Qahraton ortimizdan quvlaydi,
Devonamiz, dallimiz,
Bizni hech kim suymaydi.
Qop-qora tun bag'riga,
Qo'rquv ila yastandik.
Yomonlikning qahriga qoldik…
Yomon aldandik.
Axir… Ul yon go'shanga,
Bo'sh qoldi-ku, muzlaydi!
Xayolimda ming bir o'y,
Kelin sho'rlik yig'laydi.
Oh, yolg'izim, kuyinma,
Ovunchog'im, ovungil.
Sevging hali qalbimda,
Sevging haqqi sevingil.
Qanot qoqdik, qayrildik,
Yo'l bermadi to'zg'inlar.
Egildik-a, egildik,
El bo'lmadi ezginlar.
Nahot yupanch, ezgulik,
Shuncha olis qudratdir,
Tuyganimiz topinch-u,
Topganimiz nafratdir.
Yer-ko'k to'lug' tubanlik,
Najot qayda bizlarga.
Ovozimiz yetmadi,
Osmono'par so'zlarga.
Har qadamda ming sharpa,
Ko'z ilg'amay daf bo'lar.
Sanoq ko'rmay sonimiz,
Bir mahalla gap bo'lar.
Bir qo'shni der: «Emishki,
Kuyov qurg'ur qaysarmish.
Qaynona birni aytsa,
Kelin o'nni aytarmish.
Eh, otasi sho'rlik-chi,
Qoldi rosa uyatga.
To'y qilmagandir, axir,
Bechora shu niyatda…»
Mayli, sira kuyinma,
Ovunchog'im, ovungil.
Sevging hanuz qalbimda,
Sevging haqqi sevingil.
O'gay ota — ostona,
Astoydil yuz buradi.
Hatto o'gay kampir ham,
Yer ostidan qaradi.
Yo'qol, dedi, biz senga,
Ortiq umid bermaymiz.
Bor, yaxshisi, hech ko'zga ko'rinmagin, ko'rmaymiz!…
Eh, ko'nglimiz hadikka,
To'lib-toshar shu onlar
Netay, shuncha kuydirgich bo'lsa pandu armonlar…
Mayli, sira kuyinma,
Ovunchog'im, ovungil.
Sevging hanuz qalbimda,
Sevging haqqi sevingil.
Lek o'shanda nechundir,
Ko'rolmadim onamni.
Berkindimi yo u ham,
Eshitmay deb nolamni.
Yo'q, yanglishdim, balki u,
Battol erdan qo'rqqandir.
Balki… Meni shunchaki bir havasga tuqqandir…
Axir, bizlar to hanuz,
Ne kunlarni ko'rganmiz.
Qahratonli tunlarga,
Tik turib yon berganmiz.
Kelin-kuyov libosin,
Mayli, baxtga yo'ymadik.
Lekin sevdim deyishdan,
Tilimizni tiymadik.
Yig'lamadik g'am chekib,
Yig'lasa ham yangalar.
Kerakmasdi bizlarga,
Oltin sochqi, tangalar.
Mayli, ne naf, kuyinma,
Ovunchog'im, ovungil.
Sevging hanuz qalbimda,
Sevging haqqi sevingil.
* * *
Ming shukr, u zulmatlar,
Bu kun juda yiroqdir.
G'animlarning hasrati,
Bizdan ko'ra ko'proqdir…
Onam-chi, onam?..
Yo'q-o'q… Qo'ying-e,
U ko'ngilga sig'maydi.
Endi onam baribir,
To'ng'ich o'g'il tug'maydi.
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев