1. Qaynonangiz ona bo‘lgani, yoshi ulug‘ligi, tajribasi kattaligi, sizdan donoroq, tadbirliroq bo‘lgani uchun ham uning izzat-hurmatini joyiga qo‘ying. O’zingizni aslo katta tutmang, itoatsizlik ko‘rsatmang. Chunki onaning o‘g‘lidagi haqlari bisyor. Bir kishi Abu Dardoning (r.a.) huzuriga kelib: «Onam xotinimni taloq etishimni talab etyapti», dedi. Abu Dardo unga bunday javob qildi: «Rasululloh (s.a.v.): «Ona jannatning o‘rtasidagi bir eshik. Xohlasang, o‘sha eshikni boy ber, xohlasang, saqlab qol», deb aytganlar».
2. Ro‘zg‘orning bor-yo‘g‘iga chidamli, sabrli, qanoatli bo‘lishga o‘rganing, aytganingiz bo‘lmay qolsa, janjal ko‘tarishni odat qilmang. Payg‘ambar alayhissalomning zavjai mutahharalari Oisha onamizning gaplarini eslang: «Muhammad (s.a.v.) xonadonidagilar Madinaga kelgandan to ul zot vafot qilgunlariga qadar ham loaqal uch kecha to‘yib bug‘doy noni yeyishmagan. Rasululloh xonadonidagilar bir kunda ikki mahal taom yemagandirlar. Biz bir oyda bir marta bo‘lsa ham, o‘choqqa o‘t yoqolmas edik, agar ahyonda hadya qilinadigan ozroq go‘shtni hisobga olmasak, yeyishimiz nuqul xurmo, ichishimiz suv edi».
3. Ota-onangizga gap tashib borishga, uydagi sirlarni ko‘chaga chiqarishga odat qilmang. Bu bilan qudalar o‘rtasidagi hurmat-oqibatni barbod qilasiz, turmushingizga sovuqlik tushirib, eringiz xonadoniga xiyonat qilgan bo‘lasiz. Alloh taolo Qur’oni karimda «Barcha (kishilarga dilozorlik qilib, chaqimchilik bilan ularning obro‘larini to‘kib yuradigan) bo‘htonchi-g‘iybatchiga halokat bo‘lg‘ay», deydi. Huzayfadan rivoyat qilinishicha, Rasululloh (s.a.v.): «Chaqimchi jannatga kirmaydi», deganlar.
4. Nima ish qilmoqchi bo‘lsangiz, qaynona bilan maslahatlashing, mablag‘ingizni qaynona bilan kelishib xarjlang, tejamkor bo‘ling. Chunki u ro‘zg‘orning past-balandini, oila sarfiyotini, qattiq- quruqni sizga qaraganda yaxshiroq biladi. O’zboshimchalik, itoatsizlik, pala-partishlik o‘rtadagi muhabbatni barbod qiladi.
5. Tilingizga ehtiyot bo‘ling, yolg‘on so‘zlashga o‘rganmang. Kattalarning izzat-nafsiga tegadigan botil so‘zlar bilan tilozorlik qilmang. Chunki Rasululloh (s.a.v.): «Odamlarni yuzlari bilan do‘zaxga tashlanishlariga faqat tillari sabab bo‘ladi!» deganlar. Bir marta yolg‘on gapirish bilan bir umrga ishonchdan chiqib qolishingiz mumkin.
6. Ota-onangizni sog‘inib uyingizga yoki biror ma’rakaga bormoqchi bo‘lsangiz, avval qaynonangizdan (qaynotangizdan), so‘ngra eringizdan ijozat so‘rang. Bu bilan kattalarni hurmat qilgan, ularning ko‘nglini topgan bo‘lasiz. Chunki Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom ota-onaga itoat etmoqni namozni vaqtida o‘qishdan keyingi Alloh taologa eng mahbub (sevikli) amal, deb hisoblaganlar.
7. Biror nojo‘ya ish qilib qo‘ysangiz yoki qaynonangizning biror topshirig‘ini bajarmagan bo‘lsangiz, darrov uzr so‘rashga odatlaning. Xalqimizda «Egilgan boshni qilich kesmaydi», degan naql bor. Kechirim so‘rash bilan obro‘ingiz tushib, martabangiz pasayib qolmaydi. Aksincha, yanada ardoqliroq, suyukliroq bo‘lasiz.
8. Qaynonaning xizmatidan aslo bo‘yin tovlamang. Chunki ko‘p hollarda janjal-mojarolar ana shu «qildi-qilmadi»lardan kelib chiqadi. Axir siz yoshsiz, g‘ayratingiz joyida, xizmat qilish bilan biror joyingiz kamayib qolmaydi. Bir sahoba Payg‘ambar alayhissalomdan «Ey Rasululloh, mening kasalmand onam bor, uni o‘zim ovqatlantiraman, suv ichiraman, tahorat qildirib qo‘yaman, orqamda opichlab yuraman, haqqini to‘la ado qilibmanmi?» deb so‘raganida, Rasululloh: «Yo‘q, yuzdan birini ado etibsan, xolos», degan ekanlar.
9. Qaynona ko‘z o‘ngida eringiz bilan aslo apoq-chapoq bo‘lib ko‘rinmang. O’g‘lining sizning pinjingizga kirib ketayotganini sezsa, «Bolam ikkita bo‘ldi», deb quvongan ona o‘zini kamsitilgan his etadi, bu unga og‘ir botadi. Buning «sababchisi» bo‘lgan, o‘g‘lini «og‘dirib olgan» kelinini yoqtirmay qoladi.
10. Xonadondagi qaynsingillaringiz, ovsinlaringiz bilan ahil bo‘lishga, ularning ko‘nglini topishga harakat qiling. Qaynonaga yoqishni o‘ylasangiz-u, ammo uning suyukli qizlariga, sizdan oldin kelib qadrdonlashib qolgan kelinlariga nopisand muomalada bo‘lsangiz, maqsadga erisharmikansiz? Payg‘ambar alayhissalomning
quyidagi hadislari bor: «Odam farzandi uchun namoz, murosasozlik
va xushxulqlikdan afzal ish yo‘qdir». «Qiziga joni achigan kelinini qarg‘aydi», degan maqol ham bor. Baxt va farog‘at cho‘g‘lari ustiga kul tortmay, erimnikida izzat va hurmat ko‘ray, hayotim osoyishta o‘tsin, desangiz, yuqoridagi ana shu pand-u nasihatlarni quloqqa olib, bugundanoq bajarishga kirishing. Ehtimol, sizdan ko‘ngli sovib, boshini qayoqqa urishni bilmay yurgan eringiz uchun baxt-iqbol eshiklarini yana ochib berayotgan bo‘larsiz?! Ehtimol, kelindan yolchimadim, deya xafsalasi pir bo‘layotgan qaynonangizning qalbida umid shul’alarini uchqunlantirib yuborarsiz?! Alloh taolo qaynona va kelin - ikkovingizning yulduzingizni bir-biringizga issiq ko‘rsatsin, qalbingizga mehr-muhabbat, ishonch, oqibat urug‘larini sepib, rizqlantirsin!
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Комментарии 8