(qissa)
[Ikki Oʻt Orasida
– Bola degani umringni zavoli ekan, xuddi menga kerakdek, zambarak bilan qoʻzgʻatib boʻlmaydi. Nahotki, uch kundan beri bitta qizni koʻrib kelish qiyin, bolani oʻzida boʻlmagandan keyin, qancha harakat qil bir tiyin, men seni soʻqimga boqdimmi oʻzi, nima qil deydi, dardi boʻlsa aytmaydi, bu uyni uy qilguncha ado boʻluvdim, seni uylantirguncha goʻrga kiraman shekilli, bu ahvolda nima boʻladi, a? Erta-indin oʻttizga chiqasan, yuraverasanmi, itning keyingi oyogʻi boʻlib, ogʻaynilaring qiz uzatadi, sen qarab turavergin, ertaga ammalaring gap chiqarsin, akam boʻlmasa, kennoyim bir oʻzi, hech baloni eplolmaydi, bitta oʻgʻilni uylantirolmayapti desin, senga oʻzi shu kerak. Peshonamga oʻq tegsa boʻlmasmidi? Oʻz bolam oʻzimga dushman!
Ishtahasi allaqachon boʻgʻilib boʻlgan Rustam, qoshiqni aylantirib-aylantirib oxiri toʻxtatdi, kosani nari surishga yuragi betlamay koʻz qiri bilan onasiga qaradi. Roʻmolini jahl bilan yechib, qayta oʻragan onasi:
– Oʻzi asli peshonam shoʻr, xudo urganni paygʻambar hassasi bilan turtadi! – dedi hasratli ovozda.
Nodira onasining yelkasini siladi.
– Oyi? Hadeb nolimang, xudoga xush kelmaydi.
– Oʻchir! Endi sen qoluvding menga aql oʻrgatmagan!
Dami ichiga tushib ketgan Nodira ukasiga bir nima desangchi, deganday qaradi.
Rustam boshlanajak janjalning oldini olishga shaylanib:
– Oyi, bugun navbatchiman! – deya bahona qildi.
– Ana, ana boshlandi, qachon men gapirsam bu yo navbatchi boʻladi, yo tuzatgan kasali oʻlib qoladi. Qaysi gunohlarimga xudo menga bu kunlarni ravo koʻrdi! – Onasi peshonasiga shapatiladi. – Ichimdan tushgan bolamga soʻzim oʻtmasa-ya! Yo astagʻfirillo!
Rustam onasining dardini yengillatishni istab:
– Oyi, boʻldi, koʻrib keldim, hozir oʻsha yerdan kelib turibman! – dedi.
Shusiz ham jazavaga tushib turgan Dilorxonni alam toʻgʻoni bostirib, dodga keldi:
– Koʻrdingmi, koʻrdingmi! Yoʻq, bu meni oʻldirib qutuladi, menda qasdi bor! – koʻrpachaga uzala tushib, dodlay boshladi.
Bu holni koʻp bora koʻraverib, koʻnikib qolgan Rustam oʻrnidan turib, doim tayyor turadigan shpritsga papaverin, dimedrol tortib, onasining bilak tomiriga yubordi. Hovliga chiqib piyolada suv olib kirgan Nodira valerianka tomizib ichirdi va onasining kuragini ishqay boshladi.
Uyni yurak dorisining oʻtkir hidi tutdi. Xonaga choʻkkan ogʻir jimlikni avval oʻng koʻzini, soʻng chap koʻzini ochib, Rustamga gʻalati qaragan onasining boʻgʻiq tovushi buzdi:
– Koʻrgan boʻlsang, endi nima deysan?! Nima bahona topib kelding yana? Kar ekanmi yo gʻilay? Yo gapirganda tupugi oqarkanmi? Gapir!.. Bahonalaringni eshitaverib, xudo hamma qizlarni shunaqa sovuq yaratgan ekan, deb oʻylab qoldim.
– Oyi birpas dam oling, hozir yana yuragingiz...
– E, quruq mehribonchilik qilma menga.
Nodira nimaga ham gapira qoldim deb, tilini tishlab, oʻzi oʻtirgan koʻrpachaning chetini asabiy gʻijimlashga tushdi.
– Shundoq joy a, shundoq joy, kimdan kam! Hali bersa jon degin, quruq savlatiga osmondagi oy kerakmi, bolamas balo boʻldi, qandoq kunda tuqqan ekanman oʻzi!
Sabr kosasi toʻlgan Rustam:
– Boʻldi, xoʻp bilganingizni qiling! Boʻldimi, qutuldimmi endi?! – deya oldidagi kosani toʻq etib nari surib qoʻydi.
Dilorxon unga chaqchayib qaradi:
– Doʻq qilma menga!
Nodira jim turolmay yana gapga aralashdi:
– Oyi-i?.. Xoʻp dedi-ku, yana nimaga urishasiz?!
– Ey, men bugun koʻryapmanmi buni, koʻchaga chiqib aynab keladi, nechtasini shunaqa qildi, ertaga yoʻq deb, ikki oyogʻini bir etikka tiqib turib oladi.
Nodira astoydil oʻrtandi:
– Yoʻq demaydi endi, demaysan-a? Rustam, bir narsa degin! Aynab kelmaysan-a?
Rustam xayolga choʻmdi: institut hovlisi, oppoq sumkasini ushlagancha, yolgʻondan burnini tortib, koʻzini pirpiratayotgan chiroyli Nigora; oppoq boʻyni, dumaloq yuzi, chiroyli yelkasi, keyin... lablari... Dilorxon tagʻin jazavaga tushdi:
– Ogʻziga talqon solgan bu! Odamni ezishdan boshqa narsani bilmaydi!
– Xoʻp endi aynimayman! – xayoli boʻlingan Rustam past ovozda javob berdi. Tagʻin koʻz oldida Nigora jonlanaverdi... keyin yana birov... Ayni paytda Rustam oʻzini ojiz sezdi. U ikkilanardi. Xayolida jonlanayotgan qiyofalarni bir-biri bilan solishtirish toʻgʻri boʻlmas. Bugun koʻrib kelgan qizning goʻzalligi oldida hamma narsa ikki pul. Bunaqa chiroyli qizni birovga berib boʻladimi? Ammo ikkinchi qiyofa-chi? Unda nima bor? Unda na husn, na muomala bor. Ammo eng katta yutugʻi – hayotiga singigan, koʻngliga oʻtirgan: koʻz oʻngida jilmaygan yoqimtoy Nigora qilt etmay turar, uning goʻzalligi borgan sari yigitning yuragini oʻz zabtiga olmoqda edi. Oʻsha zahoti Nigoraning yonida ikkinchi qiyofa: « – Men-chi, men borman-ku», deyayotgandek oʻzini eslatib turardi.
Oʻgʻliga tikilib qolgan Dilorxon rost aytyaptimi yo shunchakimi deb koʻnglidan oʻtkazdi, rostligiga ishonch hosil qildi shekilli, sekin oʻrnidan turib:
– Gaping rost boʻlsa, baxtli boʻlgin, qoʻsha qarigin, men unda harakatimni qilay, kim bilan borsam ekan, seni qaynonang birga borarmikan? – deb Nodiraga yuzlandi.
– Bilmasam oyi, men ham bora qolay, bogʻchaga kech qolaman, oyim bilan oʻzingiz telefonlashing.
– Seni qaynonangdan yorugʻlik chiqqanmi oʻzi hech, faqat olishni biladi. Oʻzi uchta quda qilib yolchimadim, zora bunisidan rohat koʻrsam. Juda baquvvat joy ekan, orzu-havasli deyishadi. Boʻpti, sen boraqol, bolaga kech qolma. Men bir amallarman.
Qaynonasidan berkitib, birrov xabar olishga kirganiga ming pushaymon boʻlgan Nodira ichida oʻzini-oʻzi qargʻab-qargʻab koʻchaga chiqdi.
davomi bor...
"Beoshyon yaralgan ayol"
(qissa)
[Dugonalar bor bo'lsin]
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев