Savol: Savdo-sotiqda ham
ma'lum odoblar borligini
eshitdim. Ular nimalar?
Javob: Tojirlik – kasblarning eng
yaxshisi hisoblanadi. Savdo-
sotiqning ham alohida odoblari
bor. Ular quyidagilar:
1. Sidqi muomala. Ya'ni, molni
navi, jinsi, masdari va xarajatlari
haqida yolg'on aralashtirmay,
haqiqiy sifati bilan tavsiflash.
Imom Termiziy Rufo'adan
(roziyallohu anhu) rivoyat qiladi:
Payg'ambar (sollallohu alayhi va
sallam) bunday deydilar: «Albatta
tojirlarning Alloh saqlagan, go'zal
muomalali va rostgo'ylaridan
boshqalari fojirlardan bo'lib
qayta tiriladilar».
2. Muomalada bag'rikeng
bo'lish. Ya'ni, sotuvchi narxdan
tushib, oluvchi oshiqroq to'lab
himmat qilish. Imom Buxoriy
Jobirdan (roziyallohu anhu)
rivoyat qiladi: Rasululloh
(sollallohu alayhi va sallam)
bunday marhamat qiladilar:
«Sotganda, sotib olganda va
qarzini talab qilganda
xushmuomala bo'lgan kishiga
Allohning rahmati bo'lsin».
3. Garchi so'zi rost bo'lsa-da,
qasam ichishdan tiyilish. Bay'da
Alloh nomi bilan qasam ichishdan
mutlaqo tiyilgan ma'qul. Alloh
taolo: «Yaxshilik qilish, taqvodor
bo'lish va odamlar orasini isloh
qilish (kabi amallardan
to'sadigan) qasamlaringiz
uchun Allohni bahona
qilmangiz» (Baqara surasi 224-
oyat), deydi. Imom Buxoriy va
Muslim Abu Hurayradan
(roziyallohu anhu) rivoyat
qilishgan hadisda bunday
deyiladi: «Qasam molni bozorgir
qilsa-da, barakasini ketkazadi».
4. Xayr-ehsonni ko'paytirish.
Savdogar savdosi asnosida voqe'
bo'lib turadigan kamchiliklariga
kafforat bo'lib turishi uchun
sadaqa, xayr-ehsonni ko'proq
qilib turishi mustahabdir.
5. Qarzni yozib qo'yish va unga
shohid qilish. Kelishuv va
kechiktirilgan qarzning miqdorini
yozib qo'yish mustahabdir.
Bu odoblar musulmon kishi
bilishi lozim bo'lgan
narsalardandir. Zero, hazrat Umar
(roziyallohu anhu): «Bizning
bozorlarimizda dinda faqih
bo'lgan (xususan, tijoratning
shar'iy ahkomlarini bilgan)largina
savdo qilsin», deganlar.
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев