Savol: Bir qardoshim shunday deb shikoyat qildi: “Ko‘pincha bomdod namozini o‘tkazib yuboraman. Kamdan-kam holda o‘z vaqtida ado qilaman. Aksar holatda quyosh chiqqandan keyin uyg‘onaman. Mabodo uyg‘onsam ham jamoatni qo‘ldan boy bergan bo‘laman. Uyg‘onish uchun ko‘p harakat qildim. Lekin foydasi bo‘lmadi. Bu muammoning yechimi nima?”
Javob: Alloh ta’ologa beadad hamdu sanolar bo‘lsin. Endi, bu muammoning yechimi – boshqalari kabi – ikki jihatdan iboratdir: Ilmiy jihat va amaliy jihat.
Ilmiy jihat: U ham ikki qismdir.
Birinchi qism: Musulmon kimsa Alloh ta’oloning nazdida bomdod namozining qadri qanchalar ulug‘ ekanligini bilishi kerak.
Rosululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:
“Kimki bomdod namozini jamoat bilan ado etsa, butun kecha namoz o‘qigan kimsa kabidir” (Imom Ahmad rivoyati).
“Munofiqga eng mashaqqatli bo‘lgan namoz: xufton va bomdod namozidir. Agar u ikkisida nimalar borligini bilganida edi, sudralib bo‘lsada kelgan bo‘lar edi” (Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyati).
“Kim bomdod namozini ado etsa, u Alloh ta’oloning himoyasidadir. Alloh ta’olo himoyasi uchun sizdan biror narsa so‘ramaydi” (Imom Tabaroniy rivoyati).
“Sizlarni kechayu-kunduz doim ketma-ket ta’qib etadigan farishtalar bordir. Ular bomdod va asr namozida to‘planadilar (uchrashadilar). Sizlar bilan kechani o‘tkazganlar samoga ko‘tariladilar. Alloh ta’olo (ulardan yaxshiroq bilgani holda): “Bandalarimni qanday holatda tark qildingiz?” deb so‘raydi. Farishtalar: “Biz ularni tark etayotganimizda namoz o‘qiyotgan edilar va huzurlariga borganimizda ham namoz o‘qiyotgan edilar”, deydilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
“Alloh tao’oloning nazdida eng fazilatli namoz, juma kunidagi jamoat ila o‘qilgan bomdod namozidir” (Abu Na’im rivoyati).
Ikkinchi qism: Musulmon kimsa bomdod namozini o‘z vaqtida ado qilmaslik naqadar og‘ir va xatarli ekanligini bilishi kerak.
Quyida kelgan hadisi sharif bu xatarni bayon qiladi:
“Munofiqga eng mashaqqatli bo‘lgan namoz: xufton va bomdod namozidir. Agar u ikkisida nimalar borligini bilganida edi, sudralib bo‘lsada kelgan bo‘lar edi” (Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyati).
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan sahih hadisda, “biz xufton va bomdod namozida (jamoatda) ko‘rinmagan kimsa haqida yomon gumonda bo‘lar edik (ya’ni, uni munofiq deb yomon gumon qilar edik)” deyilgan (Imom Tabaroniy rivoyati).
Yomon gumonda bo‘lishlik faqat shu ikki namozga kelmagan kimsa haqida edi. Chunki, bu ikki namozni muhofaza etishlik, kishining iymoni va sodiqligining o‘lchovidir. Bu o‘lchov yana uning ixlosini ham o‘lchaydi. Chunki, bu ikki namozdan boshqa namozlarda (peshin, asr, shomda) insonning zarur ishi borligi yoki uyg‘oqligi sababli biror muammo yo‘q edi.
Bomdod va xufton namozini muhofaza etish uchun hech kim kuch sarflamaydi, faqatgina qat’iyatli va sadoqatli bo‘lsa bo‘ldi. Bunga ham yaxshilik umid qilinadi.
Yana bomdod namozini o‘z vaqtida ado etmaslikning xatariga ishora qiluvchi hadisi shariflardan biri ushbu hadisdir. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Kimki bomdod namozini ado etsa, u Alloh ta’oloning himoyasidadir. Alloh ta’olo himoyasi uchun sizdan biror narsa so‘ramaydi. Kimki Alloh ta’oloning himoyasidan chiqishni xohlasa, unga erishadi. So‘ngra Alloh ta’olo uni yuztuban jahannamga uloqtiradi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Bu ikki qism, bomdodni tark etayotgan musulmon uchun shavq ila qalbini alanga oldirishga kifoyadir. Birinchi qism, bomdod namozidagi savobni olishda kim o‘zarga undaydi. Ikkinchi qism esa, nasihat etish va tahdid qilish uchundir. Nafsning gunohda qolib xor bo‘lishidan qaytariqdir.
Amaliy jihat: Bu muammoni muolaja qilishda musulmon uchun bir qancha amaliy bosqich bor. Agar bu amaliy bosqichlarga rioya qilsa, yanada qat’iyat ko‘rsatib tartibli ravishda bomdod namozini jamoat ila bardavom ado etadi.
U amaliy bosqichlar quyidagilardir:
1. Erta uxlashlik. Sahih hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam xuftondan oldin uxlashlikni va xuftondan keyin gaplashib o‘tirishlikni yoqtirmas edilar deyilgan. Musulmon kimsaga xuftondan oldin uxlashi to‘g‘ri kelmaydi. Bu borada guvoh bo‘lingan narsa shuki, xufton namozidan oldin (xufton namozini o‘qimasdan) uxlaganlar, ko‘pincha butun kechalarini holdan toygan va g‘am-qayg‘uli holda hamda xasta kabi holda o‘tkazadilar.
Xufton namozidan keyin gaplashib o‘tirish ham to‘g‘ri kelmaydi. Ilm ahllari buning sababini shunday bayon qiladilar: u uyqusizlikka sabab bo‘ladi. Bunday tarzdagi uyqu kecha namoziga turmay qolishlikka sabab bo‘lishi qo‘rqiladi. Yoki bomdod namozini fazilatli, eng afzal ko‘rilgan yoki joyiz bo‘lgan vaqtlarda ado etilishiga to‘siq bo‘lishi mumkin.
Xufton namozidan keyin makruh bo‘lgan gaplashib o‘tirishlik, ilm ahllari aytganlaridek, biror foydasi bo‘lmagan, behuda narsalarni gaplashishlikdir. Ammo musulmonlar uchun foydali bo‘lgan yoki xayrli bo‘lgan ishlarni gaplashishlik makruh emasdir. Ilmiy muzokaralar, solihlarning hayoti va fazilatlarini o‘rganish, mehmonlar bilan gaplashish, oilasi va farzandlari ila birga bo‘lish va ular bilan hazil-mutoyiba qilish kabi muboh sabablar tufayli xuftondan keyin gaplashib o‘tirishlik makruh emasdir.
2. Uxlashdan oldin tahoratli bo‘lish va zikrlarni o‘qishga harakat qilishlik. Chunki, bular bomdod namoziga turishga yordamchi bo‘ladi.
3. Bomdod namoziga turishga qat’iyatli bo‘lish va niyatida sodiq holda uxlashlik.
4. Uyg‘ongan zahoti Alloh ta’oloni zikr qilishlik. Ba’zi insonlar uyg‘onadilar, so‘ngra yana biroz uxlaydilar. Shu bilan batamom uxlab qoladilar. Ammo Alloh ta’oloni ilk turgandayoq zikr qilishga harakat qilsa, shaytonning unga bog‘lagan tugunlaridan birini yechgan bo‘ladi. Bu uni turishga undaydi. Tahorat olganida maqsadiga yetib, shaytondan uzoqlashgan bo‘ladi. Namoz o‘qiganda esa, shaytonni uyaltirgan va tarozusi og‘ir bosgan bo‘ladi. Shu tarzda o‘zini yaxshi his qilib, faol va g‘ayratli bo‘ladi.
5. Bomdodga turishlik uchun o‘zgalardan yordam olishlik. Bu xususda bir-biriga tavsiyada, nasihatda bo‘lishlik kerak. Oila a’zolaridan va solih kimsalardan yordam olishlik kerakdir. Shubhasiz, bu holat Alloh ta’oloning ushbu oyati karimalari ostiga kiradi:
Alloh ta’olo shunday marhamat qiladi:
“Yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qiling” (Moida surasi, 5 oyat mazmuni).
“Asr bilan qasam. Albatta, inson xusron (ziyon)dadir. Magar, iymon keltirganlar va solih amallar qilganlar, bir-birlarini haq yo‘lga chaqirganlar va bir-birlarini sabrga chaqirganlar (undoq emasdir)” (Asr surasi, 1-3-oyatlar mazmuni).
Ota farzandlarini imtihoni bor, charchagan, uxlayversin demasin. Bu ish xatodir. Bu ota-onaning rahmat va shafqatidan sanalmaydi. Chunki, farzandlarga rahmat va muhabbat ko‘rsatish, ularni bomdodga uyg‘otishdir. Alloh ta’olo Qur’oni karimda shunday deydi:
“Ahlingni namozga buyur va o‘zing unga sabr qil” (Toha surasi, 132-oyat mazmuni).
6. Banda bomdod namozini ado etishlik uchun Alloh ta’olo uni muvaffaq qilishini duoda so‘rashlik. Chunki, duo har narsada muvaffaqiyat qozonishlik uchun eng ulug‘ sababdir.
7. Jiringlovchi asboblarni qo‘llashlik. Uyg‘otgich soatni munosib joyga qo‘yishlik. Ba’zi insonlar uni boshi tepasiga qo‘yadi, jiringlaganda uni tezda o‘chirib, yana uyquga ketadilar. Bunday odati bor kimsa, sezib uyg‘onishi uchun soatni biroz uzoqroq joyga qo‘ysin.
8. Uxlayotgan kimsa turmasa, yuziga suv sepishlik. Kecha namozi (tahajjud)ga turishni xohlagan kimsani maqtagan hadisi sharifda bo‘lgani kabi. Unda shunday deyiladi: “Ayolini uyg‘otadi, agar rad etsa, yuziga suv sepadi”. Kecha namozi (tahajjud)ga turishni xohlagan ayolni maqtagan hadisi sharifda esa shunday deyiladi: “Erini uyg‘otadi, agar rad etsa, yuziga suv sepadi” (Imom Ahmad rivoyati).
Ba’zi insonlar bu shaklda uyg‘otilganlarida jahllari chiqib, koyishi, tahdid qilishi mumkin. Shunga qaramay uyg‘otuvchi hikmat va sabr ila ishni oxiriga yetkazishi kerak. Bu holat bomdodga uyg‘otishiga to‘siq bo‘lmasligi kerak.
9. Yolg‘iz uxlamaslik. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam kishining yolg‘iz o‘zi uxlashidan qaytarganlar (Imom Ahmad rivoyati).
Ehtimol, bu hadisi sharifdan tushunilgan bir hikmat, uyqu insonga g‘olib kelib, uni namozga uyg‘otadigan biror kimsa uning yonida bo‘lmay qolishligidir.
10. Uzoq joylarda uxlamaslik. Ya’ni, insonlarning falon joyda uxlayapti deb xayoliga kelmaydigan joylarda uxlamaslik. Masalan, oilasiga xabar bermasdan uyining tomida uxlagan kimsa, uzoq yurtda uxlagan kimsa kabidir.
11. Uyg‘onish vaqtida qat’iyatli bo‘lishlik. Bir marotabada turishlik. Uyg‘otuvchi kimsa uyg‘otishga kelsa, ketganidan keyin yana qayta uxlashga yotmaslik.
12. Namoz vaqti kirishidan ancha oldinga uyg‘otgich soatni qo‘ymaslik. Kishi o‘zini biladi, agar bu vaqtda turganida, o‘z-o‘ziga hali ancha vaqt bor, biroz yana uxlab olayin deyishi mumkin va, odatda, bomdod o‘qimay uxlab qoladi. Har kim o‘z nafsining holatini biladi, shunga ko‘ra harakat qilishi kerak.
13. Uyg‘ongan zahoti chiroqni yoqishlik. Chunki, chiroq yorug‘ligi uyquni daf qiladigan katta bir ta’sirga egadir.
14. Kechasi bedor turishlikni cho‘zib yubormaslik, hatto tahajjud namozi uchun ham bedorlikni cho‘zib yubormaslik. Ba’zi insonlar tahajjud namozini cho‘zib yuborib, bomdod namoziga biroz vaqt qolganda uxlaydilar. Bunday tarzda bomdod namoziga turishlari qiyinlashadi.
15. Uyqudan oldin ko‘p yemaslik. Ko‘p yeyishlik uyquning sabablaridan biridir. Ko‘p yegan ko‘p charchaydi, ko‘p charchagan ko‘p uxlaydi. Bunday holatda ko‘p zarar yetadi. Inson kechki taomiga yengilroq narsa yeyishga harakat qilishi kerak.
16. Tahajjud namozini bomdoddan biroz oldinroqqa qo‘ysin. Shunday holatdaki, vitr namozini tugatganda, bomdod azoni aytilsin. Shunda, ibodatlar ketma-ket kelgan bo‘ladi. Bunday tarzda tahajjud namozi kechaning uchdan birining eng so‘ngi qismiga to‘g‘ri kelgan bo‘ladi. Bu ham afzal bo‘lgan vaqtdir. Shu tarzda bomdod namoziga faol va g‘ayratli holda kirishadi.
17. Uxlaganda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam uxlaganlari shaklda uxlashlik. Shundayki, o‘ng tarafga yonboshlab, o‘ng yonog‘ini o‘ng qo‘lining ichiga qo‘yib uxlashlik. Bunday uxlashlik bomdodga uyg‘onishlikni osonlashtiradi. Eng xayirli holat Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning holatlaridir. Bundan boshqa shakllarda uxlashlik, bomdodga turishlikni qiyinlashtiradi.
18. Qaylula uyqusidan quvvat olishlik. (Qaylula uyqusi sunnatdir. Choshgoh vaqtidan peshindan biroz keyingacha davom etadi. Bu uyqu kechasi ibodatga turishlikga sabab bo‘lgani uchun sunnatdir. Yarim soatlik qaylula uyqusi, kecha uyqusining ikki soatiga tengdir). Bomdod namoziga turishda ham ancha quvvat bo‘ladi.
19. Asrdan keyin uxlamaslik. Asr va shomdan keyin uxlamaslik kerak. Chunki, bu ikki vaqtda uxlashlik, kechasi dong qotib uxlashga sabab bo‘ladi. Kimki uyqusini bu tarzda o‘tkazsa, bomdodga uyg‘onishi qiyin bo‘ladi.
20. Eng so‘ngisi, Alloh ta’olo uchun ixlosli bo‘lishlik. Bu insonning bomdodga turishi uchun eng yaxshi sababdir. Bu butun sabab va vasilalardan eng avvalda keladi. Agar vijdonni uyg‘otgan va qalbni alangalatgan ixlos bo‘lsa, bu inshaa Alloh uning jamoat ila bomdod namoziga uyg‘onishi uchun kafildir. Hatto, bomdod namozidan bir qancha daqiqalar oldin uxlagan bo‘lsa ham.
“Sabah namazına kalkamamak – Bomdod namoziga tura olmaslik” kitobidan. Turk tilidan Abdulqayyum Komil tarjimasi
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев