Mardona ket.
Nomardday ketma!
Ochiq yara bilan qoldirma meni.
"Endi qaytmayman" - de,
Va aytgin: "kutma",
Million yil kuttirib o‘ldirma meni.
Ketgin!
Umid berib ketmagin faqat,
Umidi yo‘qlarning o‘lmog‘i oson.
Menga qiyin o'lim tilaysanmi, ayt?!
Axir umid bo'lsa uzilmaydi jon.
Ketgin!
Ketganingni bilmasin hech kim,
Yotlarga kulmoqqa imkon qoldirma.
Qalbimni sevgisiz qoldirgin, lekin,
G‘urursiz qoldirma, orsiz qoldirma.
Ketgin!
Ketmaganing xo‘rlikdir asli,
O‘zimning qadrimni bilmoq istayman.
Qul bo'lmaydi Odam atoning nasli,
O‘lsam ham Mardona o‘lmoq istayman!
Ketgin!
Umid berib ketmagin faqat!
Bu yarim ko’nglimda qolmasin armon.
Qulog’ingni berkit, kulmagin faqat -
Tilimdagi yolg’on! Ko’zimga ishon..
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев