“Bolaligimda qishloqqa, buvimnikiga borishni juda yaxshi ko`rardim. Ta`tilga chiqishim bilan tugunlarimni tugib, qishloqqa jo`nardim. Buvim menga qiziq-qiziq voqealarni so`zlab berardilar. Quyida bolaligimda buvimdan eshitgan bir hayotiy voqeani so`zlab bermoqchiman”, deb yozibdi sirdaryolik muxlislarimizdan bir.
Buvimning aytishicha, bu voqea ancha yillar ilgari sodir bo`lgan. Qishloqda to`rt nafar qiz farzandi bo`lgan er-xotin Qosim aka va Fotima opalar yashagan ekan. Ular o`g`il farzand ko`rishni juda orzu qilisharkan. Shunday kunlarning birida Yaratganning inoyati bilan ularning oilasida o`g`il farzand dunyoga kelibdi. Er-xotin orzularining ushalganidan juda ham mamnun bo`lib, bolaga Umid deb ism qo`yishibdi. Umidni opalari eru-ko`kkaishonmay, katta qila boshlashibdi. Bola uch yoshga to`lganda hovlida ro`zg`or yumushlari bilan band bo`lgan Fotima opani kimdir chaqirganday tuyulibdi. Fotima opa alanglab, darvoza yonida turgan yuzi ajinlardan tirishib, qaddi dol bo`lgan keksa kampirga ko`zi tushibdi.
– Yaxshimisan, qizim? Kun juda ham isib ketganidan tomoqlarim qaqrab, juda chanqadim. Iloji bo`lsa, bir piyola suv ber, – deb iltimos qilibdi kampir.
Fotima opa oshxonada turgan paqirdan bir piyola suv olib chiqib, kampirga uzatibdi. Shu payt hovlida o`ynab yurgan Umid yugurib kelib, kampirga tikilgancha, onasining etagidan tutibdi. Suv ichib chanqog`ini qondirgan kampir bir nafas Umidga tikilib, afsusnamo bosh chayqabdi:
– O`g`lingni ajali suvdan... Taqdir hukmidan qochishga qanchalik harakat qilma, u baribir suvdan o`ladi...
Kampirning gaplaridan Fotima opaning tepa sochi tikka bo`libdi. Ne-ne umidlar bilan dunyoga keltirgan o`g`lining o`limi haqida gapirgan kampir ko`ziga baloday ko`rinibdi.
– Men sizni hurmat qilib, suv bersam-u, siz esa ko`zimning oqu-qorasi bo`lgan yolg`iz o`g`lim haqida bo`lmag`ur gaplarni gapiryapsiz. Keting, bu erdan, yomon kampir ekansiz! – deb Fotima opa haydaguday qilib, kampirni darvozadan chiqarib yuboribdi.
Kampir boshqa so`z qotmay, yo`lida davom etibdi. Uning so`zlari Fotima opaga qattiq ta`sir qilibdi. Xayolida “Miyasi aynigan kampir aytdi-qo`ydi-da...” desa-da, ko`ngliga g`ulg`ula tushibdi. Shu kundan boshlab, o`g`lini suvga yaqinlashtirmaslikka, harakat qilibdi. O`rtoqlari anhorga cho`milishga ketayotganini ko`rgan Umid “ular bilan birga boraman”, deb har qancha xarxasha qilsa ham onasi ruxsat bermas ekan. Opalari esa Umidning har bir qadamini poylaydigan bo`lishibdi. Hattoki yolg`iz yuz-qo`lini yuvishga ham imkon berishmabdi, chanqasa suvni onasining o`zi ichkizib qo`yarkan. Shunday qilib, oradan yillar o`tib, Umid 7 yoshga to`libdi. Onasi, opalari uni bir zumga ham nazoratsiz qoldirishmabdi.
Bahor kunlarining birida havo aynib, yomg`ir quyibdi. Onasining ro`zg`or yumushlari bilan bandligini ko`rgan Umid uning ko`zini shamg`alat qilib, ko`chaga yuguribdi. Yomg`irning savalab yog`ayotganidan zavqlanib, ko`lmak ustiga sakrabdi. Shu payt loyda oyog`i toyib ketib, yiqilibdi. Boshi toshga urilib, hushdan ketgan bola yuztuban ko`lmakka qulabdi. Ko`lmak suvidan nafasi qaytib, olamdan o`tibdi...
Bu fojiali voqeani eshitib, nahotki taqdir hukmidan qochishning, uni o`zgartirishning iloji bo`lmasa, deb xayolga toldim. Umidning o`limini bashorat qilgan kampir kim? Folbinmi yo arvohmi degan savolga esa javob topolmadim...
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Нет комментариев