4
ODAM ALAYHISSALOM QISSASI
Payg‘ambar alayhisalom dedilar: "Kimda-kim dunyo ajoyibotlarini ko‘rmoqchi bo‘lsa, Odam alayhissalom qissasiga qarasin".
Olloh subhanahu va taolo odamni yaratishlikka ahd qildi va Jabroil alayhissalomga amr qildi: "Borgil, yer yuzidan bir hovuch tuproq keltirgil!" Jabroil kelib tuproq olmoqchi bo‘lgandi, yer ont berdi: "Mendan tuproq olmangiz!" deb. Hazrat Jabroil yerga rahmi kelib, tuproq olmadi. Hazrat Isrofilni yubordi, unga ham ont berdi va u ham tuproq olmadi. Keyin hazrat Makoilni jo‘natdi, yer unga ham ont berdi, u ham tuproq olmadi. Shundan keyin hazrat Azroilga farmon bo‘ldi. Yer unga ham ont berdi. Azroil aytdi: "Olloh taoloning buyrug‘i sening ontingdan azizroq turadi". So‘ng yer yuzidan bir hovuch tuproq oldi. Ollohdan xitob keldi: "Ey Azroil, qattiq ko‘ngilli ekansan. Shunday taqdir qildimki, hamma tiriklarning jonini senga oldiraman".
U tuproqda oq, qora, chuchuk, achchiq, sariq, yashil, qizil, ko‘k, qattiq, yumshoq, toza, nopok, totli va totlig‘siz - hammasining suvi bor edi. Shul sababdan odam farzandlari bir-biriga o‘xshamaslar, kimi poku, kimi nopok, kimi betobu kimi sog‘lom, kimi qorayu kimi oq, kim sarig‘u kimi qizil, kim esligu kimi aqlsiz, kimi chuchuk so‘zliyu kimi achchiq so‘zli, kimi qattiq ko‘ngilliyu kimi yumshoq ko‘ngillidirlar. Azroil u tuproqni Makka va Toif orasidagi Daxno nomli yerga qo‘ydi. U tuproq ustiga qirq yil yomg‘ir yog‘di, o‘ttiz to‘qqiz yil qayg‘u-alam yomg‘iri, bir yil esa sevinch yomg‘iri yog‘di. Shu boisdan Odamga sevinchdan ko‘ra qayg‘u ko‘proq bo‘ldi. Olloh taolo qirq yildan keyin qudrat qo‘li bilan odam suratini barpo qildi. Odamning boshi toif taravga oyog‘i Makka tarafga qaragan edi. Buning hikmati toifning Makkadan ulug‘ligini ko‘rsatish uchun emas, balki odam o‘rnidan tursa yuza Makkaga qarasin, deganlikdan shunday qilidi. Shariatda shunga monand mas’ala bor: bizning mashablardan qachon biron-bir bemor odam yotib namoz o‘qimoqchi bo‘lsa oyog‘ini qibla tarafga uzatur. Shuning uchunki, qachon u namoz ichida sihat topguday bo‘lsa va o‘rnidan tursa yuzi qiblaga qaragan bo‘lg‘ay.
Odamni tuproqdan yaratmoqlikning nima hikmati bor edi? qachon Olloh taolo odamni yarataman, deb hitob qilganida barcha narsalar bosh ko‘tarib: "Odamni bizdan yaratgil", deb ta’mia qildilar. Tog‘: "Men quvvatlikman", dedi. Dengiz: "Men haybatlikman", dedi. Oltin: "Men azizman", dedi. Osmon: "Men yuksakman", dedi. Hamma narsalar o‘zlarini baland olib gap aytdilar. Yer esa tavozu’ qilib, hokisolik bilan: "Men hammadan zaifman, oyoq ostidaman, menda quvonadigan narsa yo‘q", dedi. Shunda xitob keldi: "Men Odamni yerdan yaraturman" va Odamni tuproqdan yaratdi.
Habarda aytadilarki, bir kuni Iblis yetmish ming farishta bilan Odam jasadi yoniga osmondan tushib keldi, ikkala qo‘li bilan Odamning qorniga urib ko‘rdiki, ichi kovak ekan. Farishtalarga aytdi: "Buni yo‘ldan chiqarish o‘ng‘ay ekan". Yana dediki: "Agar Olloh buning ustidan sizlarga erk bersa ne qilgaysizlar?" Hamalari: "Bo‘yin sungaymiz", dedilar. Iblis aytdi: (Oyat) "Hudo nomiga qasamyod etamanki, agar Olloh uni mening ustimdan hukumron qilib qo‘ysa, men unga bo‘ysunmagayman va agar meni uning ustidan hukumron qilib qo‘ysa, uni o‘ldirgayman". Va shu ondayoq kofir bo‘ldi. (Oyat) "Va u kofirlardan edi".
Yana qirq yildan keyin Odamning jonig‘a farmon bo‘ldi: "Odamning taniga kirgin!" deb. Jon Odamning boshi ustida turib qoldi, kirgani unamadi-da "Men oliyman, bu tubanga qanday kirayin", dedi. Shunda Jabroil alayhissalom keldi, unga "Ey aziz jon, Olloh nomi bilan kirgil!" dedi. Jon Olloh nomini eshitgan hamon kirdi.
Yana bir rivoyatda keladiki, Jon Odamning boshiga kirib, ikki yuz yil turib qoldi. Undan keyin ko‘ziga kirgan edi, ko‘zlari ochildi. O’z yuzini ko‘rdiki, qora tuproqdan yaralmish. Olloh o‘z qudratini ko‘rsatish uchun ko‘zni yaratgandi. So‘ngra burunga kelganda bir aksa urdi. Jabroilga xitob keldi: "Odamning burnidan chiqqan nafasni omonat saqlagil!" Undan og‘ziga keldi, shunda aytdiki: "Al-hamdu li-llahi robbil olamin". Olloh yorlaqadi: "Parvardigoring senga rahmat qilsin, Men seni shuning uchun yaratdim".
Shundan keyin jon ko‘ksiga keldi. Shu yerda turmoqchi bo‘lgandi, tura olmadi. Shu asnoda Olloh taolo: (Oyat) "Va inson shoshiladurgan bir mahluq qilib yaratildi", dedi. Shundan so‘ng qorniga kelgandi, taom istadi. Jon jasad ichida yoyila boshladi, suyaklar, go‘sht, teri, tomir kabilan hosil bo‘ldi, tebrana boshladi.
Odamning terisi bag‘oyat ko‘rkli edi. Kundan-kun tiniqlasha boshladi. Qachonki illatlar hosil bo‘la boshlaganda, teri suyuldi. O’sha terining belgisi barmoqlar uchida qoldi, u tirnoqlarga aylandi.
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев