AHILLIKKA NE YETSIN A!
Xo‘sh, kelin bilan ahil yashash, oilada totuvlik va farog‘at bo‘lishi uchun qaynona nimalar qilishi kerak? Bu haqda allomalarimiz, mashoyixlarimiz juda ko‘p pandu nasihatlar qilishgan. Katta hayot tajribasiga ega bo‘lgan momolarimizning aytganlari, qilganlari hozirgi qaynonalarimiz uchun bir ibrat maktabidir. Quyidagi ana shunday hayot tajribalari, yaxshi qaynona bo‘lish qoidalari yordam beradi, degan umiddamiz:
Qaynonalarga o‘n maslahat
1. Keliningizni o‘z bolangizdan ustun ko‘rib «qizim-qizim»lab mehr ko‘rsating, uy-ro‘zg‘or ishlarini erinmay o‘rgating, aybu xatolarini yashiring. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom: «Kim bu dunyoda qiynalgan bir musulmonning og‘irini yengil qilsa, Alloh uning qiyomatdagi og‘irini yengil qiladi, kimki bu dunyoda bir musulmonning aybini yashirsa, Alloh dunyo va oxiratda uning aybini yashiradi», deganlar.
2. Kelin bilan o‘g‘lingizning munosabatlari birinchi kundanoq samimiy bo‘lishiga harakat qiling. Kelinga o‘g‘ilni, o‘g‘ilga kelinni maqtang, aslo shikoyat qila ko‘rmang. Chunki Rasululloh (s.a.v.): «Sizlarning yaxshilaringiz-xushxulqli, shirin suhbatlilaringizdir», deb uqtirganlar.
3. Farzandlaringiz oldida kelinning sha’ni va obro‘sini ko‘tarishga harakat qiling, chunki oilada boshqalarning kelinga muomalasi sizga qarab bo‘ladi. Janobi Rasululloh (s.a.v.): «Kimki yoshi kichiklarimizga rahmdil bo‘lmasa va kattalarimizning qadr-qimmati va haqqini bilmasa, u odam bizning qavmdan emas», deganlar.
4. Er-xotin g‘ijillashib yoki urishib qolsa, siz kelinning tarafini oling. Chunki o‘g‘il o‘zingizniki - gapingiz botmaydi, aksincha o‘sha paytda kelinga aytgan bir og‘iz qattiq gapingiz mojaroni kuchaytiradi. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom «Odamlar bilan xushmuomala bo‘linglar, ularga qattiqqo‘llik qilib behayo so‘zlamanglar!» deb ta’lim berganlar.
5. Yosh kelin ota-onasini sog‘inib qolsa, darrov ruxsat bering, chunki yangi kelinlikda uning boshqa xonadonga ko‘nikishi, yaqinlaridan uzilib qolishi ancha qiyin kechadi. Keyinchalik o‘zidan ortib ko‘pda boravermaydi. Janobi Rasulullohdan «Kim mehribonlik qilmas ekan, mehribonlik ko‘rmagaydir!» degan hadisi sharif vorid bo‘lgan.
6. Keliningiz oldida boshqa kelinlarning husnini, kiyim va taqinchoqlarini, epchilligi va epliligini, o‘zga qudalarning sarfu xarajatlarini aslo maqtamang, chunki uni kamsitgan, ozor bergan bo‘lasiz. Faqat boshqalarning odobi, muomalasini ibrat qilib ko‘rsatish mumkin. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom: «Xotinlarning barakalirog‘i sarf-xarajatni kamroq talab qilganidir», deganlar.
7. Kelinning xizmatidan, ovqatidan, yurish-turishidan ayb topavermang. O’zingiz yangi kelin bo‘lgan davrlarni bir esga oling. Aybi bo‘lsa, malol kelmaydigan qilib o‘ziga ayting. Chunki oliy xulq sohibi janobi Rasululloh hech kimni yuziga yomonlamas, orqasidan ayblamas, aybini axtarmas edilar.
8. Agar o‘g‘lingiz xotiniga sovg‘a olib kelsa, «Nega menga yoki singlingga qo‘shib kelmading?» deb janjal chiqarishga shoshilmang. Balki puli yetmagandir yoki farosati! Keyinchalik buni o‘ziga tushuntiring. Rasuli akramning (s.a.v.) «Odamlar ichida xotin kishiga nisbatan haqlirog‘i uning eridir», degan hadislarini bir eslang.
9. Qaynotalar kelin olish xarajatlarini qilgan, shuning uchun ko‘pincha kelinning yonini olib maqtab turishadi. Bundan siz «Demak, erim uni yaxshi ko‘rib qolibdi», degan noto‘g‘ri xulosa chiqarib janjal ko‘tarmang. Bu g‘irt bema’nilikdir. Janobi Rasulullohning «Kim birovning yoki o‘z xodimining oilasida mojaro yoki nizo chiqishiga sababchi bo‘lsa, u Islom ahlidan emas», degan hadislarini darrov yodga oling.
10. Hech qachon kelinim yomon chiqib qoldi, o‘g‘limni qayta uylantiraman, deb o‘ylamaslik kerak. «Yaxshi so‘z bilan ilon inidan chiqadi, yomon so‘z bilan qilich qinidan chiqadi». Qolaversa, yana to‘y qilish uchun qancha harakat va xarajat kerak bo‘ladi. Axir oliy xulq sohibi janobi Payg‘ambarimiz birovni aslo ranjitmasdilar, insonlarning xushxulqligi edilar.
Ha, muhtaram onajon va opaxon, qaynonalikning ishi og‘ir, yumushi mushkul! O’zga bir xonadonda, begona bir muhitda o‘sgan qizni o‘z oilangiz a’zosi, o‘z bolangizga aylanishi uchun, o‘g‘lingiz bilan baxtli, saodatli hayot kechirishi uchun sizdan ancha-muncha bag‘rikenglik, kechirimlilik, mehr-muhabbat talab qilinadi. Zero, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom: «Sizlar musulmoni komil bo‘lmaguningizcha jannatga kira olmaysizlar. Musulmoni komil bo‘lish uchun esa bir-biringizga muhabbat qo‘ymog‘ingiz shart», deganlar.
Jannat - har bir mo‘minning eng ulug‘ orzusi. Siz jannatga kirishni xohlaysizmi? Unda Rasulullohning o‘gitlariga amal qiling, o‘g‘lingizning et-tirnog‘iga, oilangizning a’zosiga aylangan keliningizga ham muhabbat qo‘ying, xato-nuqsonlarini kechiring, bilmaganlarini o‘rgatib yo‘lingizga soling, uning obro‘sini asrang. Ana shunda siz komil musulmon bo‘lasiz, oilangizga tinchlik, totuvlik, fayzu baraka, farog‘at oshyon quradi.
Присоединяйтесь к ОК, чтобы подписаться на группу и комментировать публикации.
Комментарии 4