,
qolganlar uning ortidan
yo‘lga chiqishdi. Yigit
shunda ba’zi harakatlar
qilib, oldidan chiqqan
devorni bir zarbada
qulatib ketar, qaysi
daraxtni ko‘rsa, bir
ko‘tarishda qo‘porib olar
va havolanib shunday der
edi:
–Qani fil? Kelsin-da, kim er
ekanligini ko‘rsin! Sher
qaerda? Yig‘ilgan panjasi
qandayligini, bilib
qo‘ysin!..
Safar shunday davom
etarkan, qoya ortidan ikki
qaroqchi ko‘rindi. Boshdan
oyoq qurollanib olgan bu
qaroqchilar
yo‘lovchilarning yo‘lini
to‘sdi. Qaroqchilar:
– Yo molingiz, yo
joningiz? –deyishdi.
Yo‘lovchilardan biri
yo‘lboshchi
yigitga qarab:
–Nima deysan? –dedi. Kun
bugun! Erligingni ko‘rsat,
qancha kuching bo‘lsa
chiqar o‘rtaga! Dushman,
mozoriga o‘z oyog‘i bilan
keldi, –dedi.
Qaroqchilarning o‘tkir
nigohlari bilan
to‘qnashgan yigit, shu
onda titray boshladi.
Turgan joyida qotib qoldi.
Boshi egilib qo‘lidagi o‘q-
yoyi ham yerga quladi.
Qo‘rquvdan hech kim
qimirlay olmadi.
Qaroqchilar kelib,
yo‘lovchilarning ust-
boshlarini, silohlarini,
nimaiki bo‘lsa hammasini
yig‘ishtirib olib ketdilar.
Yo‘lovchilar jonlarini
saqlab qolishgach,
yo‘lboshchi yigitga qarab
shunday deyishdi:
“Donolar, “Jussasi filday
baquvvat bo‘lsa ham,
qo‘rqoq odam dushman
bilan yuzlashsa,
qo‘rquvdan po‘stagi
yoriladi. Shuning uchun
ham urushni jang ko‘rgan
odamlar biladi” deganlar.
Haqiqatan, to‘g‘ri aytgan
ekanlar...”
Hikmat
Biron ishda bilimi va
tajribasi yo‘q kishining, u
ishni me’yoriga yetkazib
bajara olmasligi tabiiy
holatdir.
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев