yo‘nalishga chet tillari sinovi kiritiladi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom
Karimovning 2014-yil 30-aprelda “Respublika
oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish tartibini
yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorni
imzoladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi
huzuridagi Davlat test markazi direktori Jahongir Ismoilov O‘zAga bergan intervyusida ma’lum
qilgan. Jahongir Imoilovning ta’kidlashicha, oliy ta’lim
muassasalariga o‘qishga kirish imtihonlari
tizimiga yangiliklar kiritilgan. Davlat rahbarining
2014-yil 30-apreldagi qarorida belgilangan
vazifalardan kelib chiqib, 2014-yil 1-mayda
O‘zbekiston Respublikasi Ta’lim muassasalariga qabul qilish davlat komissiyasining yig‘ilishi
bo‘lib o‘tgan va tegishli masalalar muhokama
etilgan. Majlisda ma’lum qilinishicha, 2014/2015-o‘quv
yilida oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga
talabalarni qabul qilishda matematika fani
bo‘yicha test sinovlariga informatika va axborot
texnologiyalariga taalluqli savol hamda
topshiriqlar kiritilmoqda. Misol uchun, matematika bo‘yicha 30 savol, informatika va
axborot texnologiyalari bo‘yicha 6 savol kiritildi. Test sinovlariga matematika fani ham
kiritiladigan 168 ta’lim yo‘nalishining 108 tasi
bo‘yicha imtihonlarga yuqorida qayd etilgan
masalalarni joriy etish kutilmoqda. Chunonchi,
“Matematika fanini o‘qitish uslubi”, “Fizika va
astronomiya fanini o‘qitish uslubi”, “Kimyo fanini o‘qitish uslubi”, “Fizika”, “Iqtisodiyot”, “Soliq va
soliqqa tortish”, “Elektronika va asbobsozlik” va
boshqa ta’lim yo‘nalishlari shular jumlasidandir. Jahongir Ismoilovning qayd etishicha,
Prezidentning 2012-yil 10-dekabrda “Chet tillarni
o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-
tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan 2014-yil
test sinovlari tizimiga 24 ta’lim yo‘nalishida chet
tillar bo‘yicha test sinovlari joriy etiladi. Chet tillar bo‘yicha test sinovlari o‘tkaziladigan ta’lim
yo‘nalishlari soni 35 dan 59 taga yetadi. Joriy yildan chet tili kiritiladigan ta’lim
yo‘nalishlariga “Tashishlarni tashkil etish va
transport logistikasi” (transport turlari bo‘yicha),
“Radioelektron uskunalar va tizimlar” (sohalar
bo‘yicha), “Telekommunikatsiya”, “Informatika
va axborot texnologiyalari” (sohalar bo‘yicha), “Axborot xavfsizligi” (sohalar bo‘yicha),
“Metrologiya, standartlashtirish va mahsulot sifati
menejmenti” (sohalar bo‘yicha), “Energetika”,
“Avtomobil va traktorsozlik” kabilar misol qilish
mumkin. Ta’lim yo‘nalishlari tahlil etilib, 43 ta’lim yo‘nalishi
bo‘yicha test sinovlari o‘tkaziladigan fanlar,
jumladan, 22 yo‘nalish bo‘yicha mutaxassislikka
oid fanlar qayta ko‘rib chiqildi. “Geofizika”,
“Konchilik ishi”, “Neft va gaz konlariga ishlov
berish hamda ulardan foydalanish”, “Elektrotexnika, elektromexanika va elektr
texnologiyalari” (sohalar bo‘yicha), “Ekologiya va
atrof-muhit muhofazasi” (sohalar bo‘yicha) va
boshqa yo‘nalishlarda fan bloklari o‘zgartirildi. Yana shuni qayd etish kerakki, joriy yildan fizika
asosiy mutaxassislik fani bo‘lgan ta’lim
yo‘nalishlari soni beshtadan 20 taga ko‘paytirildi.
Bular, masalan, “Mexanika”, “Geofizika”,
“Konchilik ishi”, “Neft, gaz va kimyo sanoati
texnologiyasi”, “Elektrotexnika, elektromexanika, elektr texnologiyalari” yo‘nalishlaridir. Biologiya asosiy fan sifatida o‘qitiladigan ta’lim
yo‘nalishlari soni 18 tadan 21 taga ko‘paydi.
“Qishloq xo‘jaligi ekinlari seleksiyasi va
urug‘chilik”, “Zootexniya” (turlar bo‘yicha),
“Veterinariya” va boshqalar shular jumlasidandir. DTM direktorining qo‘shimcha qilishicha, 2014-
yilda oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga
o‘qishga kiradigan abituriyentlar test sinovidan
o‘tkaziladigan fanlar bo‘yicha savol hamda
topshiriqlar ro‘yxati ham qayta ko‘rib chiqilgan.
Buning uchun test savollarini tuzish bo‘yicha ekspertlar guruhi tarkibiga oliy o‘quv yurtlari,
umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-
hunar kollejlarining 200 ga yaqin tajribali
o‘qituvchisi, yuqori malakali mutaxassislar, ilmiy
kadrlar jalb etildi. Ular barcha fanlar bo‘yicha test
sinovlariga kiritilgan savollarni o‘rganib chiqdi. Bunda abituriyentlarning mantiqiy fikrlash
qobiliyati, dunyoqarashi, test sinovlari
o‘tkaziladigan fanlarni qanchalik chuqur bilishini
aniqlashga qaratilgan test savollarini
ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratildi. “Oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish tartibiga
kiritilayotgan o‘zgartishlar haqidagi axborot,
informatika va axborot texnologiyalari bo‘yicha
test savollari hamda vazifalari dasturlari, ta’lim
yo‘nalishlari bo‘yicha test o‘tkaziladigan fanlar
ro‘yxati o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari, ommaviy axborot vositalari,
vakolatli davlat organlari saytlari, jumladan,
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi
huzuridagi Davlat test markazining sayti orqali
abituriyentlar, akademik litsey va kasb-hunar
kollejlari o‘quvchilariga yetkaziladi”, — deb ta’kidladi Jahongir Ismoilov.
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев