Davlatimiz rahbari Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining 2005-yil 28-yanvarda bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisida qayd etilgan bu fikrlarning ijobatini bugun har qadamda ko‘rish mumkin. Mamlakatimizda yaratilgan keng sharoit va imkoniyatlardan unumli foydalangan holda, o‘zi va oilasi farovonligini ta’minlash bilan birga, el-yurt obodligi, mamlakat ravnaqiga munosib hissa qo‘shayotgan tadbirkorlar safi yil sayin kengayib bormoqda.
Prezidentimizning tashabbusi bilan qabul qilingan ko‘plab qonunlar, farmon va qarorlar kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng yo‘l ochdi. Xususan, davlatimiz rahbarining 2005-yil 5-oktabrda qabul qilingan “Tadbirkorlik sub’ektlarini tekshirishni yanada qisqartirish va uning tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga binoan tekshirishlar soni keskin qisqartirildi. Bugungi kunda biznesni ro‘yxatga olish jarayoni “bir darcha” tamoyili asosida ikki kun ichida amalga oshiriladi.
Tadbirkorlik sub’ektlarining manfaat va qonuniy huquqlarini himoya qilishning samarali tizimi yaratilgani, ularga berilgan keng imkoniyat, imtiyoz va preferensiyalar soha vakillarining ishga ishtiyoq va shijoatini oshirib, ertangi kunga ishonchini mustahkamladi. Yangi-yangi biznes-rejalar ishlab chiqish va amalga oshirishga turtki berdi. Ishbilarmonlarimiz safi kengayib, bozorlarimizda o‘zimizda ishlab chiqarilgan oziq-ovqat, nooziq-ovqat, hunarmandchilik, xo‘jalik mollari va boshqa mahsulotlar turi ko‘payib, sifati yaxshilanib bormoqda.
Ayni paytda bu borada amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar samarasida yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi farovonligini ta’minlashda mazkur tarmoqning ulushi tobora ortib borayotir. 2005-2012-yillarda mamlakatimiz iqtisodiyotida tashkil etilgan 5 milliondan ortiq ish o‘rnining 60 foizdan ortig‘i shu soha hissasiga to‘g‘ri kelgani, bugungi kunda yurtimizda ish bilan band bo‘lgan aholining 75 foizdan ziyodi ushbu sohada mehnat qilayotgani ham bu fikrni tasdiqlaydi.
Toshkent viloyati Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmasidan ma’lum qilishlaricha, joriy yilning o‘tgan sakkiz oyida viloyatda yaratilgan 60 mingdan ziyod ish o‘rnining asosiy qismi kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish hisobiga to‘g‘ri keladi. 20 mingga yaqin kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ekti ish olib borayotgan Toshkent viloyatining yalpi hududiy mahsuloti tarkibida bu sohaning ulushi 56,7 foizni tashkil etayotir.
Viloyatning Bo‘ka tumanida 664 kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ekti faoliyat ko‘rsatmoqda. Tumanda xususiy sektor vakillariga kredit ajratish, qulay biznes muhiti yaratish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yangi korxonalar tashkil etish va mavjudlari faoliyatini yanada yaxshilash borasidagi ishlar izchil davom etmoqda.
Davlatimiz rahbarining shu yil 12-iyulda qabul qilingan “2013-2015-yillarda Toshkent viloyati sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
Tumanda ushbu hujjatga binoan yettita loyiha amalga oshirildi. “Amirzod Anvarov” mas’uliyati cheklangan jamiyati mebel, “Abbos”, “Obidbek maftun” va “Drobit biznes” kichik korxonalari qurilish materiallari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Tikuvchilik yo‘nalishidagi uchta korxona faoliyati kengaytirilishi natijasida o‘ttiz nafarga yaqin fuqaro doimiy ish bilan ta’minlandi
Tumanning “Xo‘jaqo‘rg‘on” mahalla fuqarolar yig‘inidagi “Bo‘ka Turon invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Omil Musayev yigirma yildan beri tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi.
– Ishni 1993-yil avtomobil eshik oynalari oldi-sotdisidan boshlagan edik, – deydi Omil aka. – Prezidentimizning sohaga bo‘lgan doimiy va katta e’tibori tufayli ilgari uchrab turgan qiyinchiliklar ortda qoldi. Bugun emin-erkin ishlamoqdamiz. Ish yuzasidan ko‘p davlatlarda bo‘ldim. Hech bir yurtda tadbirkorlikka O‘zbekistonimizdagidek e’tibor va g‘amxo‘rlikni ko‘rmadim.
Ishbilarmon O.Musayev 2008-yili bankdan olgan imtiyozli kredit evaziga faoliyatini kengaytirdi va “Bo‘ka Turon invest” mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil etdi. Ayni paytda mazkur korxonada yurtimizda ishlab chiqarilayotgan yengil va yuk avtomobillari, qishloq xo‘jaligi va maishiy xizmat texnikalari, uy-ro‘zg‘or jihozlari hamda mebellar uchun ko‘plab shakl va o‘lchovdagi oyna va ko‘zgular tayyorlanmoqda.
