Turmush qurush ostonasida turgan har bir qiz borgan xonadonini gullatishni, o’sha oilaning fayzli bekasi bo’lishni, turmush o’rtog’iga suyukli ayol bo’lishini istaydi va niyat qiladi. Shu sababdan bugun sizlarga suyukli ayol bo’lish haqidagi nasihatlarni «Musulmon ayolning o‘z eri oldidagi vazifalari» risolasidan keltirib, dilingizni xushnud etmoqchimiz.
Bolajonim, sevikli qizim! Sen eringga shunday xizmat qilginki, u ham senga qul bo‘lsin! Sen unga yer bo‘lki, u senga osmon bo‘lsin! Sen eringga bir uy bo‘l, u senga ustun bo‘lsin!..
Qizim! Endi senga aytadigan o‘gitlarimga quloq solib, ularni doimo yodingda tutgil:
Avvalo, qanoat sohibasi bo‘l, o‘z holingga shukur qil. Ering uyga nimaniki olib kelsa, u xoh yeydigan, xoh kiyadigan narsa bo‘lsin, xushfe'llik bilan, go‘zal odob bilan qabul qilib ol! Eringga tashakkur aytib xushnudlik ko‘rsat. Zero baxtli hayot kechirmoqning bir yo‘li o‘z holiga shukr etmoqlikdir. Holiga shukur etmagan, o‘z nafsini tiymagan kishida ko‘ngil huzuri, qalb rohati bo‘lmaydi.
Eringga itoatda bo‘l, qil degan ishlarini qil, qilma deganini qilma! Erga itoatda bo‘lmoqlik uyda totuv bir hayotda yashashni istagan har bir ayol uchun havo va suvdek zarurdir. Ering bilan suhbatlashganda itoatli bo‘lishingni, uning so‘zlarini odob bilan tinglab ado etishingni sening so‘zlashib, quloq solishingdan tushunib oladigan bo‘lsin. Shunday bo‘lsa, Olloh taolo sendan xushnud bo‘ladi, uying saodat nuridan nurafshon bo‘ladi.
Eringning ko‘zi tushadigan joylarga yaxshi e'tibor ber! Uyingning ichini, tashqarisini doimo toza tut!
Ust-boshingni toza tut. Bu erning qalbini o‘ziga rom etmoq yo‘lidir. Ering sendan faqat xushbo‘yni sezsin, dimog‘iga yomon hid aslo kelmasin. Yomon hidlar ering oldida sening obro‘yingni tushiradi. Sendan jirkanishiga sabab bo‘ladi. Shuni unutmagilki, tozalik va hariflik eng yaxshi xislatdir. Inson ko‘ziga xush ko‘rinishlik shu bilandir.
Ovqatni vaqtida tayyorla, ya'ni ovqatlanish vaqtini hech qachon kechiktirma. Ering qachon ovqatlanishga o‘rgangan bo‘lsa, o‘sha paytda ovqatni tayyorlagin. U kelishi bilan darhol dasturxon sol. Shuni yaxshi bilginki, ochlik insonning jahlini qo‘zg‘aydi.
Uyqu vaqtini va uyg‘onish paytini yaxshi bilib ol va unga amal qil! Eringning qachon uyquga yotish payti bo‘lsa, o‘rinni tayyorlab qo‘y. Uyqusizlik kishi asablarini buzib, uning ehtiros va muhabbatini sekin-asta so‘ndiradi.
Eringning moli va ashyosiga e'tiborli bo‘l! Uning mol-dunyosini yaxshi saqla, buyumlarini avaylab muhofaza et. Uning mol-mulki senikidir, bolalaringnikidir. Erning mol-mulkini tejash, saqlashni o‘rganish va bu yo‘lda to‘g‘ri, durust harakatda bo‘lish har bir xotinning baxti uchun zarurdir.
Eringning qarindosh va yaqinlariga hurmat ko‘rsat. Qaynonang, qaynotangni hurmat qil, ularni o‘z otang, o‘z onang misolida ko‘r, qaynonang va qaynotang tarafidan bo‘lgan nasihatlarni o‘rniga keltir, doim ochiq ko‘ngilli bo‘l. Shunday qilsang, eringning e'tiborini qozonasan. Ularni hurmat qilish, eringni hurmat qilish demakdir.
Erining qarindoshlariga izzat-ikrom ko‘rsatishni bilmaydigan ayol, huzur ichida yashash yo‘llarini bilmaydigan ayoldir. Gul sevilib, tikan sevilmaydimi? Tikanni ham izzat qilmagan, gul isidan bebahra qoladi. Erining qarindoshlariga hurmat ko‘rsatishni bilmaydigan xotin erining ko‘nglini ololmaydi. Hamma vaqt uning ko‘ziga xunuk ko‘rinadi. Bu oqila ayolning yo‘li emasdir.
Eringning sirlarini boshqalarga aytma! Uning sirini o‘z siringday saqla. Eringning ba'zi sirlarini bilgan vaqtingda ehtiyot bo‘lib uni saqla, birovlarga aytib yurma. Agar sirini aytib qo‘ysang, eringning ishonchini yo‘qotasan, e'tiboridan qolasan. Orada dushmanlik paydo bo‘lib, oilada baraka bo‘lmaydi. Bunday oilada axloq ham bo‘lmaydi.
Eringning dinga to‘g‘ri keladigan barcha buyruqlarini to‘liq ado et! Jannatga kiradigan xotinlar erining dinga uyg‘un amrlarini bajaradigan xotinlardir. Erining yuziga jahl bilan tik qarab, so‘ziga quloq solmaydigan xotinlar baxtsizdirlar.
Jon qizim! Yodingda tutki, ering xafa bo‘lganda sen xursand bo‘lishdan saqlan. Chunki uning xafagarchiligida sening xursand ko‘rinishing, uning quvongan chog‘larida sening g‘amgin bo‘lishing unga hamdard bo‘lmaslik kabi bir qusurni keltirib chiqaradi. Bu esa fahmsiz va tarbiyasi yomon odamlarga munosib ishdir.
Uzatilish ostonasida turgan munis qizlar, nikohingizdan oldin har biringiz qalbingizga va tafakkuringizga ushbu nasihatlar majmuini singdirishingizni maslahat beramiz.
Нет комментариев