Keyingi yillarda mamlakatimizda sanoat, xususan, avtosanoat va maishiy texnika ishlab chiqarishning jadal rivojlanishi “Bo‘ka Turon invest” mahsulotlari xaridorgirligini oshirdi.
Yaxlit oynalarni belgilangan o‘lchovda kesish, bukish, tovlantirish, unga naqsh, rang va me’moriy bezak berish oson ish emas. Zamonaviy texnikalar yordamida amalga oshiriladigan bu ishlarni bo‘kalik yoshlar bemalol, talab darajasida bajarayotgani kishini quvontiradi.
Mazkur korxonada mehnat qilayotgan ellik nafarga yaqin ishchi-xizmatchining aksariyati kasb-hunar kollejini bitirgan yoshlardir.
– Bo‘ka agroservis kasb-hunar kollejini bitirib, ushbu korxonaga ishga kirganimdan xursandman, – deydi Olovuddin Shokirov. – Har jihatdan o‘zimga ma’qul ish va doimiy daromad manbaiga ega bo‘lganimdan mamnunman.
– Hududimizda joylashgan korxona aholini ish bilan ta’minlash, farovonligini oshirish, kam ta’minlangan oilalarga moddiy va ma’naviy ko‘mak berish, obodonlashtirish ishlariga munosib hissa qo‘shmoqda, – deydi “Turon” qishloq fuqarolar yig‘ini raisi Ashirqul Tursunqulov. – Joriy yilda ham tadbirkorlar ko‘magida ikki kilometr yo‘lga asfalt yotqizildi, o‘n kilometr yo‘l joriy ta’mirlandi. Yolg‘iz keksalar, nogiron va boquvchisini yo‘qotgan oilalarga mablag‘ ajratildi.
“Obod turmush yili” Davlat dasturi doirasida Quldiroq, Qo‘chqorso‘ygan va boshqa qishloqlarda savdo do‘konlari, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, dukkakli mahsulotlarni qayta ishlash sexi, sartaroshxona, ayollar go‘zallik saloni foydalanishga topshirildi. Qarovsiz yerlar o‘rnida bir-biridan ko‘rkam va zamonaviy ob’ektlarning bunyod etilishi munosabati bilan ularga tutash joylar ham obod maskanlarga aylanmoqda.
Bo‘kada oilaviy biznesni rivojlantirishga ham alohida e’tibor berilmoqda.
Prezidentimiz Islom Karimovning Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslari asosida ishlab chiqilgan “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning mazkur shaklini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
– Oilaviy tadbirkorlik ravnaqi xalqimiz turmush darajasini yanada yuksaltirishda alohida o‘rin tutadi, – deydi Bo‘ka tumani hokimining o‘rinbosari Muhiddin Sharipov. – Tumanda oilaviy biznesning dehqonchilik, chorvachilik, milliy hunarmandchilik, tijorat va maishiy xizmat yo‘nalishlari rivojlanib bormoqda. Buning uchun zarur qonunchilik asoslari yaratilgani va mustahkamlab qo‘yilgani muhim omil bo‘lmoqda.
Tumandagi Oltish mahallasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirib, parranda, qo‘y-qo‘zi va qoramol boqib el-yurt ma’murchiligiga hassa qo‘shayotgan, aholiga savdo va maishiy xizmat ko‘rsatib oilasi farovonligini ta’minlayotgan oilalar ko‘pchilikni tashkil etadi.
Ushbu mahallada yashovchi Saidinom Mahmudovning oilasi milliy hunarmandchilik bilan shug‘ullanadi. Saidinom aka uyida eshik-rom, xontaxta, sandiq va stol-stul yasaydi. Bu ishda o‘g‘illari va shogirdlari Oybek, Ibrohim, Saidrahmon, Akmal va Akbar ko‘makdosh.
– Prezidentimiz rahnamoligida milliy hunarmandchiligimiz rivoj topmoqda, – deydi Respublika “Hunarmand” uyushmasi a’zosi S.Mahmudov. – Biz, hunarmandlarga davlatimiz tomonidan har tomonlama ko‘mak va rag‘bat ko‘rsatilmoqda. Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikka munosib bo‘lish, nisbatan arzon va sifati yuqori mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari ochish yo‘lida mehnat qilmoqdamiz.
Prezidentimiz rahnamoligida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqlarini himoya qilish, erkin faoliyat yuritishlari uchun shart-sharoit yaratish, mahsulotlarini sotishni tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar aholi farovonligini ta’minlash, O‘zbekistonimizni rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shishdek olijanob va ezgu maqsadga xizmat qilmoqda.
www.mineconomy.uz O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Mоliya vаzirligi www.mf.uz O‘zbekiston Respublikasi Qishlоq vа suv хo‘jаligi vаzirligi www.agro.uz O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Mеhnаt vа аhоlini ijtimоiy muhоfаzа qilish vаzirligi www.mehnat.uz O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Оliy vа o‘rtа mахsus tа’lim vаzirligi www.edu.uz O‘zbekistоn Respublikаsi Хаlq ta’limi vаzirligi www.uzedu.uz O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Sоg’liqni sаqlаsh vаzirligi www.minzdrav.uz O’zbеkiston Rеspublikаsi Ichki ishlаr vаzirligi www.mvd.uz O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi
...Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев